Afrosiyob (obraz)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Afrosiyob— mifologik obraz. 1) Avestoda Frangxrasyan deb atalgan. Avestoda A. shohlik ilohiy martabasi — farn (xvarno)ni qoʻlga kiritish uchun mifologik Vorukasha dengizi tubiga tushishga ahd qiladi va bunda Anaxitadan yordam soʻraydi. Lekin u bu iltimosni rad etadi. Frangxrasyan ust-boshini echib dengiz tubiga 3 marta shoʻngʻiydi, ammo harakati zoe ketadi. Avestoda u samarasiz harakat qilayotgan afsonaviy obraz sifatida namoyon boʻladi. Bu mavzu Avestodan „Shohnoma“ga ham oʻtgan. Lekin A.ning Eron podshohlari bilan jangga kirishuvi — yaʼni Eron bilan Turonning mifologik raqobati gʻoyasi Avestoda yoʻq. A.ni Eron shohlarining dushmani qilib koʻrsatish gʻoyasi yozma adabiyotga birinchi boʻlib Firdavsiy „Shohnomasi“ orqali kirgan. U Faridun (Traetaona)ning Tur ismli oʻgʻlidan tarqalgan shajaraga mansub. Otasining ismi — Pashang . Bu talqinda Firdavsiy zamoni uchun muhim boʻlgan turk davlatchiligi va eroniy davlatlar oʻrtasida tarixiy yuzma-yuz turish — harbiy-siyosiy muxoliflik oʻz aksini topgan. Shu bilan A.ning ilohiy oliy baxt, hokimiyat ramzi — farn ilinjidagi mifologik shaxs qiyofasi tarixiylik kasb etgan. Mifologik tasavvurdan oʻsib chiqqan adabiy anʼana, yaʼni A. Turon podshohi degan tushuncha tufayli xalq orasida Samarqandning qadimiy qoʻrgʻoni, Toshkentdagi Mingoʻrik xarobalari, Buxorodagi Romitan qoʻrgʻoni kabi yodgorliklarni uning nomi bilan bogʻlash hanuz saqlangan. 2) Turkiy yozma yodgorliklarda A. epik qahramon Toʻnga alp Er (Yusuf Xos Hojibaa), Alp Er Toʻnga (Mahmud Koshgʻariyda) bilan bir shaxs qilib koʻrsatilgan. Bu qiyoslanish har ikki obrazni Turon bilan bogʻliqligi tufayli yuzaga kelgan. Baʼzi olimlar (A. Abdurahmonov) A.ni tarixiy shaxs deb hisoblaydilar. Aslida A. va Alp Er Toʻnga miflari orasida katta tarixiymadaniy tafovut va anaxronizm mavjud. A. ibtidoiy tafakkurning mifologik hosilasi, Alp Er Tunga esa Turk davlatchiligi davrlarining umumlashmasi sifatida alohida oʻrganilishi lozim. 3) Turkiy xalqlar bobokaloni, turkiylar podshosi, bahodir, jahongir yoʻlboshchi. Qoraxoniylar va saljuqiylar oʻz shajaralarini A.dan boshlaganlar. Turli yozma manbalarda A. haqidagi maʼlumot turlicha. Mas, „Buxoro tarixi“ (Narshaxiy)da A. 2000 yil yashagan afsungar, kuyovi Siyovushning qotili, Romitan qalʼasi bunyodkori va, nihoyat, Siyovush qasosi uchun oʻgʻli Kayxusrav tomonidan oʻldirilgan deb koʻrsatiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. Mirsodiq Ishoqov. OʻzME. Toshkent, 2000-2005.