Al-Hofiz
Bu maqola ayni damda Oblakulova (munozara) 06:16, 2025-yil 17-sentyabr (UTC) tomonidan faol tahrirlanyapti. Iltimos, mazkur ogohlantirish xabari sahifadan olib tashlanmagunga qadar sahifaga oʻzgartirishlar kiritmay turing. Aks holda, tahrirlar toʻqnashuvi yuz berishi mumkin. Bu sahifa oxirgi marta 06:30, 17-sentyabr 2025 (UTC) (49 kun avval) da tahrir qilingan. |
| Al-Hofiz li-dinalloh الحافظ لدين الله | |
|---|---|
|
Al-Hofizning oltin dinori, 1149-yilda Iskandariyada zarb qilingan. | |
| Fotimiylar xalifaligining imom-xalifasi | |
| Saltanat | 1132-yil 23-yanvar – 1149-yil 10-oktyabr |
| Oʻtmishdoshi | Al-Amir bi-ahkamillah |
| Davomchisi | az-Zafir |
| Tugʻilishi |
1074/5 yoki 1075/6 Ashkelon |
| Vafoti |
1149-yil 10-oktyabr Qohira |
| Farzandlari |
|
| sulolasi | Fotimiylar |
| Otasi | Abulqosim Muhammad ibn al-Mustansir billoh |
| Dini | Ismoiliylar |
| Islom dinining bir boʻlimi Ismoiliylar |
|---|
|
|
Abu al-Maymun Abdulmajid ibn Muhammad ibn al-Mustansir, shohlik nomi al-Hafiz li-dinallah (arabcha: الحافظ لدين الله) 1132-yildan 1149-yilda vafotiga qadar Misrda hukmronlik qilgan oʻn birinchi Fotimiy xalifasi va ismoilliylarning 21-imomi.
Al-Hofiz hokimiyat tepasiga birinchi marta 1130-yil oktyabrda amakivachchasi al-Amir bi-ahkamillahning vafotidan soʻng regent sifatida keldi. Al-Amirdan voris sifatida chaqaloq oʻgʻli Abu al-Qosim at-Toyyibni qolgan edi, shu sababli sulolaning eng yoshi katta tirik aʼzosi boʻlgan al-Hofiz regentga aylandi. At-Toyyibning esa yangi tuzum tomonidan chetlashtirilgani va ehtimol oʻldirilgani aytiladi. Biroq bu tuzumning oʻzi ham oradan bir necha kun oʻtib, Kutayfat boshchiligidagi qoʻshin tomonidan agʻdarildi. Kutayfat al-Hofizni qamoqqa oldi va Fotimiylarni taxtdan tushirib, Ismoilizmni bekor qildi, uning oʻrniga shaxsiy tuzum oʻrnatishga, ehtimol, oʻzini shialik mazhabi Oʻn ikki imomdagi „Mahfiy Imom“ning qudratli noibi sifatida koʻrsatishga intildi. Ammo ushbu tuzum 1131-yil dekabrda Fotimiylarga sodiq kishilar tomonidan Kutayfatning oʻldirilishi orqali bekor qilindi va al-Hofiz ozod qilinib, regentlikka qaytarildi.
1132-yil 23-yanvarda al-Hofiz oʻzini qonuniy ismoiliylar imomi va xalifa deb eʼlon qildi. Boshqa voris yoʻqligi sababli kimningdir bunday tarzda taxtga oʻtirish tartibi odatdagidan ancha gʻayrioddiy edi, chunki ismoiliy imomati ilgari faqat otadan oʻgʻilga, imom tomonidan hukmdorning shaxsan tayinlanishi (nass) orqali oʻtib kelgan edi. Al-Hofizning tayinlanishi, asosan, Fotimiylar hukmronligi ostidagi hududlarda tan olindi, biroq xorijdagi koʻplab ismoiliylar izdoshlari uni rad etib, gʻoyib boʻlgan at-Toyyibni oʻz imomlari deb hisobladilar. Bu esa Ismoilizmning Mustaʼliy boʻlimida Hofiziylar va Toyyibiylar sifatida boʻlinishga olib keldi. Misrning oʻzida ham uning qonuniyligi qayta-qayta shubha ostiga olinib, hukmronligi davomida doimiy qoʻzgʻolonlar va hokimiyat uchun kurashlar yuz berdi. Oʻzining qonuniyligini mustahkamlash uchun al-Hofiz yirik Alaviylar sulolasi aʼzolariga bagʻishlangan ziyoratgohlarni qurish va qayta tiklash ishlarida, ayniqsa, faol boʻldi. Tashqi siyosat maydonida esa uning hukmronligi nisbatan tinch kechdi. Asqalon atrofida Quddus qirolligi bilan urushlar davom etgan boʻlsa-da, ikki tomon ham, asosan, boshqa masalalar bilan band edi. Fotimiylar saroyi Suriya Burid amirlari bilan ham, shuningdek, Sitsiliya qiroli Roger II bilan ham aloqalarni saqlab qoldi. Shu davrda Roger II sobiq Fotimiylar mulklari boʻlgan Ifriqiyaga qadar hududlarini kengaytirishni boshladi va oʻz boshqaruvi davomida Fotimiylar saroyida qoʻllaniladigan koʻplab tajriba usullarini qoʻlladi.
Hokim sifatida al-Hofiz haddan tashqari qudratli boʻlib ketgan vazirlarini jilovlashga urindi, ammo buning samarasi turlicha boʻldi. U qayta-qayta turli harbiy guruhlarning talablariga boʻysunishga majbur boʻldi va oxir-oqibat vazirlikning xalifadan mustaqil, amalda sultonlik darajasiga koʻtarilishiga toʻsqinlik qila olmadi. Shunday qilib, 1134-yilda al-Hofizning oʻgʻli Hasan oʻzini vazir etib tayinlashga otasini majbur qildi va shu tariqa xalifaning boshqa bir oʻgʻlini lavozimidan chetlashtirdi. Hasanning hukmronligi zolimona kechdi va 1135-yil mart oyida u qoʻshin tomonidan hokimiyatdan agʻdarildi. Shundan soʻng arman nasroniyi Bahrom al-Armaniyning vazir etib tayinlanishi uning nasroniyparast siyosati tufayli musulmon aholi orasida keskin norozilikka sabab boʻldi. Bu esa navbatdagi qoʻzgʻolonga va 1137-yilda sunniy Ridvon ibn Valaxshiyni vazirlikka tayinlashga olib keldi. Ridvon nafaqat nasroniylarga va yahudiylarga qarshi choralar joriy qildi, balki al-Hofizni taxtdan agʻdarib, Fotimiylar sulolasining oʻrniga oʻz rahbarligida sunniy tuzum oʻrnatishga intildi. Biroq Qohira aholisi koʻmagida al-Hofiz uning rejalarini barbod qildi va 1139-yilda Ridvonni lavozimidan chetlatdi. Keyingi 10 yil davomida xalifa vazirsiz hukmronlik qildi, davlat ishlarini esa ketma-ket maxfiy kotiblarga topshirdi, ular orasida Ibn Masal bosh vazir sifatida yetakchi oʻrin egalladi. Bu davr qoʻzgʻolonlar va tabiiy ofatlar bilan toʻlib-toshgan boʻlsa-da, al-Hofiz 1149-yil oktyabr oyida vafotiga qadar hukmronlikni davom ettirdi. Uning vorislari esa 1171-yilda Fotimiylat xalifaligi nihoyasiga yetguniga qadar qudratli vazirlar qoʻlidagi qoʻgʻirchoqqa aylanib qoldilar.
Kelib-chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Boʻlajak xalifa al-Hofiz hijriy 467 (milodiy 1074/5) yoki 468-yilda (1075/6) Asqalon shahrida tugʻilgan. Tugʻilganida unga Abdulmajid deb ism qoʻyilgan[2]. Uning otasi Abulqosim Muhammad oʻsha paytda hukmronlik qilayotgan Fotimiy xalifasi al-Mustansirning (h. 1036–1094) oʻgʻli edi[2]. Keyinchalik u Abulmaymun nomi (kunya) bilan ham tanilgan[3]. Siyosat maydoniga chiqishidan oldingi yoshlik davrlari deyarli nomaʼlum[3]. Voyaga yetganida u kuchli aql sohibi, yumshoq tabiatli, turli narsalar toʻplashga moyil boʻlgan deya tavsiflanadi. Shuningdek, u alkimyo va astronomiyaga qattiq qiziqqan boʻlib, uning xizmatida bir necha astronomlar boʻlgani maʼlum[2].
Regentlik va qamoqqa olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1130-yil 7-oktyabrda xalifa Al-Amir bi-ahkamillah (h. 1101–1130) suiqasd natijasida oʻldirildi. Uning voris atigi 6 oylik oʻgʻli Abu al-Qosim at-Toyyib edi. Xalifa oʻziga na vasiy (regent), na vazir tayinlab ketgan edi, chunki al-Amir hukumat ishlarini shaxsan oʻzi boshqarishni boshlagan edi va davlat boshqaruvini xavfli darajada qudratli boʻlib ketishi mumkin boʻlgan vazirga topshirmagan edi[4]. Al-Amirning oʻldirilishi xalifaning hokimiyatni haddan tashqari kuchayib ketgan sarkardalar va vazirlar qoʻlidan qaytarib olishga boʻlgan urinishlariga muddatidan oldin nuqta qoʻydi. Taxt vorisligining zaifligi esa Fotimiylar sulolasining butun mavjudligiga xavf solib qoʻydi[5].
Bu paytda Abdulmajid sulolaning eng katta tirik erkak aʼzosi edi[2]. Keyingi voqealar amalda davlat toʻntarishi boʻlganini koʻrsatadi, al-Amirning ikki yaqin kishisi yaʼni lashkarga taʼsiri kuchli boʻlgan Hizor al-Mulk Hazarmard (yoki Javarmard) va Bargʻash Abdulmajid ittifoq tuzib, hokimiyatni nazoratga olishdi. Rejaga koʻra, Abdulmajid vasiy (regent) boʻlishi, Hazarmard (Bargʻash ustidan gʻalaba qozonib) vazir lavozimini egallashi, armaniy Abu al-Fath Yanis esa qoʻshin bosh qoʻmondoni va regentning xona boshqaruvchisi boʻlishi kerak edi[3]. Hazarmard, ehtimol, oʻzini qudratli arman vaziri Badr al-Jamoliy va uning oʻgʻli al-Afdal Shahanshoh singari yarim sulton daraqjasini egallashiga umid qilgan, Abdulmajid esa uning taxtni oʻziga olib berishini niyat qilib unga koʻmaklashgan[a].
Davlatning de-fakto rahbari sifatida Abdulmajid valiahd al-muslimin unvonidan foydalangan. Avval bu unvon Fotimiylar tomonidan tayinlangan vorisning rasmiy unvoni boʻlgan, ammo bu yerda u regent maʼnosida tushunilishi kerak[9]. Biroq bu regentlik qaysi shaxs nomidan amalga oshirilgani nomaʼlum[b], hatto al-Amirning chaqaloq oʻgʻli boʻlgani ham oʻsha vaqtda yashirilganini aytiladi. At-Toyyibning nomi shundan soʻng tarixiy manbalardan butunlay gʻoyib boʻlgan. Dunyoga kelishi katta tantana va eʼlonlar bilan qarshi olingan bolaning mavjudligi qanday qilib bunday samarali tarzda yashirilgani nomaʼlum[c]. Zamonaviy tadqiqotchilar at-Toyyib ehtimol goʻdakligida, balki otasidan ham oldin vafot etgan boʻlishi mumkin, deb taxmin qiladi, ammo bir zamondosh anonim Suriya manbasida u Abdulmajidning buyrugʻi bilan oʻldirilgani aytilgan[15]. Yangi tuzumning taʼkidlashicha, al-Amirdan voris sifatida at-Toyyib emas, balki homilador joriya qolgan boʻlib, xalifa oʻzining yaqinlashib kelayotgan oʻlimini tushida koʻrgach, hali tugʻilmagan bolani oʻzining oʻgʻli va vorisi deya eʼlon qilgan[izoh 1]. Shu yoʻl bilan yangi tuzum amalda at-Toyyibni chetlab oʻtgan[5]. Ammo bu homiladorlikning taqdiri qanday kechgani nomaʼlumligicha qolmoqda, ayrim manbalar joriya qiz tugʻgan, boshqalari homila topilmagan, yana boshqalari esa al-Hofiz chaqaloqni tugʻilganidan koʻp oʻtmay oʻldirgan deya maʼlumot beradi[17].

Yangi tuzum rahbarlari qanday niyatda boʻlmasin, ular al-Amirning oʻlimidan 2 hafta oʻtmay barham topdi. Yangi vazirni tayinlash marosimida xalifalik saroylari orasidagi Bayn al-Qasrayn maydonida toʻplangan qoʻshin qoʻzgʻolon koʻtardi va al-Afdal Shahanshohning yagona tirik qolgan oʻgʻli Kutayfatning vazir etib tayinlanishini talab qildi. Saroyga bostirib kirildi, Hazarmard qatl qilindi va uning kesilgan boshi Qohira koʻchalarida aylantirib olib yurildi. 21-oktyabrda esa Kutayfat vazir etib tayinlandi[9]. Rasmiy jihatdan Abdulmajid regentlik lavozimini saqlab qoldi, tangalar hamda farmonlar birgalikda uning hamda Kutayfatning nomidan chiqarildi. Aslida esa Abdulmajid saroy xazinalaridan birida hibsda saqlanib, harbiy qoʻmondon (keyinchalik vazir boʻlgan) Ridvon ibn Valaxshiy tomonidan qoʻriqlandi[9]. Biroq koʻp oʻtmay, ehtimol kutilgan erkak voris tugʻilmagach, Kutayfat sulolaning hokimiyatdan chetlatilganini eʼlon qildi va davlat dini boʻlgan Ismoilizmni bekor qildi. U oʻzini „Kutilgan zot“ (al-Muntazar) va „Toʻgʻri yoʻlga boshlovchi“ (al-Mahdiy) imomning noibi[d] deb eʼlon qildi. Bu imomning kimligi noaniq boʻlib, unga birgina Abulqosim kunyasi berildi, biroq uning ismi nomaʼlumligicha qoldi. Buning sababi u oʻzini toʻgʻridan-toʻgʻri hukmdor emas, balki diniy jihatdan yuqori maqomdagi imom nomidan hukmronlik qilish orqali oʻz hokimiyatining qonuniyligini isbotlashga uringan. Tarixchi Heinz Halmning taʼkidlashicha, bunday daʼvo Kutayfatning oʻz farmonlarida ochiq-oydin qayd etilmagan. Aslida Kutayfatning daʼvosi qulay siyosiy vosita boʻlib, u nafaqat fotimiylarning imomatga boʻlgan daʼvolarini chetlab oʻtdi, balki tarixchi Samuel Miklos Stern taʼbiri bilan aytganda, „na nazariy, na amalda hech kim oldida javobgar boʻlmagan diktator sifatida“ hukmronlik qilish imkonini berdi[15]. Halmning fikricha, aynan shu davrda Kutayfat at-Toyyibni yoʻq qilgan[9].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Daftary 2007, ss. 250–251, 508.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 Walker 2017.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 Magued 1971.
- ↑ Daftary 2007.
- ↑ 5,0 5,1 Brett 2017.
- ↑ Canard 1965, ss. 857–858.
- ↑ Daftary 2007, ss. 194–195, 211, 241.
- ↑ Brett 2017, ss. 207–208, 228ff..
- ↑ 9,0 9,1 9,2 9,3 Halm 2014.
- ↑ Stern 1951, s. 203 (note 1).
- ↑ Stern 1951, s. 196.
- ↑ Daftary 2007, s. 246.
- ↑ Halm 2014, ss. 177–178.
- ↑ Stern 1951, ss. 196–198.
- ↑ 15,0 15,1 Stern 1951.
- ↑ Walker 1995, ss. 240–242.
- ↑ Güner 1997.
- ↑ Madelung 1971, s. 1163.
- ↑ Daftary 2007, ss. 36–38.
- ↑ Madelung 1971, ss. 1163–1164.
- ↑ Daftary 2007, ss. 1, 39–86.
- ↑ Madelung 1971, ss. 1166–1167.
- ↑ Daftary 2007, ss. 38, 88–89.
- ↑ Daftary 2007, ss. 89–98, 99–100, 507ff..
Manba xatosi: <ref> tags exist for a group named "lower-alpha", but no corresponding <references group="lower-alpha"/> tag was found
Manba xatosi: <ref> tags exist for a group named "izoh", but no corresponding <references group="izoh"/> tag was found