Kontent qismiga oʻtish

Al-Adid

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Al-Adid li-dinillah
العاضد لدين الله
Fotimiylar xalifaligi imomxalifasi
Saltanat 1160–1171
Oʻtmishdoshi al-Fayz Binasrulloh
Davomchisi
Tugʻilishi 1151-yil 9-may
Qohira, Fotimiylar xalifaligi
Vafoti 1171-yil 13-sentyabr
Qohira, Fotimiylar xalifaligi
Farzandlari
  • Davud ibn al-Adid
  • Abu al-Futuh
  • Ismoil
sulola Fotimiylar
Otasi Yusuf ibn al-Hofiz
Dini Ismoiliylar

Abu Muhammad Abdulloh ibn Yusuf ibn al-Hofiz (arabcha: أبو محمد عبد الله بن يوسف بن الحافظ‎; 1151–1171), al-Adid li-dinallah (العاضد لدين الله) hukmdorlik nomi bilan mashhur, Fotimiylar sulolasining oʻn toʻrtinchi va soʻnggi xalifasi. 1160-yildan 1171-yilgacha hukmronlik qilgan islom dini shialik mazhabi Hofiziylar boʻlimining yigirma toʻrtinchi imomi.

Oʻzidan oldingi ikki xalifa singari al-Adid ham taxtga bolaligida chiqdi va butun hukmronligini vazirlikni egallab olgan turli kuchli shaxslarning qoʻgʻirchogʻi sifatida oʻtkazdi. U Fotimiy xalifaligini asta-sekin yemirib borayotgan jarayonlarga deyarli ojiz tomoshabin boʻlib qoldi. Al-Adidni taxtga oʻtqazgan vazir Talaʼi ibn Ruzzik 1161-yilda saroydagi fitna qurboni boʻldi va uning oʻrniga oʻgʻli Ruzzik ibn Talaʼi keldi. Ruzzikning oʻzi esa 1163-yilda Shavar tomonidan agʻdarildi, biroq Shavar ham mansabda bir necha oygina faoliyat yuritib, Dirgʻam tomonidan hokimiyatdan chetlashtirildi. Qohirada kechgan hokimiyat uchun kechgan uzluksiz kurashlar Fotimiylar xalifaligini zaiflashtirib qoʻydi, bu esa ham Quddusdagi salibchilar qirolligiga, ham Suriya sultonligi hukmdori Nuriddinga mamlakat ustidan oʻz rejalarini amalga oshirish imkonini berdi. Salibchilar Misrga bir necha bor bostirib kirib, oʻlpon undirdi va oxir-oqibat uni butunlay bosib olishni maqsad qilgan edi. Oʻz navbatida, Nuriddin Shavarning vazirlik lavozimini Dirgʻamdan qaytarib olish urinishini qoʻllab-quvvatladi va salibchilarga qarshi kurashish uchun sarkardasi Shirkuhni yubordi. Maʼlum vaqt mobaynida Shavar salibchilar va suriyaliklarni bir-biriga qarshi oʻynatib yurdi, biroq 1169-yil yanvarida Shirkuh Shavarni agʻdarib, Qohirani egalladi va vazirlikni oʻz qoʻliga oldi. Oradan koʻp oʻtmay Shirkuh vafot etdi va uning oʻrniga jiyani Salohiddin vazir boʻldi.

Salohiddin dastlab al-Adidga nisbatan murosali tarzda munosabatda boʻldi, biroq tez orada Misr ustidan oʻz hokimiyatini mustahkamlab, asta-sekin Fotimiylar tuzumini barbod qilishga kirishdi. Armiya safidagi Fotimiylarga sodiq kishilar tozalanib, ularning oʻrniga suriyalik askarlar joylashtirildi. Bu jarayon „Qoralar jangi“ deb atalgan muvaffaqiyatsiz qoʻzgʻolon bilan yakun topdi. Salohiddin oila aʼzolarini hokimlik lavozimlariga tayinladi, fuqarolik boshqaruvi idoralari esa koʻp jihatdan yangi tuzumga oʻtkazildi. Al-Adid esa hatto marosimlarga oid vazifalardan ham chetlashtirildi. Nihoyat, xalifalik dini hisoblangan ismoiliylik asta-sekin tugatilib, uning oʻrniga sunniylik qaror topdi. Bu jarayon 1171-yil sentyabr oyida Abbosiylar oliy hokimiyatining rasman eʼlon qilinishi bilan yakunlandi. Oradan bir necha kun oʻtib, al-Adid vafot etdi. Uning oilasi uy qamogʻiga olindi, ismoiliylar esa Salohiddinning yangi Ayyubiylar sulolasi tomonidan taʼqib qilindi. Natijada, Fotimiylar tuzumining qulashi ortidan oradan yuz yil oʻtmay, ismoiliylik deyarli butunlay Misrdan yoʻqolib ketdi.

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XIII asr tarixchisi Ibn Xallikon tomonidan keltirilgan maʼlumotlarga koʻra boʻlajak xalifa al-Adid 1151-yil 9-mayda tugʻilgan[1]. Boshqa manbalarda esa uning 1145 yoki 1149-yilda tugʻilganligi aytiladi[2]. Al-Adid U oʻn birinchi Fotimiy xalifasi al-Hofiz li-Din Allohning (h. 1132–1149) kichik oʻgʻillaridan biri boʻlgan Fotimiy shahzoda Yusufning farzandi edi[1]. Yusuf al-Hofizning tirik qolgan eng katta oʻgʻillaridan biri boʻlgan, biroq otasi vafot etgach, qudratli vazir Salim ibn Masal al-Hofizning eng kichik oʻgʻli, 16 yoshli Ismoilni xalifa sifatida taxtga oʻtqazgan va unga az-Zafir bi-Amrulloh hukmdorlik nomini bergan[3]. 1154-yilda az-Zafir oʻzining vaziri Abbos ibn Abu al-Futuh tomonidan oʻldirildi. Shundan soʻng vazir az-Zafirning besh yoshli oʻgʻli Isoni taxtga oʻtqazib, unga Al-Fayz Binasrulloh nomini berdi va aynan oʻsha kuni Yusufni ham, az-Zafirning boshqa katta akasi Jibrilni ham qatl qildirdi[4].

Bu vaqtda Fotimiylar sulolasi tanazzulga yuz tutgan edi. Rasmiy taʼlimot boʻlgan ismoiliylik aqidasi oʻz jozibasini yoʻqotgan, vorislik mojarolari va ichki parokandaliklar bilan zaiflashgan, sulolaning qonuniyligi esa tobora Misrda sunniylikning qayta kuchayishi bilan shubha ostida qolayotgan edi[5]. Az-Zafirning taqdiridan maʼlum boʻlganidek, Fotimiy xalifalari oʻzlarining qudratli bosh vazirlari qoʻlida deyarli qoʻgʻirchoqqa aylangan edilar, vazirlar „sulton“ unvonini olar, juma xutbalarida va tangalarda ularning nomlari xalifaning nomi bilan yonma-yon zikr etilar edi[5]. Tarixchi Yaacov Lev Misrning oʻsha davrdagi ahvolini „Nil boʻyidagi bemor odam“ deya taʼriflaydi[6]. Ismoiliy Fotimiylar tuzumining zaifligi ularning sunniy raqiblari hisoblanmish Bagʻdoddagi Abbosiylar tomonidan eʼtiborga olingan edi. 1154-yilda Abbosiy xalifa al-Muqtafiy (h. 1136–1160) rasmiy ravishda Suriyaning zangiy hukmdori Nuriddinni (h. 1146–1174) nomigagina boʻlsa-da Misr hukmdori etib tayinladi[6].

Al-Fayzning sogʻligʻi zaiflashib, 1160-yil 22-iyulda atigi oʻn bir yoshida vafot etdi. Hali voyag yetmaganligi va oʻzidan voris qoldirmaganligi sababli 1160-yil 23-iyulda toʻqqiz yoshli al-Adid yana bir qudratli vazir Talaʼi ibn Ruzzik tomonidan taxtga oʻtqazildi. Xalifaning ustidan oʻz taʼsirini yanada mustahkamlash maqsadida Ibn Ruzzik uni oʻz qizlaridan biriga uylantirdi[1]. Al-Adid butun hukmronligi davomida deyarli nomigagina hukmdor boʻlib qoldi, amalda esa qulash arafasidagi Fotimiylar davlatining boyliklari ustidan oʻzaro bahslashayotgan saroy aʼyonlari va qudratli arboblarning qoʻgʻirchogʻiga aylandi[1].

Al-Adid haqida maʼlumotlarning kamligi bois, uning shaxsiy fazilatlari bizgacha unchalik maʼlum emas. Tarixchi Ibn Xallikon uni shialarni qoʻllab-quvvatlovchi ashaddiy shaxs sifatida tasvirlaydi[4]. Tarixchi William esa al-Adidning salibchilar rahbarlari bilan uchrashuvdagi koʻrinishiga doir yagona taʼrifni keltiradi: yuzini niqob bilan berkitgan boʻlsa-da, uning qiyofasi „nihoyatda saxiy tabiatli, endi soqol chiqara boshlagan, boʻychan, qorachadan kelgan va baquvvat gavdali bir yigit“ sifatida taʼriflangan[4].

Fotimiylar sulolasining shajarasi
Abu Muhammad Abdulloh
al-Mahdiy billoh

(h. 909–934)
Abulqosim Muhammad
al-Qoim bi-Amrullah

(h. 934–946)
Abu Ali AhmadBoshqa farzandlar
Qosim§Abu Tahir Ismoil
al-Mansur billoh

(h. 946–953)
Boshqa farzandlar
Abu Tamim Maʼad
al-Muizz li-Din Alloh

(h. 953–975)
Abdulrahim§
TamimAbdulloh§Abu Mansur Nizar
al-Aziz billoh

(h. 975–996)
Sitt al-MalikRashidaAbdaBoshqa farzandlar
Sitt al-MulkAbu Ali Mansur
al-Hakim bi-Amrulloh

(h. 996–1021)
Boshqa farzandlar
Abulhasan Ali
az-Zohir li-Ezoz Din Alloh

(h. 1021–1036)
Abu Tamim Maʼad
al-Mustansir billoh

(h. 1036–1094)
Abu Mansur Nizar§Abu AbdullohAbdullohIsmoilAbulqosim MuhammadBoshqa farzandlarAbuulqosim Ahmad
al-Mustali billoh

(h. 1094–1101)
al-HusaynNizoriy imomlar
(daʼvo qilgan)
Abulmaymun Abdulmajid
al-Hofiz li-Din Alloh

(h. 1132–1149)
Abu Ali Mansur
al-Amir bi-Ahkamulloh

(h. 1101–1130)
JaʼfarBoshqa farzandlar
Sulaymon§Haydara§Hasan§Abu Mansur Ismoil
az-Zafir bi-Amrulloh

(h. 1149–1154)
YusufBoshqa farzandlarAbulqosim at-Tayyib§
Abulqosim Iso
al-Fayz bi-Nasrulloh

(h. 1154–1160)
Abu Muhammad Abdulloh
al-Adid li-Din Alloh

(h. 1160–1171)
Toyyibiylik yashirin imomlari
(daʼvo qilingan)
Dovud
Sulaymon
§ merosxoʻr etib tanlangan, ammo taxtga oʻtirmagan merosxoʻrlar
  hukmronlik qilgan Fotimiy xalifalari (hukmdorlik nomlari qalin shriftda va hukmronlik yillari bilan)
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Wiet 1960.
  2. Sajjadi, Daftary & Umar 2008.
  3. Halm 2014.
  4. 4,0 4,1 4,2 Saleh 2009.
  5. 5,0 5,1 Şeşen 1988.
  6. 6,0 6,1 Lev 1999.