Afgʻoniston ayollari inqilobiy assotsiatsiyasi
|
| |
| Qisqartma | RAWA |
|---|---|
| Turi | nodavlat tashkilot |
| Maqsadi | Ayollar huquqlari va dunyoviy demokratiya gʻoyalarini himoya qilish |
| Asoschi(lar)i | Meena Keshwar Kamal |
| Vebsayti | rawa.org |
![]() | |
Afgʻoniston ayollari inqilobiy assotsiatsiyasi (forscha: جمعیت انقلابی زنان افغانستان, pushtucha: د افغانستان د ښڅو انقلابی جمعیت, inglizcha: Revolutionary Association of the Women of Afghanistan) — Pokistonning Kvetta shahrida joylashgan ayollar tashkiloti. Assotsiatsiya ayollar huquqlari va dunyoviy demokratiya gʻoyalarini himoya qiladi. Assotsiatsiya 1977-yilda afgʻonistonlik talaba va faol Meena Keshwar Kamal (talaffuzi: Mina Keshvar Kamol) tomonidan tashkil etilgan. 1987-yil fevral oyidagi ijtimoiy faolligi uchun Meena siyosiy sabablarga koʻra oʻldirilgan[1]. Zoʻravonliksiz kurash strategiyasini qoʻllab-quvvatlovchi assotsiatsiya 1980-yillarning boshlarida Afgʻoniston poytaxti Kobuldagi birinchi ofisidan Pokistonga koʻchib oʻtishga majbur boʻlgan.
Assotsiatsiya afgʻon ayollarini ularning inson huquqlariga rioya etilishini himoya qilishga qaratilgan siyosiy va ijtimoiy harakatlarga jalb etishga intiladi, Afgʻonistonning fundamental siyosatiga qarshi chiqib, hukumatni demokratiya va sekulyarizmga daʼvat qilib keladi[2]. Yana assotsiatsiya faollari umumiy va batamom qurolsizlanish uchun ham kurash olib borishadi.
Assotsiatsiya dastlab Afgʻonistonning sovetparast hukumatiga, soʻngra mujohidlar, Tolibon hukumatiga, shuningdek, amerikaparast islom respublikasiga ham qarshi chiqqan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Assotsiatsiya 1977-yilda Kobulda inson huquqlari hamda ijtimoiy adolat uchun kurashayotgan Afgʻoniston ayollarining mustaqil ijtimoiy va siyosiy tashkiloti sifatida tashkil etilgan. Bir muncha vaqt oʻtgach, assotsiatsiyaning bir qismi Pokistonga koʻchib oʻtib, bugungi kunda afgʻon ayollarini himoya qilish boʻyicha oʻz faoliyatini asosan oʻsha yerdan olib bormoqda.
Assotsiatsiya Meena Keshwar Kamal boshchiligidagi afgʻon ayollari guruhi tomonidan tashkil etilgan[1]. Meena 21 yoshidayoq Afgʻonistonda ayollar taʼlimi bilan shugʻullanib, assotsiatsiya faoliyatiga asos solgan. 1979-yilda Meena Afgʻonistonda sovetlarning mamlakatning hayotiga aralashuv siyosati va sovetparast hukumatga qarshi kampaniya boshlaydi. 1981-yilda Meena „Payam-e-Zan“ („Ayol ovozi“) jurnalini chop eta boshlagan. Jurnal ikki tilda nashr etilgan. Oʻsha yili Meena Fransiyada boʻlib oʻtgan Fransiya sotsialistik partiyasining qurultoyida ishtirok etadi. Meena tufayli Pokistonda afgʻon qochqinlarining bolalari uchun maktablar, kasalxonalar va qochqin ayollar uchun hunarmandchilik markazlari ish boshlaydi. Meenaning faoliyati va qarashlari, uning hukumat va fundamentalistlarga ochiq qarshiligi 1987-yil 4-fevralda uning siyosiy sabablarga koʻra oʻldirilishiga olib kelgan[3].
1990-yillarda Pokistonda assotsiatsiya asosiy saʼy-harakatlarini seminarlar, matbuot anjumanlari va mablagʻ yigʻishga qaratgan. Assotsiatsiya Pokiston va Afgʻonistonda ayollar hamda bolalar uchun yashirin maktablar, mehribonlik uylari, hamshiralar kurslari va hunarmandchilik markazlarini tashkil etgan. Assotsiatsiya faollari Afgʻoniston koʻchalarida shariat gvardiyasi tomonidan ayollarning kaltaklanishi va qatl etilishini yashirincha suratga olishgan. Assotsiatsiya faoliyati Tolibon tomonidan ham, Shimoliy ittifoq tomonidan ham taqiqlangan[4].
Assotsiatsiya 2001-yilda NATO tomonidan boshlangan Afgʻonistondagi urushni tinch aholi orasida qurbonlar sonining yuqoriligi uchun faol tanqid qilib kelgan. Tashkilot AQSh hukumatiga urush paytida Afgʻonistonda tarqatilgan propaganda varaqalarida assotsiatsiya veb-saytidan olingan toʻrtta fotosuratdan noqonuniy foydalanganlik uchun daʼvo qoʻzgʻatgan[5].
AQSh va Shimoliy ittifoq qoʻshinlari Tolibon hukumatini magʻlubiyatga uchratganidan soʻng, assotsiatsiya fundamentalist Shimoliy ittifoq Tolibondan kam boʻlmagan darajada xavfli ekanligini ochiqchasiga eʼlon qilgan. Assotsiatsiyaning taʼkidlashicha, prezident Hamid Karzay hukumati Afgʻonistonda qoʻllab-quvvatlanishga ega emas, fundamentalistlar esa ayollarni Tolibon davridagidek kamsituvchi qonunlarga amal qilinishni ilgari surishmoqda. Bu maʼlumotni OAV va Human Rights Watch tashkilotining siyosatchi va harbiy qoʻmondon Ismoilxonning Hirotdagi faoliyati haqidagi hisobotlari tasdiqlaydi. Aynan Ismoilxon ayollarni kiyinish va oʻzini tutishda qatʼiy qoidalarga rioya qilishga majburlaydigan shariat gvardiyasiga asos solgan[6].
Assotsiatsiya shifoxonalar, maktablar va bolalar uylarini qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻ yigʻadi, shuningdek, Pokiston va Afgʻonistonda koʻplab loyihalarni, jumladan, yetimlarga yordam berish uchun CharityHelp.org bilan birgalikda asos solingan qoʻshma loyihani yuritishadi.
2020-yilda assotsiatsiya Afgʻoniston hududida oʻz faoliyatini qayta tikladi va bu yerda bir nechta tadbirlar oʻtkazgan. Kobulda esa assotsiatsiya faollari 2006, 2007 va 2008-yillarda xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlagan. 2006-yil 27-sentyabrda assotsiatsiya faoli Afgʻoniston televideniyesida birinchi marta (ehtimol, tashkilot tarixida) TOLO TV telekanalida davra suhbatida nutq soʻzlagan. Faol murosasiz islom fundamentalistlari vakili bilan bahs-munozarada ularning yetakchilarini „bugungi Afgʻonistonning fojiali holati uchun mas’ul harbiy jinoyatchilar“ deb atagan. TOLO TV esa bahs-munozarada muayyan ismlar tilga olingan barcha yozuvlarni senzura qilib tashlagan.
2006-yil 7-oktyabrda Afgʻoniston ayollar missiyasi (inglizcha: Afghan Womenʼs Mission) Los-Anjelesda assotsiatsiyani qoʻllab-quvvatlash uchun xayriya tadbirini tashkil qilgan[7]. Tadbirning asosiy mehmoni Eve Ensler boʻlgan boʻlib, soʻzga chiqqanlar orasida jurnalist Sonali Kolhatkar va assotsiatsiya faoli Zoya ham bor boʻlgan. „Zoya“ koʻplab mamlakatlarda, jumladan, AQSh, Ispaniya va Germaniyada boʻlgan assotsiatsiyaning tashqi ishlar qoʻmitasi aʼzosining taxallusi. 2003-yilda assotsiatsiyaning ushbu faoli oʻzining „Zoyaʼs Story — An Afghan Womanʼs Battle for Freedom“ avtobiografiyasi bilan xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlgan. 2009-yilda assotsiatsiya va boshqa ayollar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari shimoliy Afgʻonistondagi shia musulmonlari uchun bolalar nikohlari va turmush qurgan ayollarni purda qilish (uzlat) amaliyotini hamda nikohda zoʻrlashni qonuniylashtirgan shia oila kodeksini qattiq qoralab chiqadilar. Kodeks Afgʻoniston prezidenti Hamid Karzay tomonidan maʼqullangan boʻlib, Karzay shu yoʻl bilan ushbu hudud va unga qoʻshni boʻlgan, asosan shialar yashaydigan Eron Islom respublikasi aholisining qoʻllab-quvvatlashiga erishmoqchi boʻlgan. Boshqa narsalar qatorida, kodeksda meros va nikohni bekor qilish boʻyicha ayollarning kamsitilishi qonuniy ravishda mustahkamlangan[8]. 2008-yil iyun oyida Zoya Germaniya hukumatini Afgʻonistondan qoʻshinlarni olib chiqishga undash uchun Bundestagning Inson huquqlari boʻyicha komissiyasiga koʻrsatma beradi[9].
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Inson huquqlari va demokratiya sohasidagi faoliyati uchun assotsiatsiya 16 ta mukofot va diplomlar, jumladan, inson huquqlari boʻyicha 6-Osiyo mukofoti (Asian Human Rights Award, 2001)[10], Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyati uchun Fransiya Respublikasining „Ozodlik, tenglik, birodarlik“ mukofoti (French Republic’s Liberty, Equality, Fraternity Human Rights Prize, 2000)[11], Emma Humphries nomidagi Islomobod xotira mukofoti (Islamabad Emma Humphries Memorial Prize, 2001)[12], Glamour jurnalining „Yil ayoli“ mukofoti (Glamour Women of the Year, 2001)[13], Johns Hopkins universitetining SAIS-Novartis xalqaro jurnalistika mukofoti (SAIS-Novartis International Journalism Award, 2001)[14], AQSh Kongressining maxsus eʼtirof diplomi (Certificate of Special Congressional Recognition, 2004)[15], Belgiyadagi Antverpen universitetining akademik boʻlmagan yutuqlari uchun faxriy doktorlik darajasi[16] va boshqa koʻplab mukofotlar bilan taqdirlangan[17].
Assotsiatsiya haqida fikrlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Anne Brodsky oʻzining „With All Our Strength: The Revolutionary Association of the Women of Afghanistan“ kitobida dunyoga mashhur yozuvchilar va huquq himoyachilari assotsiatsiya haqida oʻz fikrlarini bildirishgan. "Har birimizga oʻzimizning kichik RAWA kerak, " — deydi Arundhati Roy. „The Vagina Monologues“ kitobi muallifi Eve Enslerning fikricha: „RAWA shafqatsizlikka qarshi kurashuvchi har qanday jamoa uchun namuna boʻlishi kerak.“ Assotsiatsiyani „Subject to Debate: Sense and Dissents on Women, Politics, and Culture“ asari muallifi Katha Pollitt, pokistonlik yozuvchi Ahmad Rashid, „Taliban and Jihad“ muallifi, BMTning maxsus maʼruzachisi va Pokistondagi ayollar huquqlari faol Asma Jahongir ham qoʻllab-quvvatlaydilar[18].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1 2 Toynbee, Polly. „Behind the burka“ (2001-yil 28-sentyabr). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „RAWA testimony to the Congressional Human Rights Caucus Briefing“. U.S. Congressional Human Rights Caucus (2001-yil 18-dekabr). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ Price, Susannah. „Afghan activist's killers hanged“. BBC News (2002-yil 7-may). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „The Taliban show their fangs to RAWA“. Excerpts from Wahdat daily, published in Peshawar. RAWA. 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „RAWA to sue US authorities - Bureau Report“. RAWA. 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „Human Rights Watch homepage“. 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „The Afghan Women's Mission“. - AWM News. 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ Starkey, Jerome. „Afghan leader accused of bid to 'legalise rape'. UN and women MPs say Karzai bowed to Islamic fundamentalists before poll“ (2009-yil 31-mart). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „The U.S. government has never supported democratic organizations...“. zcommunications.org. 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „The sixth Asian Human Rights Award - 2001 to RAWA“. RAWA (2001-yil 7-dekabr). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „France Grants RAWA a Human Rights Prize“. RAWA (2000-yil 15-aprel). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „Emma Humphries Memorial Prize 2001“. London: RAWA (2001-yil 6-oktyabr). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „Glamour Awards Laud Afghan Woman“. RAWA (2001-yil 31-oktyabr). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „RAWA Winner of 2001 SAIS-Novartis International Journalism Award“. Washington D.C.: RAWA (2001-yil 11-aprel). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „Certificate of Special Congressional Recognition from the U.S. Congress to RAWA“. Santa Barbara, CA, USA: RAWA (2004-yil 2-may). 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „Honorary Doctorate to RAWA By University of Antwerp (Belgium) For outstanding non-academic achievements“. RAWA. 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
- ↑ „Some RAWA Awards“. RAWA. 2012-yil 11-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 7-dekabr.
- ↑ „The Afghan Women's Mission“. 2026-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 21-mart.
