Aholi harajatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Aholi harajatlari – aholining tirikchilik o‘tkazish uchun qilgan pul sarflari; aholi pul daromadlarining ishlatilishi. Aholining pul daromadi uning ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Daromadlar iste’mol tovarlari va xizmatlarni harid etish, turli to‘lovlarni to‘lash, jamg‘arma hosil etish uchun sarflanadi. Aholining ob’ektiv chegarasi daromad bo‘lsa, uning sub’ektiv chegarasi daromad egasining didi, erki, nimani afzal ko‘rishidir. Shu tufayli daromad bir xil bo‘lsada, harajatlar tarkibi turlicha bo‘ladi. Daromad qanchalik ko‘p bo‘lsa, oziq-ovqat uchun sarflar qisqarib, sanoat mollari va xizmatlarni harid etish harajatlari, chunonchi, uzoq muddat xizmat qiluvchi qimmatbaho tovarlar haridiga pul ko‘proq sarflanadi. Shu jihatidan aholi turli toifalarining harajatlari bir-biridan farqlanadi. Kambag‘al oilalarda ovqatlanish harajati ustivor bo‘lsa, to‘q va boy oilalarda kiyinish, dam olish, sayohat qilish, qimmatbaho tovar harid etish sarflari ustun turadi. Iqtisodiyoti rivojlangan va xalqi farovon yashaydigan mamlakatlarda aholining oziq-ovqat uchun sarflari qisqarib, minimal darajaga tushadi. O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida Aholi tarkibida o‘zgarishlar paydo bo‘ldi. Aholi harajatlarida oziq-ovqat sarflari bilan bir qatorda, nooziq-ovqat tovarlarini harid etish, pul jamg‘arish va qimmatbaho qog‘ozlarni orttirishga qaratilgan harajatlar ham kuzatiladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil