Al-Fadl ibn Jaʼfar ibn al-Furot
Abulfath al-Fadl ibn Jaʼfar ibn al-Furot (arabcha: أبو الفتح الفضل بن جعفر بن الفرات) (938-yilda vafot etgan) Iroq byurokratiyasining Banu al-Furot oilasiga mansub boʻlib, Abbosiylar xalifaligida ikki marta vazirlik lavozimini egallagan. Shuningdek, ona tomonidagi qarindoshlari orasida Ibn Hinzaba ismi bilan ham atalgan.
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abulfath al-Fadl ibn Jaʼfar ibn al-Furot Banu al-Furot nomli amaldorlar sulolasidan boʻlib, ushbu sulola Bagʻdoddagi Abbosiylar xalifaligining moliyaviy idorasida xalifa al-Mu’tazid hukmronligi davridan (h. 892–902) boshlab yuqori lavozimlarni egallab kelgan. Bu sulola 10-asrning birinchi oʻn yilliklarida Abbosiylar maʼmuriy elitasidagi ikki asosiy guruhdan biriga aylangan edi[1]. Fadlning otasi Abulxattob Jaʼfar 908-yildan to 909/910-yilda vafot etgunga qadar Sharq va Gʻarb yerlarini boshqarish boʻlimi rahbari boʻlgan. Amakisi esa mashhur Abulhasan Ali edi. U xalifa al-Muqtadir davrida uch marta vazirlik lavozimida xizmat qilgan[1].
Fadl koʻp oʻrinlarda onasining kunyasi bilan „Ibn Hinzaba“ deb atalgan[2]. Shu sababli ham Fadl asos solgan sulola „Banu Hinzaba“ nomi bilan tanilgan[3].
Dastlabki faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Fadl otasining oʻrnini egallab, Sharq yerlarini boshqarish idorasi (devon al-mashriq) rahbari lavozimiga tayinlangan. Ushbu lavozimda 911/912 yilgacha faoliyat yuritgan[2]. Fadl Ali ibn Iso ibn al-Jarrohning birinchi vazirligi davrida oʻsha boshqarmaning rahbar oʻrinbosari etib tayinlangan[4]. Ali ibn Iso keyinchalik amakisining eng katta raqibi va raqobatdosh Banu al-Jarroh guruhining yetakchisiga aylangan[5]. 917—918-yillarda, amakisi ikkinchi marta vazir boʻlgan davrda Fadl yana boshqarma boshligʻi boʻladi[2].
Abulhasan Ali ibn al-Furot va oʻgʻli al-Muhassin 924-yilda siyosiy raqiblarini shafqatsizlarcha taʼqib qilishlari natijasida qatl etiladi[1][6]. Bu voqeadan soʻng Fadl oilasining eng nufuzli aʼzosiga aylanadi. Banu al-Furot oilasining obroʻsiga qon toʻkilishi tufayli dogʻ tushgani sababli Fadl bir necha yil yashirinib yurishga majbur boʻlgan[6]. 927-yilda Ibn al-Jarroh Fadlni yana hukumatga qaytarib, Sharq mintaqasidagi yer ishlari boʻlimi boshligʻi etib tayinlagan[2][7]. 927-yilgi qarmatlar bosqinidan soʻng, Ibn al-Jarroh obroʻsini yoʻqotgach, Fadl Ibn Muqla va an-Nayramoniy bilan bir qatorda uning oʻrnini egallash uchun asosiy nomzodlardan biriga aylanadi. Biroq, Fadl Banu al-Furot firqasiga haddan tashqari bogʻliq boʻlgani sababli, Ibn Muqla vazir etib tayinlangan[2]. Fadl Ibn Muqla vazirligi davrida ham oʻz lavozimini saqlab qolgan[2].
931-yilda amakisining ashaddiy raqiblaridan biri[8] boʻlgan bosh qoʻmondon Mu’nis al-Muzaffar qoʻllab-quvvatlashi tufayli Savad hududining yer boʻlimini boshqarish huquqini qoʻlga kiritadi. 931—932-yillarda Abulxattob Jaʼfar guruhidan bir nechta vazirni oʻz xizmatiga jalb etgan vazir al-Husayn ibn al-Qosim rahbarligi davrida yana Sharq hududlaridagi boshqaruv lavomiga qaytgan[2].
Birinchi vazirlik davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oxir-oqibat, 932-yil may oyida Fadlning oʻzi vazir etib tayinlanadi. Bu tayinlov avvalgi amaldor al-Husayn ibn al-Qosim ogʻir moliyaviy ahvolni boshqara olmagani sababli lavozimidan chetlashtirilganidan soʻng amalga oshirilgan. Fadl Ibn al-Qosim byudjetni amalda mavjud boʻlmagan daromadlar hisobiga muvozanatlashtirganini fosh qilishda hal qiluvchi rol oʻynash bilan birga uning chetlatilishini tezlashtirgan ham edi. Al-Muqtadirning kuchli taʼsirga ega amakivachchasi Horun ibn Gʻaribning qoʻllab-quvvatlashi tufayli Fadl vazirlik lavozimiga erishadi[9]. Fadl koʻplab muammolarga duch kelgani sababli vazirlik faoliyati bir necha oy davom etadi[2]. Vizantiyaning chegara hududlariga hujumlari, shuningdek, Eronda Mardavij hujumlari davom etadi. Har ikki tomondan kelgan qochoqlar koʻpincha Bagʻdodda tartibsizliklar uyushtirib, hatto vazirning shaxsiy qarorgohiga ham hujum qilishgan. Fadl esa faqatgina oʻz qayigʻida eshkak eshgancha qochib qolib, oʻlimdan zoʻrgʻa qutulib qoladi[10]. Ayni paytda, Yuqori Mesopotamiya xalifaga nisbatan dushmanlik kayfiyatida boʻlgan Muʼnis al-Muzaffar qoʻliga oʻtgan edi. Janubiy Iroqning katta qismini esa qarmatlar nazorat qilar yoki u yerga bosqinchilik yurishlari uyushtirardi. Bagʻdodda oziq-ovqat tanqisligi oqibatida yuzaga kelgan ocharchilik vabo tarqalishiga sabab boʻladi[10].
Horun ibn Gʻarib va Fadl al-Muqtadirni Mu’nis al-Muzaffar bilan yarashishga va uni Bagʻdodga qayta taklif qilishga undashadi. Bu esa Muʼnisga butunlay qarshi boʻlgan Muhammad ibn Yoqut va Raʼiqning oʻgʻillari maslahatiga zid edi. Xalifa ikki fikr oʻrtasida ikkilanib, oxir-oqibat ikkinchisini qabul qiladi[11]. Muʼnis Bagʻdodga yurish qilgach, xalifa uni toʻxtatish uchun shahardan chiqadi. Ikki oʻrtada boʻlib oʻtgan jangda al-Muqtadir halok boʻldi. Shunday qilib, Muʼnis xalifalikning soʻzsiz hukmdori va yakkahokim rahbariga aylanadi[8][12]. Al-Qohir yangi xalifa boʻlib, Ibn Muqla vazirlikka qaytariladi[13].
Ikkinchi vazirlik davri, chetlatilishi va oʻlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Faqatgina ar-Radiy xalifaligi davrida (h. 934–940) Fadl yana yuqori lavozimni egallab, Misr hamda Suriya inspektori etib tayinlandi. Ushbu lavozimda Muhammad ibn Tugʻj al-Ixshidning Misr noibi boʻlishini tasdiqlaydi[2]. 937-yilda (hijriy 325-yil) amir ul-umaro Ibn Raʼiq uni yana vazirlik lavozimiga tayinlab, oʻz qizini Fadlning oʻgʻli Jaʼfarga nikohlab beradi[2]. Fadl oʻsha yilning (hijriy 326-yil) oxirida vazifasidan isteʼfoga chiqib, Misrga koʻchib ketadi. 938-yilda vafot etib, Ramlada dafn qilinadi[2].
Oʻgʻli Jaʼfar Misr Ixshidiylar sulolasining vaziri boʻlib, 946-yildan to 969-yilda Fotimiylar Misrni zabt etgunga qadar oʻz mavqeyini saqlab qolgan[2]. Fadl, shuningdek, mashhur anʼanaviylik tarafdori hamda hadis rivoyatchisi boʻlgan[14].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 Sourdel 1971, ss. 767–768.
- ↑ 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 Sourdel 1971, s. 768.
- ↑ Donohue 2003, s. 184 (note 308).
- ↑ Bowen 1928, s. 117.
- ↑ Bonner 2010, s. 350.
- ↑ 6,0 6,1 van Berkel 2013, s. 72.
- ↑ Bowen 1928, s. 259.
- ↑ 8,0 8,1 Bowen 1993, s. 575.
- ↑ Bowen 1928, ss. 314–315.
- ↑ 10,0 10,1 Bowen 1928, s. 317.
- ↑ Bowen 1928, ss. 317–318.
- ↑ Bonner 2010, s. 351.
- ↑ Bowen 1928, ss. 321–324.
- ↑ Donohue 2003, s. 184.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- van Berkel, Maaike „The Vizier“, . Crisis and Continuity at the Abbasid Court: Formal and Informal Politics in the Caliphate of al-Muqtadir (295-320/908-32). Leiden: Brill, 2013 — 65–86-bet. ISBN 978-90-04-25271-4.
- Bonner, Michael „The waning of empire, 861–945“, . The New Cambridge History of Islam, Volume 1: The Formation of the Islamic World, Sixth to Eleventh Centuries. Cambridge: Cambridge University Press, 2010 — 305–359-bet. ISBN 978-0-521-83823-8.
- Bowen, Harold. The Life and Times of ʿAlí Ibn ʿÍsà, ‘The Good Vizier’. Cambridge: Cambridge University Press, 1928. OCLC 982525160.
- Bowen, H. (1993). "Muʾnis al-Muẓaffar". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VII: Mif–Naz (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. p. 575. doi:10.1163/1573-3912_islam_SIM_5520. ISBN 978-90-04-09419-2. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Mu%CA%BEnis+al-Mu%E1%BA%93affar&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
- Donohue, John J.. The Buwayhid Dynasty in Iraq 334 H./945 to 403 H./1012: Shaping Institutions for the Future. Leiden and Boston: Brill, 2003. ISBN 90-04-12860-3.
- Sourdel, D. (1971). "Ibn al-Furāt". in Lewis, B.. Encyclopaedia of Islam. Volume III: H–Iram (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 767–768 b. doi:10.1163/1573-3912_islam_COM_0322. OCLC 495469525. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Ibn+al-Fur%C4%81t&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.