Kontent qismiga oʻtish

Al-Azhar masjidi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Masjid
Al-Azhar masjidi

Al-Azhar masjidi (arabcha: الجامع الأزهر‎) – Misrda oddiygina al-Azhar nomi bilan tanilgan, Qohira shahrining tarixiy islomiy markazida joylashgan masjid. Milodiy 970-yilda Fotimiylar xalifaligining yangi poytaxti sifatida asos solingan, keyinchalik “Ming minora shahri” laqabini olgan shaharda barpo etilgan ilk masjid[a]. Masjid nomi, odatda, az-Zahrāʾ (soʻzma-soʻz tarjimasi — „porloq, yaltirab turgan“) so‘zidan kelib chiqqan deb hisoblaniladi, bu taxallus Islom payg'ambari Muhammadning qizi Fotimaga berilgan.

972-yilda masjid rasmiy ravishda ochilgan, 989-yilda masjid ma’muriyati tomonidan 35 nafar olim yollangach, masjid asta‑sekin bugungi ko‘rinishiga ega ilm maskaniga aylana bordi.

Masjid bilan bog‘liq Al-Azhar universiteti dunyodagi uzluksiz faoliyat yuritib kelayotgan oliy o‘quv yurtlari orasida Idrisiylar davrida Fes shahrida joylashgan Al-Qaraviyindan keyingi ikkinchi qadimiy universitet hisoblanadi. Qadimdan sunniy kalom va shariat, ya’ni islom huquqi bo‘yicha islom olamidagi yetakchi ilmiy muassasa sifatida qaralib kelgan. 1961-yilda asos solinganidan buyon masjid tarkibidagi masjid-maktab tizimiga integratsiyalashgan holda faoliyat yuritgan bu dargoh davlat tasarrufiga o‘tkazildi va 1952-yilgi Misr inqilobidan so‘ng rasmiy ravishda alohida universitet Al-Azhar ash-Sharif maqomini oldi.

O‘zining ming yildan ortiq tarixiy yo‘lida masjid ba’zi davrlarda e’tiborsiz qoldirilgan, ba’zi davrlarda esa yuksak qadrlangan. Dastlab shia ismoiliy muassasasi sifatida tashkil etilgani sababli Salohiddin Ayyubiy va uning tomonidan asos solingan sunniy Ayyubiylar sulolasi al-Azhardan yuz o‘girdi, uni jome masjid maqomidan mahrum qildi va bu yerda o‘qiyotgan talabalar hamda dars berayotgan mudarrislarga beriladigan stipendiyalarini to‘xtatdi. Bu choralar keyinchalik Mamluk sultonligi davrida bekor qilindi va ularning hukmronligi ostida masjid bir necha bor kengaytirildi va ta’mirlandi. Keyingi davrlardagi Misr hukmdorlari masjidga turlicha darajada hurmat ko‘rsatgan, ham madrasa, ham masjidning o‘ziga moliyaviy ko‘makni turlicha miqdorda ajratgan. Bugungi kunda al-Azhar Misr jamiyatida nihoyatda katta ta’sirga ega, sunniy musulmon olamida esa hurmatga sazovor diniy markaz va islomiy Misr davlati ramzi bo‘lib qolmoqda.

969-yilda Misrning Fotimiylar tomonidan zabt etilganidan so‘ng, fotimiy xalifa al-Muʼizz nomidan fotimiy lashkarboshisi Javhar as-Siqilliy tomonidan Qohira shahriga asos solingan. Avvaliga Fotimiylar xalifaligining ilgari poytaxti bo‘lgan, hozirgi Tunis hududidagi al-Mansuriyya shahri sharafiga al-Mansuriyya (المنصورية) deb atalgan. 972-yilda ilk bor ibodat uchun ochilgan masjid dastlab o'sha davr odatiga ko‘ra, Jome al-Mansuriyya (جامع المنصورية, "Mansuriyya jome masjidi") deb atalgan bo‘lishi mumkin. Aynan al-Muizz shahar nomini al-Qohira (القاهرة, “G‘olib shahar”) deb o‘zgartirgan. Shundan so‘ng masjid nomi ham Jome al-Qohira (جامع القاهرة, "Qohira jome masjidi") bo‘lgan va va bu nom arab manbalarida ilk bor qayd etilgan[1].

Masjid hozirgi al-ʾAzhar nomini al-Muizz xalifaligi davridan boshlab Misrdagi ikkinchi fotimiy xalifa al-Aziz Billoh (h. 975–996) hukmronligining oxirigacha bo‘lgan oraliqda olgan[1]. ʾAzhar so‘zi zahrāʾ so‘zining muzakkar shakli bo‘lib, “juda porloq” yoki “eng ravshan” ma’nolarini anglatadi. Zahrāʾ — bu islom payg'ambari Muhammadning qizi, xalifa Alining rafiqasi Fotimaning taxallusidir[2]. Fotima al-Muizz va fotimiylar sulolasi imomlarining ajdodi sifatida ko‘rsatilgan. Shuning uchun masjid nomi aynan uning taxallusidan olingan, degan nazariya mavjud[3][4]. Biroq bu nazariya birorta arab manbasida tasdiqlanmagan, uning ishonchliligi g‘arb olimlari tomonidan qo‘llab‑quvvatlanmagan, shuningdek, rad ham etilmagan[5].

Yana bir nazariyaga ko‘ra, masjid nomi fotimiy xalifalar tomonidan o‘z saroylariga berilgan nomlardan kelib chiqqan. Masjid yaqinidagi saroylar al-Aziz Billoh tomonidan birgalikda al-Qusur az-Zahira (القصور الزاهرة, "Porloq saroylar") deb atalgan, qirollik bog‘lariga esa zahra so‘zidan olingan boshqa bir atama berilgan. Bu saroylar masjid nomi Jome al-Qohiradan al-ʾAzharga o‘zgartirilishidan avval qurilib, shunday nomlangan edi[1][6].

Jome so‘zi arab tilidagi jamaʿa ildizidan kelib chiqqan bo‘lib, “yig‘moq”, “jamlamoq” ma’nosini anglatadi. Bu so'z so‘z yirik jome masjidlarga nisbatan qo'llaniladi.

Oldingi qismda tosh bilan qoplangan hovli koʻrinib turibdi, uning ortida esa ustunlarga tayanib turgan oʻtkir kema-kokil shaklidagi keng yoyma ravoqlarga ega devor bor. Devor ortida chapdan oʻngga qarab ikki minora, bir gumbaz va yana bir minora koʻrinadi. Uzoq orqa fonda, markazda yana bir minoraning yuqori qismi koʻrinib turibdi.
Masjidning hovlisi, u Fotimiylar davriga taalluqli. Yuqorida esa minoralar Mamluklar davriga mansub. Chapdan oʻngga: Qansuv al-Gʻuriyning ikki gumbazli minorasi, Qaytbay minorasi va Aqbugʻa minorasi (gumbaz ortida).

Fotimiylar xalifaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Al-Hofiz davrida, taxminan 1138-yilda ishlangan, namozgoh kirish qismidagi gumbaz

Misr zabt etilgach, Javhar as-Siqqiliy xalifaning saroy hovlisi va Fotimiylar qoʻshini uchun qirollik majmuasi qurilishiga boshchilik qildi hamda Ismoiliylar shia islomini yoyish markazi sifatida al-Azharni qurdirdi[7]. Zich aholiga ega sunniy shahar Fustot yaqinida joylashgan Qohira Ismoiliylar shia islom mazhabining markaziga va Fotimiylar imperiyasining poytaxtiga aylandi[8].

Javhar yangi shahar uchun jome masjid qurishni buyurdi, qurilish ishlari 970-yil 4-aprelda boshlandi[5]. Masjid ohaktoshdan, Muqattam tepaliklari konlaridan olingan toshlardan bunyod etildi[9]. Masjid qurilishi 972-yilda tugallandi va ilk juma namozi ramazon oyida 972-yil 22-iyunda oʻqildi[5].

Al-Azhar tez orada islom olamining ilm markaziga aylandi, rasmiy bayonotlar va sud majlislari shu yerda eʼlon qilinar va oʻtkazilar edi[7]. Fotimiylar hukmronligi davrida ilgari yashirin saqlanib kelgan Ismoiliy mazhabi (fiqh maktabi) taʼlimoti keng jamoatchilikka ochildi[10]. An-Nuʼmon ibn Muhammad al-Muʼizz davrida qozi etib tayinlandi va Ismoiliy aqidasini oʻqitish ishlariga boshliq etib tayinlandi[10]. Darslar xalifa saroyida ham, al-Azhar masjidida ham oʻtilar, ayollar uchun alohida majlislar ham boʻlardi[11][12]. 973-yilda Roʻza hayiti bayramida masjid xalifa tomonidan Qohiraning rasmiy jome masjidi maqomi berildi. Al-Muʼizz ham, undan keyin xalifa bo'lgan oʻgʻli ham Ramazon oyida al-Azhar masjidida kamida bir marta juma xutbasini o‘qigan[13].

Qomusiy olim, faqih va Fotimiylarning birinchi rasmiy vaziri Yaʼqub ibn Killis 988-yilda al-Azharni islom huquqi boʻyicha asosiy ta'lim markaziga aylantirdi[14]. Keyingi yili ushbu maskanda dars berish uchun 45 nafar olim jalb qilindi. Shu tariqa musulmon dunyosidagi yetakchi universitetga aylanishi uchun poydevor qo‘yildi[15].

Masjid xalifa al-Aziz Billoh hukmronligi davrida kengaytirildi. Misrlik tarixchi al-Mufaddalning yozishicha, u masjidning ayrim qismlarini taʼmirlashni buyurgan va shiftni bir tirsak balandlatgan. Keyingi Fotimiy xalifasi al-Hakim bi-Amrilloh (h. 996–1021) masjidni taʼmirlashni davom ettirib, 1010-yilda yangi yogʻoch eshik oʻrnattirgan. Biroq al-Hakim davrida al-Hakim masjidi qurib bitkazilgan va al-Azhar Qohiraning asosiy jome masjidi maqomidan ayrilgan. 1009-yil may oyida al-Hakim masjidi xalifaning xutbalari oʻqiladigan yagona maskanga aylandi. Bundan avval al-Hakim juma xutbasini qayerda oʻqishni navbatma-navbat oʻzgartirib turardi. Al-Hakim hukmronligi davridan keyin al-Azhar xalifa al-Mustansir Billoh (h. 1036–1094) tomonidan qayta taʼmirlandi. Qolgan Fotimiy xalifalari hukmronligida ham qoʻshimchalar va taʼmirlash ishlari davom ettirildi[16]. Xalifa al-Hofiz 1138-yilda yirik qayta qurish ishlarini amalga oshirdi, shuningdek, namozgohning markaziy kirish qismidagi gumbaz ham aynan uning topshirig'i bilan barpo etildi[17].

Dastlab al-Azhar masjidining kutubxonasi bo'lmagan, 1005-yilda Fotimiy xalifasi tomonidan minglab qoʻlyozmalar masjidga vaqf qilingan va shu orqali masjid kutubxonasi shakllandi[18]. Aholi orasida Ismoiliy amaliyotini qaror toptirishga qaratilgan Fotimiylar saʼy-harakatlari esa, asosan, muvaffaqiyatsizlikka uchradi[8]. Fotimiylar xalifaligining qulashi bilan yuzaga kelgan tartibsizliklar natijasida kutubxonaning koʻp qoʻlyozmalari tarqab ketdi[18] va oradan koʻp oʻtmay al-Azhar masjidi sunniy maskanga aylandi[8].

Ayyubiylar sulolasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Al-Azhar masjididagi yogʻoch mihrab, bagʻishlov yozuvi va oʻyib ishlangan yogʻoch panellar bilan, 1125-yil

Salohuddin al-Ayyubiy 1171-yilda Fotimiylar hokimiyatini agʻdarib tashlagan, Fotimiylar xalifaligi davrida al-Azharda ilgari surilgan shia taʼlim pribsiplari bilan kelisha olmadi. Shu sababli Ayyubiylar sulolasi davrida masjid qarovsiz qoldi. Jamoaviy namoz o'qish Salohuddin tomonidan qozi etib tayinlangan Sadriddin ibn Dirbass tomonidan taqiqlangan[19]. Bu farmonning sababi, ehtimol, jamoat namozlarini bir jamiyatda faqat bitta masjidda oʻqishni koʻzda tutgan shofiʼiy taʼlimoti yoki yangi sunniy hukmdorning avvalgi shia muassasasiga boʻlgan ishonchsizligi boʻlgan[18][20]. Shu vaqtda ancha kattaroq al-Hakim masjidi qurib bitkazilgan edi va Qohirada jomeʼ namozlari aynan oʻsha yerda oʻqilar edi[19].

Al-Azharni jomeʼ masjid maqomidan mahrum etishdan tashqari, Salohuddin masjidning mehrobidan Fotimiy xalifalari nomlari yozilgan kumush kamarni olib tashlashni ham buyurdi. Shu va boshqa masjidlardan yechib olingan shunga oʻxshash kumush kamarlar jami 5 000 dirhamni tashkil etgan[16]. Salohuddiin masjidning butunlay qarovsiz qolishiga ham yoʻl qoʻymagan. Tarixchi al-Mufaddalning so'zlariga koʻra, uning hukmronligi davrida masjid minoralaridan biri balandlashtirilgan[16].

Masjiddagi taʼlim markazi ham zarar koʻrgan[19]. Al-Azhar masjidi kutubxonasi e'tiborsiz qoldirildi va al-Azharda saqlangan Fotimiylar taʼlimotiga oid qoʻlyozmalar yoʻq qilindi[18][21]. Ayyubiylar sulolasi Qohira boʻylab qurilgan subsidiyalangan madrasalarda sunniy ilohiyot taʼlimini rivojlantirdi[19]. Talabalarga beriladigan mablagʻlar bekor qilindi[19], masjidda muntazam ravishda o'tiladigan darslar toʻxtatildi va Fotimiylar davrida yaxshi yashagan mudarrislar tirikchilik uchun boshqa faoliyat bilan shug'ullanishga majbur boʻldi[21].

Shunga qaramay, al-Azhar bu davr mobaynida arab filologiyasi va ilm-maʼrifat maskani boʻlib qolaverdi[19]. Rasmiy darslar bekor qilinsa-da, masjidda xususiy saboqlar davom etardi. Ma'lumotlarga ko'ra, al-Bagʻdodiy al-Azharda qonun va tibbiyot kabi bir qator fanlardan dars bergan. Aytishlaricha, Salohuddin unga 30 dinor maosh toʻlagan, bu miqdor Salohuddinning merosxoʻrlari tomonidan 100 dinorga oshirilgan[21]. Masjid Salohuddin va uning vorislari tomonidan eʼtiborsiz qoldirilgan boʻlsa-da, sunniy Ayyubiylar sulolasining siyosati al-Azhar masjidi rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi.

Mamluk sultonligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Toʻla soqolli va salla kiygan erkak gilam ustida oʻng yonboshiga yotgan, tirsagi va orqasi yostiqqa suyanib, ochiq yoyma deraza yonida. Oʻng qoʻlida pashshaxoʻr, uning oldida pol ustida qiniga solingan qilich turibdi.
Mamluk beyi
Sulton Qaytbay darvozasi, XV asr oxirida qurilgan (1867-yilgi surat)

Jamoat namozlari Mamluk sultonligi davrida 1266-yilda Sulton Baybars tomonidan al-Azhar masjidida qayta tiklandi. Salohuddin va Ayyubiylar amal qilgan shofi’iylik ta’limotiga koʻra, bir mahallada jamoat namozi o'qilishi uchun faqat bitta masjid boʻlishi lozim edi, Mamluklar ergashgan hanafiylik mazhabi esa bunday cheklov qoʻymagan[20]. Al-Azhar bu paytga kelib Fotimiylar va ismoiliy ta’limotlari bilan bogʻliqligini yoʻqotgan edi. Qohiraning tez kengayishi sharoitida masjid maydoniga ehtiyoj ortgani Baybarsga al-Azhar tarixiga e’tibor bermasdan, masjidni oldingi nufuziga qaytarish imkonini berdi. Baybars va Mamluk sultonligi davrida al-Azhar talabalar va mudarrislar uchun stipendiyalar qayta joriy qilindi hamda deyarli 100-yil davomida e’tiborsiz qolgan masjidni ta’mirlash ishlari boshlandi[22]. Al-Mufaddalning so'zlariga koʻra, amir ‘Izz ad-Din Aydamur al-Hilli oʻz uyini masjid yoniga qurib, shu bilan birga masjidni ham ta’mirlagan. Al-Maqriziy bergan ma'lumotlarga ko'ra, amir devorlar va tomni ta’mirlab, qaytadan pol yotqizgan va yangi gilamlar bilan to'shagan. Fotimiy xalifasi al-Hakim davridan beri birinchi bor 1266-yil 16-yanvarda masjidda xutba oʻqilgan, xutba besh kun oldin qurib bitkazilgan yangi minbarda oʻqilgan[23].

1302-yilda sodir bo'lgan zilzila al-Azhar va Mamluk hududidagi boshqa koʻplab masjidlarga zarar yetkazdi. Qayta qurish ishlari sultonlik amirlari (shahzoda va amaldorlar) hamda qoʻshin boshligʻi Sayfiddin Salarga yuklandi. Bu Baybars hukmronligidan keyingi ilk ta'mirlash ishlari edi[24]. Oradan yetti yil oʻtgach, masjid shimoli-gʻarbiy devori boʻylab maxsus maktab Madrasa al-Aqbugʻaviyya qurildi. Yangi binoga joy ochish uchun masjid devorining ayrim qismlari olib tashlandi. Yana bir maktab Madrasa al-Taybarsiyya qurilishi 1332–1333-yillarda boshlandi. 1339–1340-yillarda qurib bitkazilgan bu bino ham masjid tuzilishiga ta’sir koʻrsatdi, chunki u tahorat favvorasi oʻrnida qad rostladi[23]. Har ikkala madrasa al-Azharni toʻldiruvchi binolar sifatida qurilgan boʻlib, oʻz alohida kirish eshiklari va ibodat zallariga ega edi[24].

Masjid Qohirada oʻz mavqeini qayta tiklagan boʻlsa-da, ta’mirlash ishlari va boshqa ishlar sulton darajasidan past lavozimdagilar tomonidan amalga oshirilardi. Bu holat Burjiy sulolasining birinchi sultoni az-Zohir Barquq hukmronligi davrida oʻzgardi. Sulton Barquq ham, undan keyingi sulton al-Muayyad ham mos ravishda 1397 va 1424-yillarda al-Azhar minorasini toshdan yangidan qurishga urindilar, lekin har ikki safar ham qurilish nuqsonli deb topilib, buzib tashlandi[20]. Davlat boshqaruvining eng oliy pogʻonasidagi shaxslar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri homiylik qilish Mamluklar hukmronligi oxirigacha davom etdi. Sultonlar Qaytbay va Qansuh al-Gʻuriy tomonidan koʻplab ta’mirlar va qoʻshimcha qurilishlar olib borildi. Ularning harakatlari bilan bugungi kungacha saqlanib qolgan bir nechta minoralarning qad rostlagan[25]. Mamluk sultonlari orasida minora qurish odatiy amaliyot boʻlib, bunga hokimiyat ramzi va Qohira manzarasida oʻz mavqeini mustahkamlashning eng samarali vositasi deb qaralardi[25]. Al-Gʻuriy, shuningdek, asl mehrob oldidagi gumbazni ham qayta qurdirgan boʻlishi mumkin[26].

XIV asrga kelib, al-Azhar huquq, ilohiyot va arab tili boʻyicha tadqiqotlar markazi sifatida ustun maqomga erishdi va butun islom olamidan talabalar uchun diqqat markaziga aylandi[18]. Shunga qaramay, Misr ulamolarining atigi uchdan bir qismigina al-Azharda tahsil olgan yoki dars bergan, degan xabarlar bor[27].

Usmoniylar imperiyasi viloyati davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ikki yoysimon kirish yo‘laklari bo‘lgan baland ikki qavatli bino ayvoni ko‘chaga qaragan. Yoylar ustidagi bino devori o‘ymakorlik va bezaklar bilan ishlangan. O‘ng tomonda bino uchinchi qavatgacha ko‘tarilgan. Devor ortida gumbaz ustidan ko‘tarilgan ikki minora ko‘rinib turibdi.
Bab al-Muzayinīn (Sartaroshlar darvozasi), Usmonlilar hukmronligi davrida Abd ar-Rahmon Katxudo tomonidan qurilgan. Chap tomondagi, Madrasa al-Aqbughaviyya ustidagi minorani ham Katxudo qayta ta’mirlagan, keyinchalik u yana 20-asrda yangidan ta’mirlangan.

1517-yilda hudud Usmoniylar tasarrufiga o'tdi. Shaharni egallash uchun kechgan janglar keltirib chiqargan tartibsizliklarga qaramasdan, turklar masjid va uning kollejiga katta ehtirom ko‘rsatdilar[18][27]. Misrning birinchi usmoniy hukmdori, sulton Salim I Misrda bo'lgan so‘nggi haftada al-Azharda juma namozida qatnashdi, biroq masjidni saqlab turish uchun hech qanday ehson qilmadi. Keyingi usmoniy amirlari ham al-Azharda juma namozlariga muntazam qatnashgan, ammo masjidni ta’mirlash uchun kamdan-kam hollarda mablag‘ ajratishgan, shunga qaramay, ba’zan talaba va o‘qituvchilar uchun maosh belgilab berishgan. Mamluk sultonligi davridagi kengaytirish va qo‘shimchalardan farqli o‘laroq, Usmoniylarning dastlabki hukmronligi davrida faqat 2 nafar usmoniy hokimi al-Azharni ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan[27].

1517-yilda Salim I va usmonlilardan mag‘lub bo‘lishlariga qaramay, mamluklar Misr jamiyatida ta’sirchan kuch bo‘lib qolishdi, imperiya boshidagi amirlar o‘rniga, usmonli hokimlari nazoratida bo‘lgan, nomigagina bo‘lsa-da, beylar (“sardorlar”)ga aylandilar[27]. Selim I davrida Misrning birinchi hokimi Xayr Bey bo‘lib, u Marj Dabik jangida (Battle of Marj Dabiq) usmonlilar tomoniga o‘tgan mamluk amiri edi[28]. Mamluklar o‘z sultonliklarini tiklash uchun, jumladan 1523-yilda ikkita qo‘zg‘olonni ham o‘z ichiga olgan, bir necha marotaba isyon ko‘targan bo‘lsalar-da[29], usmonlilar Misrning hokimiyat tuzilmasi ustidan mamluklar nazoratini butunlay yo‘q qilishdan tiyildilar. Usmonlilar g‘alabasidan so‘ng darhol mamluklar iqtisodiy va harbiy jihatdan yo‘qotishlarga uchradilar va bu holat usmonlilar hukmronligining dastlabki yuz yilligida al-Azhar uchun moliyaviy yordamning yetishmasligida o‘z aksini topdi. 18-asrga kelib, mamluk zodagonlari o‘z ta’sirining katta qismini qaytarib oldilar va Qohira bo‘ylab hamda aynan al-Azharda ko‘plab ta’mirlash ishlarini homiylik qilishni boshladilar[27].

Qudratli mamluk beyi al-Qazdugli 18-asr boshlarida bir qancha qo‘shimcha va ta’mirlashlarni moliyalashtirdi. Uning ko‘rsatmasi bilan 1735-yilda ko‘zi ojiz talabalar uchun rivoq qurildi. Shuningdek, u Qaytbey tomonidan dastlab qurilgan turk va shom rivoqlarini qayta qurishga ham homiylik qildi[30].

Bu Mamluk sultonligi davrida amalga oshirilgan kengaytirishlardan keyingi eng katta ta’mirlashlar majmuasining boshlanishi edi. Abd ar-Rahmon Katxudo 1749-yilda katxudo (yanicharlar boshlig‘i) etib tayinlandi va Qohiraning turli joylarida hamda al-Azharda bir necha loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Uning rahbarligida uchta yangi darvoza qurildi: talabalar sochlarini shu darvoza tashqarisida oldirishgani uchun shunday atalgan Bab al-Muzayinīn (Sartaroshlar darvozasi), keyinchalik u masjidning bosh kirish darvozasiga aylandi; Yuqori Misrning Sa’idi xalqi nomi bilan atalgan Bab al-Sa’ayida (Sa’idiya darvozasi); va bir necha yildan so‘ng talabalar uchun odatda guruch sho‘rvasidan iborat ovqat tarqatilgan Bab al-Shurba (Sho‘rva darvozasi). Dastlabki namozxonaga janub tomondan yangi namozxona qo‘shilib, mavjud ibodat maydoni hajmi ikki baravar oshirildi. Katxudo, shuningdek, masjidni o‘rab turgan bir nechta rivoqni ta’mirladi yoki qaytadan qurdi. Katxudo o‘zi al-Azharda qurgan maqbaraga dafn qilindi; 1776-yilda u Nafisa al-Bakriyya — taxminan 1588-yilda vafot etgan ayol so‘fiydan keyin — masjid ichiga dafn qilingan birinchi (va oxirgi) shaxs bo‘ldi[31][32].

Usmonlilar davrida al-Azhar Misrda ilm maskani sifatida yana e’tiborli mavqeini tikladi va Salohiddin tomonidan asos solingan hamda mamluklar tomonidan keskin kengaytirilgan madrasalardan ustunlik qila boshladi. 18-asr oxiriga kelib, al-Azhar Misr ulamosi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib qoldi[33]. Ulamolar, shuningdek, hukumatga rasmiy tarzda ta’sir o‘tkaza oldilar; bir necha shayxlar faqat bir yil muddatga tayinlanadigan poshoga (faxriy hokim) hisobot beruvchi maslahat kengashlariga a’zo etib tayinlandi[34]. Bu davrda al-Azharda dunyoviyroq fanlar ham ta’lim dasturiga kiritildi, ilm-fan va mantiq falsafa bilan bir qatorda o‘qitila boshlandi[35]. Shu davrda al-Azharda ilk bor molikiy bo‘lmagan rektor tayinlandi; shofiiy mazhabiga mansub Abdulloh ash-Shubrovi rektor bo‘ldi[36]. Molikiy mazhabiga mansub biron kishi 1899-yilda Salim al-Bishriy ushbu lavozimga tayinlangunga qadar rektor bo‘lib xizmat qilmagan.

Al-Azhar, shuningdek, Misrni usmonlilar bosib olganiga qarshi noroziliklarning markazi bo‘lib xizmat qildi, bunda ham ulamolar, ham keng jamoatchilik ishtirok etgan. Al-Azhardagi talaba namoyishlari odatiy hol bo‘lib, ko‘pincha masjid atroflaridagi do‘konlar talabalarga birdamlik sifatida yopilardi[37]. Ulamolar ba’zan hukumatga ochiqcha qarshi chiqishga ham muvaffaq bo‘lgan. Bir holatda, 1730–31-yillarda usmonli agolari uch nafar qochqinni quvib, al-Azhar yaqinida yashovchi aholini bezovta qilishgan. norozilik sifatida al-Azhar darvozalari yopildi va kengroq qo‘zg‘olondan qo‘rqqan usmonli hokimi agolarni al-Azhar yaqiniga bormaslikka buyurdi. Yana bir tartibsizlik 1791-yilda, voli al-Husayn masjidi yaqinidagi odamlarni bezovta qilganida yuz berdi; ular keyin al-Azhar tomon namoyishga yo‘l olishdi. Natijada voli o‘z lavozimidan chetlatildi[38].

  1. 1,0 1,1 1,2 Rabbat 1996, s. 53.
  2. Bloom 2007, s. 104.
  3. Blair 2000, s. 507.
  4. Hitti 1973, s. 114.
  5. 5,0 5,1 5,2 Creswell 1952, s. 36.
  6. Dodge 1961, s. 5.
  7. 7,0 7,1 Summerfield, Devine & Levi 1998, s. 9.
  8. 8,0 8,1 8,2 Petry & Daly 1998, s. 139.
  9. Aly, Nevin; Hamed, Ayman (2020). "The impact of salt crystallization on the building stones of Al-Azhar Mosque - Historic Cairo – Egypt". International Journal of Conservation Science 11 (4). https://www.researchgate.net/publication/345506704_The_impact_of_salt_crystallization_on_the_building_stones_of_Al-Azhar_Mosque_-_Historic_Cairo_-_Egypt. 
  10. 10,0 10,1 Yeomans 2006, s. 52.
  11. Yeomans 2006, s. 53.
  12. Daftary 1998, s. 96.
  13. Dodge 1961, ss. 6–7.
  14. Daftary 1998, s. 95.
  15. Behrens-Abouseif 1992, s. 58.
  16. 16,0 16,1 16,2 Creswell 1952, s. 37.
  17. Williams 2018, s. 204.
  18. 18,0 18,1 18,2 18,3 18,4 18,5 Summerfield, Devine & Levi 1998, s. 10.
  19. 19,0 19,1 19,2 19,3 19,4 19,5 Rabbat 1996, s. 56.
  20. 20,0 20,1 20,2 Behrens-Abouseif 1992, s. 60.
  21. 21,0 21,1 21,2 Dodge 1961, s. 36.
  22. Lulat 2005, s. 77.
  23. 23,0 23,1 Creswell 1952, ss. 37–38.
  24. 24,0 24,1 Rabbat 1996, s. 57.
  25. 25,0 25,1 Rabbat 1996, s. 58.
  26. Rabbat 1996, s. 48.
  27. 27,0 27,1 27,2 27,3 27,4 Rabbat 1996, s. 59.
  28. Winter 2004, s. 12.
  29. Winter 2004, s. 14.
  30. Rabbat 1996, ss. 59–60.
  31. Rabbat 1996, ss. 49–50.
  32. Rabbat 1996, ss. 60–61.
  33. Winter 2004, s. 115.
  34. Abu Zayd, Amirpur & Setiawan 2006, s. 36.
  35. Rahman 1984, s. 36.
  36. Heyworth-Dunne 1938, s. 681.
  37. Winter 2004, s. 120.
  38. Winter 2004, s. 121.


Manba xatosi: <ref> tags exist for a group named "lower-alpha", but no corresponding <references group="lower-alpha"/> tag was found