Kontent qismiga oʻtish

Al-Hasan ibn Qahtaba

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Al-Hasan ibn Qahtaba ibn Shabib at-Toiy (arabcha: الحَسَن بن قَحْطَبَة بن شبيب الطائي‎) Abbosiylar xalifaligining ilk davrlarida yuqori darajali harbiy lavozimini egallagan.

Al-Hasan Umaviylar xalifaligini hokimiyatdan qulatgan Abbosiylar inqilobi rahbari Abu Muslim bilan birga harakat qilgan Qahtaba ibn Shabib at-Toiyning oʻgʻli boʻlgan. Hasan akasi Humayd bilan birga inqilobdan oldingi yillarda Xurosondagi Abbosiylar targʻibotida faol bo‘lib, naqib o‘rinbosari lavozimida ishlagan[1]. Inqilob davrida otasi bilan birgalikda Abbosiylar qo‘shinlarini Xurosondan Iroqqa boshlab kirgan yurishda asosiy qo‘mondonlardan biri bo‘lgan. Nasr ibn Sayyorni ta’qib qilishda va Nihavand jangidagi g‘alabada ishtirok etgan. Garchi otasi umaviylar noibi Yazid ibn Umar al-Fazariyga qarshi jangda halok bo‘lgan bo‘lsa-da, Hasan Xuroson qo‘shinini Kufaga boshlab kirgan[2][3].

Inqilobdan so‘ng, Hasan boʻlajak xalifa al-Mansur (h. 754–775) Arminiyadagi noibi vazifasini bajarib, hududni tinchlantirishga hissa qo‘shdi. Shuningdek, 754-yilda Suriyada Abdulloh ibn Ali boshchiligidagi isyonga qarshi Mansur tomonida turib, xalifaga sodiqligini namoyon etdi[1][3]. Shundan so‘ng, ba’zan Vizantiya imperiyasi chegarasi noibligiga tayinlanib, hududda 766, 779 hamda 780-yillarda Kichik Osiyoga qarshi yozgi harbiy yurishlarni boshqardi[1][4]. Hasan, ehtimol, Vizantiya manbalarida Muchesias (Μουχεσίας) nomi bilan tilga olingan boʻlishi mumkin. Ayni shu manbalarga koʻra, xalifa al-Mahdiy (h. 775–785) buyrugʻi bilan Muchesias Suriyadagi nasroniylarni taʼqib qilish va ularni majburan boshqa dinga oʻtkazish bilan shugʻullangan[4].

Abbosiylar tuzumining Xurosondagi yuqori tabaqasi bo‘lmish abna ad-davlaning nufuzli a’zosi[1] va yangi qurilgan poytaxt Bag‘dodning bir qismini in’om sifatida olgan hamda boshqa ko‘plab Abbosiy qo‘mondonlari singari juda boy bo‘lishiga qaramay, Hasan saroyda deyarli hech qanday siyosiy obroʻga ega bo‘lmagan[3]. Al-Hasan 797-yilda 84 yoshida vafot etgan[1][3].

Al-Hasanning oʻgʻillari Muhammad, Ali va Said ham turli viloyatlarda noiblik lavozimlarida ishlagan. Toʻrtinchi fitna davrida ularning barchasi al-Maʼmunga qarshi al-Amin tomonida turishgan[1][5]. Ko‘plab eski Abbosiy oilalari kabi ular ham fuqarolar urushida al-Ma’mun g‘alaba qozongandan so‘ng, boyliklarini saqlab qolgan bo‘lsalar-da, hokimiyatlarini yo‘qotdilar[5].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Crone (1980), p. 188
  2. Zarrinkub (1975), pp. 54–55
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Kennedy (1986), p. 79
  4. 4,0 4,1 Lilie et al. (2000), p. 120
  5. 5,0 5,1 Kennedy (1986), p. 80