Kontent qismiga oʻtish

Al-Fazl ibn ar-Rabiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Al-Fazl ibn ar-Rabiy (arabcha: الفضل بن الربيع, taxminan 757/758—823/824-yillar) Abbosiylar xalifaligi tarixida muhim shaxs boʻlgan. U xalifa Horun ar-Rashid (786—809-yillar hukmronlik qilgan) va uning oʻgʻli al-Amin (809—813-yillar hukmronlik qilgan) davrida eng nufuzli amaldorlar qatoriga kirgan. Al-Fazl ar-Rashid davrida „hojib“ yaʼni saroy boshqaruvchisi va vazir lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Horun ar-Rashid vafoti xalifalikga vorislik masalasida jiddiy siyosiy inqirozga sabab boʻldi. Al-Fazl ibn ar-Rabiy aynan shu vorislik mojarosining asosiy tashkilotchilaridan biri sifatida tarixda qayd etilgan. U Horun ar-Rashidning kichik oʻgʻli al-Amin tarafini olib, katta oʻgʻil al-Maʼmun (keyinchalik 813—833-yillarda xalifa boʻlgan)ga qarshi chiqdi. Ushbu qarama-qarshilik 809—813-yillar oraligʻida qonli fuqarolar urushiga aylanishiga olib keldi.

Al-Maʼmun gʻalaba qozongach, Al-Fazl ibn ar-Rabiy siyosiy hayotdan chekinishga majbur boʻldi va bir muddat yashirincha hayot kechirdi. Biroq keyinchalik u al-Maʼmun bilan yarashib, yana davlat ishlari bilan shugʻullanish imkoniga ega boʻldi.

Horun ar-Rashid davridagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fazl hijriy 138-yilda (milodiy 757/758) tugʻilgan va ar-Rabiy ibn Yunusning oʻgʻli edi[1]. Ar-Rabiy avvalda qul boʻlgan boʻlishiga qaramay, xalifalar al-Mansur (hukmronlik yillari 754—775) va al-Mahdiy (775—785) davrida muhim davlat lavozimi – saroy boshqaruvchisi (hojib) darajasiga koʻtarilgan edi. Ar-Rabiyning siyosiy qudrati, asosan, xalifaga tashqi shaxslarning kirishini nazorat qilishi hamda xalifaning xizmatkorlari va ozod qilingan qullari (mavlolari) ustidan norasmiy rahbarlik qilishiga asoslangan edi[2]. Fazl saroydagi otasining mavqeini amalda meros qilib oldi. Xalifa Horun ar-Rashid uni katta hurmat qilgan, bu esa Fazlning davlatdagi oʻrnini mustahkamladi. Horun ar-Rashid xalifalik taxtiga oʻtirgan zahoti, Fazlni oʻzining shaxsiy muhriga mas’ul qilib tayinladi. Milodiy 789/790-yillarda esa Fazl „Devon an-Nafaqot“ – yaʼni sarf-xarajatlar devoni (idora) rahbari lavozimiga tayinlandi. Milodiy 795/796-yillarda Fazl otasining ilgari egallagan hojib lavozimini egalladi. Tarixiy manbalarga koʻra, bu tayinlovga u mashhur shoir Ibn Jamiyni topib bergani uchun sazovor boʻlgan. Mazkur shoir ilgari xalifa al-Hodiy (hukmronlik yillari 785—786) tomonidan surgun qilingan edi[1][3]. Fazl oʻz xoʻjayini Horun ar-Rashidga gʻoyat sodiq boʻlgan va unga ishonchli vakil sifatida xizmat qilgan. Tadqiqotchi Hugh N. Kennedyning taʼrifiga koʻra: „Agar Horun kimnidir yashirincha huzuriga chaqirtirmoqchi yoki sodiqligiga shubha qilgan shaxsni sinovdan oʻtkazmoqchi boʻlsa, Fazl bu ishni ishonch bilan amalga oshira oladigan odam edi“[4]. Horun saroyidan yetib kelgan koʻplab rivoyatlar Fazlning „amaliy fikrlaydigan, sovuqqon va biroz xayolotdan yiroq“ (Kennedy) shaxs boʻlganini taʼkidlaydi. Bu uning madaniyati va zakovati bilan mashhur boʻlgan Barmaqiylar sulolasi vakillaridan keskin farq qilganini koʻrsatgan.

803-yilgacha Abbosiylar saroyi va hukumatini deyarli toʻliq nazorat qilgan Barmaqiylar toʻsatdan qudratdan mahrum boʻlganlaridan soʻng, Fazl ularga asosiy raqib sifatida maydonga chiqdi[4][5]. Barmaqiylar patriarxi Yahyo ibn Xolid bilan yaxshi shaxsiy munosabatlariga qaramay, hikoyalarda Fazl barmaqiylarning saroydagi bosh raqibi sifatida tasvirlangan[6]. Barmaqiy oilasi hokimiyatdan qulaganidan soʻng, Fazl Yahyoni vazir sifatida oʻrnini bosdi va xalifaning bosh vaziri va maslahatchisi boʻldi[7][6]. Biroq, Fazlda Horunning Yahyoga berilgan barcha vakolatlari yoʻq edi va uning vakolatlari xarajatlar ustidan nazorat qilish va xalifaga murojaatlar, xat yozish va buyruqlarni ijro etish bilan cheklangan edi, haqiqiy moliyaviy boshqaruv esa boshqa mansabdor shaxsga ishonib topshirilgan edi[7]. 808-yilda Fazl Horunni Rofi ibn Lays qoʻzgʻalonini toʻxtatish uchun Xurosonga qilgan safarida hamroh boʻldi va 809-yil mart oyida Tus shahrida vafot etganida u bilan birga edi. Fazl oʻsha yerda qolgan Horunning vorisi al-Aminga bay’at qilgan edi[8][9]. Fazlning tajribasiga muhtoj boʻlgan Amin unga xatlar joʻnatib, poytaxtga qaytishni va Horun olib ketgan xazina va qoʻshini oʻzi bilan olib kelishni talab qilgan[8][10]. Horunning ikkinchi vorisi al-Maʼmun Xurosonni boshqarish vazifasini bajargan boʻlsa-da, qoʻshinni olib chiqib ketilishini xiyonat deb hisoblagan va Fazlni bu harakatdan qaytarishga uringan lekin, uddalay olmagan[8][11].

Al-Amin davridagi faoliyati va fuqarolik urushidagi oʻrni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bagʻdodda Fazl Aminning yetakchi maslahatchisi boʻlib qoldi, ammo davlat boshqaruvidagi oʻz roli cheklangan boʻlib koʻrinardi[12]. Shunga qaramay, Abbosiy tuzumidagi yetakchi shaxs boʻlib, Aminni otasining vorislik rejalarini bekor qilishga, Maʼmunni Aminning oʻgʻli Muso foydasiga vorislikdagi oʻrnidan chetlatgan, shuningdek Xuroson hokimi boʻlgan. Bu siyosat Abbosiy ikki shahzoda oʻrtasidagi ziddiyatni kuchaytirdi, Maʼmunning vaziri al-Fazl ibn Sahl boshchiligidagi Xurosoniy zodagonlar Maʼmun tomon oqib keldilar, chunki ular Maʼmunni Bagʻdoddagi markaziy hukumatga qarshi oʻz manfaatlari himoyachisi sifatida koʻrdilar[13]. Ikki tomon oʻrtasidagi nizo 810-yil noyabr oyida Amin Maʼmunning ismini juma namozidagi xutbadan olib tashlashi bilan yakunlandi. Bu ikki aka-uka oʻrtasida ochiq fuqarolar urushi („toʻrtinchi fitna“) boshlanishiga olib keldi. Maʼmun qoʻshinlari Ray jangida xalifa qoʻshinlari ustidan kutilmagan gʻalaba qozonganidan soʻng, Bagʻdodda vaziyat jiddiylashib ketdi, bu yerda koʻplar Aminni beparvolik va xotirjamlikda va Fazlni esa samarasiz rahbarlikda ayblashdi[14]. Maʼmunning sarkardasi Tohir ibn Husayn Eron boʻylab yurib borar ekan, Fazl Bagʻdod qoʻshinlarini Suriya va Jazira arab qabilalari bilan kuchaytirishga harakat qildi. Biroq bu tashabbus muvaffaqiyatga erishmadi, chunki yangi jalb qilingan arab jangchilari bilan abnaʼ (markaziy qoʻshin) oʻrtasida tez orada kelishmovchiliklar boshlandi. Abnaʼ jangchilari ularga berilgan imtiyozlar va maoshlar tufayli yangi qoʻshinning kelishiga norozilik bildirdi.

Yuzaga kelgan ichki nizolar sababli bu harbiy reja amalga oshmay qoldi. Voqealar rivojidan Fazl al-Aminning holati tobora ogʻirlashayotganini anglab yetdi. Al-Maʼmunning qoʻshinlari Bagʻdodga yaqinlashgan bir vaqtda, Fazl siyosiy maydondan chekinishga majbur boʻlib, yashirinishga qaror qildi[12][15]. Bagʻdod 813-yil sentyabr oyida, bir yillik shafqatsiz qamaldan keyin Maʼmun qoʻshinlari qoʻliga oʻtdi va Amin oʻldirildi[16]. Maʼmun Xuroson shahrida qoldi va Bagʻdodga kelish uchun harakat qilmagan, xalifalikni boshqarishni Fazl ibn Sahl va uning Xurosoniy doʻstlariga ishonib topshirgan. Bu Iroqda katta norozilikni keltirib chiqargan va Maʼmun oʻz merosxoʻri sifatida Ali ar-Rizoni tanlaganida, Bagʻdodning eski Abbosiylar elitasi 817-yilda koʻtarildi va Maʼmuning oʻrniga Ibrohim ibn al-Mahdiyni xalifa etib tayinlagan. Biroq, Maʼmun Bagʻdodga qarshi qadam qoʻyishni boshlaganida, Ibrohimning qoʻllab-quvvatlashi puchga chiqdi[17]. Fazl Ibrohimni qoʻllab-quvvatlash uchun shu vaqt davomida yashirinishdan biroz qaytdi, ammo 819-yilda Maʼmun poytaxtiga kirganida u afv etildi. Oʻzining oxirgi yillarida Fazl hatto Abbosiylar saroyidagi uzoq tajribasi va sodiq xizmati tufayli xalifaning hurmat va eʼtiboriga sazovor boʻldi. U Bagʻdodda 823 yoki 824-yil bahorida vafot etdi[18][19].

Baholash va meros

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abbosiylarga uzoq va sodiq xizmatiga qaramay, zamonaviy tarixchilar tomonidan Fazlga salbiy baho berilgan, chunki u Maʼmunni vorislikdan chetlatish uchun qilgan hiylalari orqali fuqarolar urushida uning asosiy sababchisi sanaladi[20][21] .Shunday qilib, Dominique Sourdel uni „oʻrtacha shaxsiyat va cheklangan qobiliyatli intrigator“ deb ataydi, u Aminning zaif xarakteridan oʻz mafaati uchun foydalanishga harakat qildi[22], Kennedy esa uni fuqarolik urushi uchun javobgar „yovuz daho“ sifatida koʻradi[23].13-asrdagi fors Juvayniylar oilasi Fazlni ajdod deb daʼvo qilishgan[24].

  1. 1,0 1,1 Sourdel (1965), p. 730
  2. Kennedy (2006), pp. 31–33
  3. Kennedy (2006), p. 33
  4. 4,0 4,1 Kennedy (2006), p. 33
  5. Kennedy (2006), p. 42
  6. 6,0 6,1 Kennedy (2006), p. 79
  7. 7,0 7,1 Sourdel (1965), p. 730
  8. 8,0 8,1 8,2 Sourdel (1965), p. 730
  9. Kennedy (2006), pp. 85–87
  10. Kennedy (2006), p. 87
  11. Kennedy (2006), p. 207
  12. 12,0 12,1 Sourdel (1965), p. 731
  13. Kennedy (2006), pp. 86–89
  14. Kennedy (2006), pp. 89–96
  15. Kennedy (2006), pp. 97–99
  16. Kennedy (2006), pp. 100–110
  17. Kennedy (2006), pp. 110–111
  18. Kennedy (2006), p. 207
  19. Sourdel (1965), p. 731
  20. Sourdel (1965), p. 730
  21. Kennedy (2006), p. 99
  22. Sourdel (1965), p. 731
  23. Kennedy (2006), p. 207
  24. Biran (2009), pp. 71–74