Kontent qismiga oʻtish

Akroinon jangi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Akroinon jangi
Arab–Vizantiya urushlarining bir qismi
Sanalar milodiy 740-yil
Urush yeri Akroinon, Vizantiya imperiyasi (hozirgi Afyonkarahisar, Turkiya)
Natija Vizantiyalar gʻalaba qozongan
Qoʻmondonlar
Umaviylar xalifaligi Vizantiya imperiyasi
Kuchlar
20,000[1][2] nomaʼlum

Akroinon jangi – 740-yilda Frigiya hududidagi Akroinon (yoki Akroinosda, hozirgi Turkiyaning Afyonkarahisar shahri yaqini) shahrida, Onadoʻlining gʻarbiy chegarasida boʻlib oʻtgan jang. Umaviylar armiyasi va Vizantiya qoʻshinlari oʻrtasida yuz bergan.

Arablar soʻnggi bir asr davomida Onadoʻliga muntazam ravishda yurishlar uyushtirib kelayotgan edi, 740-yilgi yurish soʻnggi oʻn yilliklar ichidagi eng yirik harbiy ekspeditsiya boʻlib, uchta alohida qoʻshindan iborat boʻlgan. Abdulloh al-Battol va al-Malik ibn Shu’ayb boshchiligidagi 20,000 kishilik qoʻshin Akroinonda imperator Lev III Isavr (h. 717–741) va uning oʻgʻli, boʻlajak imperator Constantine V (h. 741–775) tomonidan qarshi olingan. Jangda Vizantiya armiyasi hal qiluvchi gʻalabaga erishgan. Umaviylar xalifaligining boshqa jabhalardagi harbiy muammolari Abbosiylar qoʻzgʻoloni arafasidagi ichki beqarorlik bilan qoʻshilib, keyingi qariyb 30 yil davomida arablarning Onadoʻliga uyushtiradigan yirik yurishlariga barham berdi.

Musulmonlar istilolari boshlanganidan beri Vizantiya imperiyasi kengayib borayotgan xalifalik bilan chegaradosh eng yirik, eng boy va harbiy jihatdan eng kuchli davlat sifatida musulmonlarning asosiy dushmani boʻlib kelgan. Sebastopolis jangi bilan bogʻliq halokatli magʻlubiyatdan soʻng vizantiyaliklar, asosan, passiv mudofaa strategiyasiga oʻtib oldilar, shu bilan birga, musulmon qoʻshinlari Vizantiya nazorati ostidagi Onadoʻli hududiga muntazam ravishda yurishlar uyushtirib turdilar[3].

717–718-yillarda Vizantiya poytaxti Konstantinopolni egallashga boʻlgan urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Umaviylar bir muddat oʻz eʼtiborini boshqa yoʻnalishlarga qaratdilar. Biroq 720/721-yillardan boshlab ular Vizantiyaga qarshi yurishlarini yana muntazam ravishda davom ettirdilar. Har yozda bir yoki ikki marotaba yurish uyushtirilar, baʼzida bu yurishlarga dengizdan uyushtiriladigan hujumlar ham qoʻshilar, baʼzida esa qish mavsumida hujumlar amalga oshirilardi. Bu yurishlar ilgari boʻlgani kabi hududni butunlay zabt etishga emas, balki keng koʻlamli talonchilik va vayronagarchilik ishlarini amalga oshirishga, yaʼni qishloq joylarini talash va yoʻq qilishga qaratilgan edi. Faqat ayrim hollarda mustahkam qal’alar yoki yirik aholi punktlariga hujum qilinar edi. Bu davrdagi yurishlar, asosan, Markaziy Onadoʻli mintaqasi (ayniqsa, uning sharqiy qismi Kappadokiya) bilan cheklangan boʻlgan, faqat kamdan-kam hollarda chekka sohil hududlarigacha yetib borgan[3].

723–743-yillarda hukmronlik qilgan xalifa Hishom ibn Abdulmalik (h. 723–743) davrida arablarning yurishlari ancha yirik va jiddiy tus oldi. Bu yurishlarga xalifalikdagi eng mohir sarkardalar, Umaviylar sulolasiga mansub shahzodalar, jumladan, Maslama ibn Abdulmalik, Hishomning oʻgʻillari Muoviya, Maslama va Sulaymon boshchilik qilganlar[3]. Biroq vaqt oʻtishi bilan musulmonlarning muvaffaqiyatlari susayib bordi, ayniqsa, Kavkazdagi xazarlar bilan kuchayib borayotgan toʻqnashuvlar natijasida ularning resurslari boshqa yoʻnalishga yoʻnaltirilgan edi[3]. Arablar yurishlarini davom ettirgan boʻlsalar-da, arab va vizantiya manbalarida keyinchalik qal’a yoki shaharlarning muvaffaqiyatli zabt etilishi borasida kamroq maʼlumot keltirilgan. Shunga qaramay, 737-yilda Xazarlarga qarshi qoʻlga kiritilgan yirik gʻalaba arab qoʻshinlariga oʻz eʼtiborini yana Vizantiyaga qaratishga imkon berdi va bu yoʻnalishdagi yurishlar kuchayib bordi. 738 va 739-yillarda Maslama ibn Hishom tomonidan uyushtirilgan yurishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, u hatto Anqara shahrini ham egallashga muvaffaq boʻldi[3].

  1. 1,0 1,1 Turtledove 1982, s. 103.
  2. 2,0 2,1 Blankinship 1994, ss. 169–170.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Blankinship 1994.