Kontent qismiga oʻtish

Al-Mufavvid

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Al-Mufavvid

Xumaravayh davrida Tuluniylarning Misr viloyatida zarb qilingan oltin dinor, unda xalifa al-Mu’tamidning va uning vorisi al-Mufavvidning ismlari yozilgan.
Abbosiylar xalifaligining taxt vorisi
Egalik qilishi 875 – 892-yil 30-aprel
qarindoshlari Muntasir (amaki)
Muʼtazz (amaki)
Al-Muvaffaq (amaki)
Muʼtazid (jiyani)
Toʻliq nomi
Jaʼfar ibn Ahmad al-Muʼtamid al-Mufavvid illalloh
Sulola Abbosiylar sulolasi
Otasi Muʼtamid
Onasi Xallafa
Dini sunniylik, islom

Jaʼfar ibn Ahmad al-Mu’tamid (arabcha: جعفر بن أحمد المعتمد‎), asosan, al-Mufavvid illalloh (arabcha: المفوض إلى الله‎) nomi bilan mashhur boʻlgan, Abbosiylar xalifasi al-Mu’tamidning oʻgʻli va 875-yildan 891-yilda amakivachchasi al-Mu’tazid tomonidan chetlashtirilguniga qadar xalifalikning rasmiy taxt vorisi boʻlgan.

Jaʼfar ibn al-Mu’tamidning nomi ilk bor 872-yilda tarixchi at-Tabariy tomonidan keltirilgan maʼlumotlarda tilga olingan[1]. 875-yil 20-iyul kuni xalifa al-Mu’tamid davlat boshqaruvi va taxt vorisligi masalasini rasmiy tartibga soldi. Jaʼfar sharafli „al-Mufavvid illalloh“ (yaʼni, „ishlarni Allohga topshiruvchi“) laqabi bilan taxt vorisi etib tayinlandi va unga xalifalikning gʻarbiy qismi – Ifriqiya, Misr, Shom, Jazira va Mosul, Armaniston, Mihrajanqadhaq va Hulvon viloyatlari bosharuvi topshirldi. Jaʼfar ushbu viloyatlarni nomigagina boshqarar, uning noibi sifatida Muso ibn Bug'a al-Kabir tayinlangan edi[1]. Al-Mu’tamidning ukasi Abu Ahmad (al-Muvaffaq) esa sharqiy viloyatlarga mas’ul boʻlib, Jaʼfardan keyin ikkinchi taxt vorisi etib belgilandi. Biroq agar xalifa hali oʻgʻli al-Mufavvid voyaga yetmagan paytda vafot etsa, hokimiyat xalifaning ukasi al-Muvaffaqqa oʻtishi kerak edi. Shunga qaramay, hokimiyat amalda butunlay al-Muvaffaq qoʻlida boʻlgan. Hokimiyatning boʻlinishi esa, asosan, qogʻozdagi rasmiyatchilik edi. Tarixchi Hugh N. Kennedyning taʼkidlashicha, amalda „al-Mufavvid hokimiyatni boshqarmagan“[2].

876-yil mart oyida al-Mu’tamid Safforiylar lashkariga qarshi yurish qilib, Dayr al-Aqul jangida qatnashish maqsadida Samarrani tark etib, janub tomon yoʻl oldi. Poytaxt nazorati esa al-Mufavvid (Jaʼfar)ga topshirildi, Muhammad al-Muvallad esa unga yordam berishi kerak edi[1]. 882/883-yillarda al-Muvaffaq va Misrning kuchli va muxtor hokimi Ibn Tulun oʻrtasida qarama-qarshilik kuchayib, ochiq toʻqnashuv yuzaga keldi. Bu vaziyatda al-Mufavvad Ibn Tulunni ochiqdan-ochiq laʼnatlash va uni lavozimlaridan mahrum qilishga majbur boʻldi. Uning oʻrniga Mosul hokimi etib Isʼhoq ibn Kundoj tayinlandi[2]. Biroq amalda Ibn Tulun Abbosiylarning hujumlariga qarshi muvaffaqiyatli qarshilik koʻrsatib, Misrda oʻz hokimiyatini saqlab qoldi. Undan keyin oʻgʻli Humaravayh ham Misrni boshqargan[3].

891-yil aprel oyida al-Muvaffaq ogʻir kasal boʻlib yotgan paytda regentlik (yaʼni hokimiyatni boshqarish) uning oʻgʻli Abulabbosga oʻtishining oldini olishga urinishdi. Al-Muvaffaq nomaʼlum sabablarga koʻra oʻz oʻgʻlini qamoqqa tashlagan edi. Bag‘dod hokimi esa uning ozod qilinmasligi uchun harakat qildi va al-Muvaffaqning oʻlimi yaqinlashib qolganini bilib, bu vaziyatdan foydalanib qolishga urindi. Hokimiyatni boshqarishda oʻz taʼsirini kuchaytirish maqsadida xalifa va taxt vorisi etib tayinlangan al-Mufavvidni shaharga olib keldi. Ammo bu urinish muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. Aholi va, ayniqsa, lashkarlar Abulabbosni qoʻllab-quvvatladi. Askarlar uni ozod qildilar, gʻazablangan olomon hokimning uyini talon-taroj qildi. 4-iyun kuni, al-Muvaffaqning vafotidan ikki kun oʻtib, sadoqat qasamyodi yangilandi va Abulabbosga „al-Mu’tadid billoh“ unvoni berildi hamda al-Muvaffiddan keyingi ikkinchi valiahd deb eʼlon qilindi[4]. Nihoyat, 892-yil 30-aprelda al-Muvaffid taxt vorisligidan butunlay chetlashtirildi[4]. Oktyabr oyida al-Mu’tamid vafot etgach, uning oʻrniga al-Mu’tadid keldi[2].