Achchiqbodom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Achchiqbodom (Amygdalus bucharica) — raʼnodoshlar oilasiga mansub kichkina daraxt yoki buta. Balandligi 1,5 m ga yaqin. Barglari nashtarsimon yoki tuxumsimon, boʻyi 3 — 4, eni 1,5 — 2 sm, bir yillik novdalarida bittadan, eski novdalarida gʻuj-gʻuj joylashgan. Gullari ikki jinsli, och binafsha rangli, boʻyi 14-19, eni 8-11 mm. Bodomning poʻsti qalin tuk bilan qoplangan, boʻyi 20 — 38 mm. Magʻzi achchiq. A. mart — aprelda gullab, iyun — iyulda meva beradi. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining dengiz sathidan 850 — 2500 m balandlikdagi adir va togʻlarida, tosh oralarida va sershagʻal tuproqlarda oʻsadi. A.dan shirin magʻizli bodom va shaftoli yetishtirishda payvandtag sifatida va kam suv, shagʻalli adir va togʻ qiyalarini daraxtzor va mevazorlashtirishda foydalaniladi. Magʻizda 50% moy va 2,5 — 4% gacha amigdalin glyukozidi bor, undan har xil dorilar tayyorlanadi. A. moyi yoʻtal, istis-qo, zotiljam va buyrak kasalli-klariga davo. Mahalliy aholi A.ning ildiz poʻstidan matolarni sariq rangga boʻyashda va teri oshlashda foydalanadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil