Kontent qismiga oʻtish

Ahmad ibn Sahl

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Ahmadning dirhami. 915—920-yillar oraligʻida Andarabada zarb etilgan.

Ahmad ibn Sahl ibn Hoshim (920-yilda vafot etgan) – eroniy zobit, dastlab Safforiylar, keyinchalik esa Somoniylar saroyida xizmat qilgan. Qamgʻar (Gardiziy, hijriy 332-yil) yoki Qamqar (Ibn al-Asir, hijriy 260-yil) hijriy birinchi asrlarda yashagan eroniy oila boʻlib, Xuroson mintaqasidagi taniqli zodagonlardan biri hisoblangan (taxminan hijriy 309—331-yillar). Oila nomi marvlik yer egasi va mulkdor amaldor Qamgʻardan (Gardiziy, hijriy 332-yil) kelib chiqqan boʻlib, u soʻnggi sosoniy hukmdor Yazdigerd III ning (milodiy 632—651-yillar) oʻgʻillaridan biri boʻlgan. Ushbu oilaning ayrim aʼzolari Tohiriylar (hijriy 255—259), Safforiylar (hijriy 247—339) va Somoniylar (hijriy 261—395) davlatlari maʼmuriy tizimlarida yuqori lavozimlarga ega boʻlgan. Oilaning koʻzga koʻringan vakillaridan biri hijriy 307-yilda vafot etgan Ahmad ibn Sahl ibn Hoshimdir. Uning otasi va aka-ukalari ham kotib va astronom boʻlishgan. Ushbu oila siyosiy-harbiy vazifalardan tashqari ilmiy soha vakillariga ham homiylik qilish orqali ilm-fan hamda Eron madaniyatini saqlab qolishda ham muhim rol oʻynagan.

Firdavsiy, Suzaniy Samarqandiy kabi koʻplab shoir va adiblar oʻz asarlarida ushbu oila haqida yozishgan. Xususan, Suzaniy oʻzining „Malik ad-Dahaqin“ nomli sheʼrida oila haqida yozgan. Sheʼrda Suzaniy Yazdigard III ning oʻgʻli Kamgar ismli shaxsni nazarda tutgan. Muhammadiy va boshqalar Shohnomani sharhlashda, Suzaniy oʻz zamondoshlariga maʼlum boʻlgan muayyan voqeaga ishora qilganini taʼkidlashgan. Shuningdek, Abu Rayhon Beruniy Ahmad ibn Sahlning nomini tilga olishi uning oʻz davri kishilari orasida mashhur shaxs boʻlganini anglatadi.

Firdavsiy Rustam va Shagʻod hikoyasida Ahmad ibn Sahlga Marvda hamrohlik qilgan hamda Som Narimon avlodidan boʻlgan Ozodsarv ismli dono oqsoqol haqida maʼlumot mavjud.

Ozodsarv toʻplagan Rustam haqidagi solnomalar Eron milliy hikoyalarining fors tilidagi ilk toʻplamlaridan biri boʻlib, keyinchalik Firdavsiyga yetib borgan. Bundan koʻrinib turibdiki, bu davrda fors tili va Eronning madaniy tarixiga katta eʼtibor qaratilgan. Ahmad ibn Sahl mazkur saʼy-harakatlarning nufuzli homiysi boʻlgani bilan alohida ahamiyat kasb etgan. Mavjud manbalarga koʻra, Ahmad vafot etgach, oilaning qudrati pasaygan. Oilaning Abulqosim ibn Hafsdan keyingi taqdiri haqida maʼlumot yoʻq. Qamgʻar oilasining ayrim aʼzolari xuddi Sosoniylar davrida astronomiyaga qiziqish bildirgan ajdodlari singari astronom boʻlishgan. Oʻsha davrda bilimlar oʻzidan keyinga qoldirish imkoniyatlari cheklangan va ayrim fanlar, asosan, maʼlum oilalarda yopiq tarzda oʻrgatilgan sharoitda, mazkur oilaning bunday bilimga ega boʻlishi oilaning Sosoniylar bilan bogʻliq boʻlganini taxmin qilishga imkon beradi. Sulolaning vazirlari Ozodsarv, Abulqosim Kaʼbiy, Abu Zayd al-Balxiy kabi shaxslarning barchasi mashhur olimlar boʻlgani inobatga olinsa, bu sulola ilm-fanni qadrlashi, olimlarni qoʻllab-quvvatlashi hamda ular bilan hamkorlik qilgani ham ayon boʻladi.

Xuroson, Movarounnahr va Toxariston xaritasi

Ahmad marvlik Qamgʻar ismli dehqon oilasiga mansub boʻlgan. Bu oila (Gardiziy bergan maʼlumotlarga koʻra, hijriy 332-yilda) oʻzlarini soʻnggi Sosoniy hukmdor Yazdigard III avlodidan deb daʼvo qilgan. Ahmad Sahl ismli shaxsning oʻgʻli boʻlib, uning ismlari nomaʼlum boʻlgan uch aka-ukasi bor edi. Keyinchalik aka-ukalar Marvda eroniylar va arablar oʻrtasidagi mahalliy toʻqnashuvda halok boʻlgan. Ahmad aka-ukalari uchun qasos olish maqsadida Safforiy hukmdor Amr ibn Laysga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan. Qoʻzgʻolon 879—901-yillarda sodir boʻlib, magʻlubiyatga uchragan va Ahmad Seyistonda asir olingan[1]. Ahmad qochishga muvaffaq boʻlib, Marvga qaytib kelgan. U yerda mahalliy hokim Abu Jaʼfar Gʻuriyni asir olib, Somoniylar hukmdori Ismoil ibn Ahmadga (h.892–907) sodiqligini bildirgan[2]. Tez orada Buxorodagi Somoniylar saroyiga borib, Ismoil hukmronligi ostida tezda yuksak mavqega erishgan.

900-yilda (yoki 901) Ismoil Balxda Amrni magʻlub etib, asirga oldi. Tez orada uning Xurosondagi hududlarini zabt etdi. Bu jarayonda Ahmad ham muhim rol oʻynadi. Taxminan 902-yilda Ahmad yangi zabt etilgan Tabariston viloyati noibi etib tayinlandi. Keyinchalik Ray shahrida qoʻshin qoʻmondoni lavozimida xizmat qildi. Shuningdek, shaharga rahbarlik qilgan somoniy shahzoda Abu Solih Mansurning shaxsiy soqchilari boshligʻi vazifasini ham bajargan[3]. Ismoilning vorisi Ahmad Somoniy hukmronligi davrida (h.907–914), 910—911-yilda Ahmad boshqa nufuzli Somoniy amaldorlar qatorida Seyistonni zabt etish uchun yuborilgan.

Ahmadning vorisi Nasr II (h.914–943) davrida Ahmad 919-yilda Xuroson noibi Husayn ibn Ali Marvarudiyning isyonini bostirishga yuborilgan hamda bu vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirgan[2][4]. Jang davomida Husayn asir olinib, Buxoroga joʻnatilgan. Biroq bir necha haftadan soʻng, Nasrning yolgʻon vaʼdasiga aldanganini anglagan Ahmad Nishopurda isyon koʻtardi. Somoniylarning Goʻrgon shahriga bosqin uyushtirib, shahar hokimi Qorateginni quvib yubordi[5]. Soʻngra Somoniylarning qarshi hujumidan qoʻrqib, Marvda mustahkam joylashib oldi. Shunga qaramay, Somoniylar sarkardasi Hamuya ibn Ali Ahmadni hiyla bilan Marvdan chiqarib, Marvirud yonidagi jangda magʻlubiyatga uchratdi. Ahmad jang payti asir olinib, Buxoroda zindonga tashlangan. Umrining oxiri, yaʼni 920-yilgacha zindonda qolgan.

  1. Gibb 1967, s. 278.
  2. 1 2 Bosworth 1984, ss. 643–644.
  3. Bosworth 2011, s. 54.
  4. Houtsma 1993, s. 871.
  5. Houtsma 1993, s. 872.