Kontent qismiga oʻtish

Abulmisk Kafur

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abulmisk Kafurning oltin dinori. 966-yil Falastinning Ramla shahrida zarb etilgan.

Abulmisk Kafur (arabcha: أبو المسك كافور‎) (905—968), shuningdek al-Laysiy, as-Suriy, al-Labiy, Ixshidiylar hukmronligi davrida Misr va Suriyada hukmron shaxslaridan biri[1]. Aslida qora tanli numibiyalik (ehtimol) qul boʻlgan Kafur Misr vaziri etib tayinlangan va 946-yilda oʻz xoʻjayini Muhammad ibn Tugʻjning vafotidan soʻng, mamlakatni amalda boshqara boshlagan. Shundan so‘ng, 968-yilda vafot etgunga qadar Ixshidiylar hududlari boʻlgan Misr va janubiy Suriyani (shu jumladan, Damashq ham) boshqarib kelgan[2].

Ismi “mushkli kofur” maʼnosini anglatadigan[3], Abulmisk Kafur ismli shaxs turli manbalarda Habashiston (Efiopiya), Bilod as-Sudan yoki Nubiyadan kelgani haqida maʼlumot berilgan. Ushbu variantlar orasidan eng ehtimolga yaqini Nubiya hisoblanadi[4]. Kafurni Misr ixshidiylari sulolasining asoschisi Muhammad ibn Tugʻj 923-yilda qul sifatida sotib olgan. Manbalarda u qora tanli va haram ogʻasi deya qayd etilgan. Qulning aql-zakovati va isteʼdodini payqagan Ibn Tugʻj uni ozod qilgan[2]. Rivoyat qilinishicha, Kafurning ozodlikka erishishining sababi u doimo xoʻjayinining koʻziga qaragan, boshqalar esa xoʻjayinning inʼomlariga koʻz tikishar edi. Tarixchi Philip Hitti taʼkidlaganidek, Kafur bunday sadoqati uchun saxiylik bilan mukofotlanishi kutilgan[5]. Ibn Tugʻj oʻzining ikki oʻgʻlining taʼlimi uchun Kafurni nazoratchi etib tayinladi. Shundan soʻng, Misr hukmdori Kafurni harbiy zobit darajasiga koʻtargan. Dala qoʻmondoni boʻlgan Kafur 945-yilda Suriyaga uyushtirilgan qarshi harbiy yurishni boshqargan, shuningdek, Hijozdagi harbiy yurishlarga ham masʼul etib tayinlangan. Kafur Ixshidiylar va Bagʻdod xalifasi oʻrtasidagi ayrim diplomatik muzokaralarda faol ishtirok etgan[6].

Kafur 946-yilda amalda Misr davlati hukmdoriga aylandi. Ibn Tugʻjning oʻgʻillariga vasiy boʻlgani sababli ularning otasi vafot etgandan soʻng, oʻgʻillar nomidan mamlakatni boshqara boshladi. Keyingi davr tarixchilari Kafurni adolatli hukmdor deya taʼriflagan boʻlsalar-da, oʻz shuhratini koʻp jihatdan oʻrta asr arab shoiri Mutanabbiyning Kafurga qarshi yozgan oʻtkir hajviy sheʼrlari hisobiga boy bergan.

Kafur 968-yil aprel oyida vafot etgach, Quddusda, Ixshidiy amirlarga yaqin joyda, Maʼbad togʻidagi Qabilalar darvozasi yaqinida dafn etilgan[7].

Sobiq qul maqomi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kafurning sobiq qul boʻlgani uning Ixshidiylar hukmronligi davrida yuqori mavqega erishishi uchun toʻsiq boʻlmagan. Mamluklar (ya’ni sobiq qullar) harbiy tashkilotga kirishi va hatto yuqori lavozimlarga erishishi odatiy hol edi[8]. Kafur singari koʻplab afrikaliklar turli kasblarda faoliyat yuritgan[9]. Kafurning Afrikada qullikdan to Misr va Suriyaning bir qismini boshqargan hukmdor darajasiga qadar koʻtarilishi islom tarixida past tabaqadan kelib chiqqan mustaqil hukmdorlarning eng dastlabki misollaridan biri edi[5].

Ichki siyosat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kafur Misrni amalda boshqargan boʻlsa-da, rasman Ixshidiylar sulolasi hukmdorlari nomidan ish olib borgan. Oʻlim toʻshagida yotgan Ibn Tugʻj ikki oʻgʻliga Kafurni vasiy etib tayinlagan edi. 946-yilda Kafur Ibn Tugʻjning katta oʻgʻli Unujurga taxt vorsiligini taʼminlashda koʻmaklashdi. 961-yilda esa Unujurning ukasi Ali ibn al-Ixshidga Misr taxtini egallashda koʻmaklashdi. Faqatgina 966-yilda, Ali vafot etgandan soʻnggina, Kafur oʻzini Misrning yagona hukmdori deya oshkora eʼlon qildi[6].

Kafur oʻziga nisbatan kuchli bosim boʻlishiga qaramay, Misr ichkarisida barqarorlikni taʼminlashga muvaffaq boʻldi. 947—948-yillarda Gʻalbun boshliq qoʻzgʻolonga qarshi kurashib, uni bostirishga erishdi. 954-yilda Unujur uyushtirgan muvafaqqiyatsiz davlat toʻntarishiga urinishni samarali bartaraf eta oldi. Shuningdek, oʻziga qarshi Ismoiliylarning buzgʻunchi targʻiboti tarqalishidan ham omon qoldi. Uning ichki siyosiy chigalliklarni bartaraf etish mahorati Ixshidiylar sulolasining umrini sezilarli darajada uzaytirgan, deb eʼtirof etiladi[6].

Tashqi siyosat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abulmisk Kafurning eng katta yutuqlaridan biri Ixshidiylar sulolasini turli xavflardan samarali himoya qilgani edi. Suriyada joylashgan Hamdoniylar, Misr gʻarbidagi Shimoliy Afrikada hukmronlik qilgan Fotimiylar, Arabiston yarim orolidagi qarmatlar hamda Misrning janubidan kelgan Nubiylarga qarshi muvaffaqiyatli mudofaa tizimini yaratdi[6].

Avvalroq Kafurning xoʻjayini Muhammad ibn Tugʻj unga Suriya va Hijoz hududlaridagi harbiy yurishlarga boshchilik qilishni ishonib topshirgan edi. Kafurning harbiy va diplomatik choralari natijasida 947-yilda Ixshidiylar Damashqni Hamdoniylardan tortib olgan[6]. Halab hokimi Sayf ud-Davla Suriyani bosib olishga uringan. Biroq uning harakatlari Kafur tomonidan bartaraf etilgan. Natijada, Sayf ud-Davla Suriyaning ayrim hududlari ustidan Kafurning hukmronligini tan olishga majbur boʻlgan[5].

Kafur Fotimiylar hududlari va hukmronligining Misrga qadar kengayishini toʻxtatib turishga hamda Fotimiylarning yollanma askarlari tomonidan amalga oshiriladigan harakatlarni samarasizlik bilan yakun topishiga sabab bo'lgan. Kafur tirikligida Ixshidiylar Fotimiylarni oʻzidan uzoqda tutib turdi. Kafurning vafotidan soʻng esa Fotimiylar Misr ustidan boshqaruvni qoʻlga kiritdi[6].

Jiddiy qiyinchiliklarga qaramay, Kafur Misrda umumiy iqtisodiy barqarorlikni saqlashga muvaffaq boʻldi. Jumladan:

  • 954-yilda sodir boʻlgan yongʻin Fustatning tijoriy markazini vayron qilgan;
  • 955-yil yoki 956-yil boshida Misrda kuchli zilzila sodir boʻlgan;
  • 949, 952, 955 va 963—968-yillarda oziq-ovqat narxlari inflatsiyasining (baʼzan ocharchilikka sabab boʻlgan) qayta-qayta sodir boʻlishi va buning oqibatida fuqarolar orasida tartibsizlikning kelib chiqishi kabilar.

Hukumatning yirik xarajatlarini hisobga olmaganda, Kafur maʼmuriyati ortiqcha soliq undirish amaliyotlaridan tiyildi. Kafur iqtisodiy yutuqlariga hissa qoʻshish maqsadida Yaqub ibn Killis singari mohir maʼmurlar va savdogarlar xizmatlaridan ham foydalangan[6].

Sanʼatga homiyligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abulmisk Kafur olimlar va yozuvchilarga ham homiylik qilishi tufayli xalq orasida mashhur boʻlgan. A.S. Ehrenkreutzning taʼkidlashicha, Kafurning ehtimoliy eng mashhur homiyligi shoir Mutanabbiyga nisbatan boʻlgan[6]. Bunga javoban al-Mutanabbiy sobiq qulni maqtagan. Biroq Kafur unga oʻzi xohlagan lavozimni bermagandan soʻng, Mutanabbiy Kafurni masxara qila boshlagan. Philip Hitti bergan ma'lumotlaga koʻra, oʻz davrining eng mashhur shoiri boʻlgan Mutanabbiy sheʼriyatida Kafur nomi abadiylashtirilgan[5].

Kafur taqvodor shaxs boʻlgani bois shoirlardan koʻra ulamolar davrasida oʻzini ancha qulay his qilgan. Kafurning atrofini dindorlar oʻrab olgan. Ulardan baʼzilariga sovgʻalar ulashgan. Giza va al-Muqattamda ikkita masjid va shifoxona qurdirgan[6]. Shunga qaramay, irim-sirimlarga qattiq ishongan. Hatto bir marta uyini jinlar egallagan deb oʻylab, o'z uyini tashlab ketishga majbur boʻlgan[10].

Kafurning saroyi muhtasham va hashamatli boʻlgan. Biroq ocharchilik paytlarida bu holat aholi uchun maqbul emas edi[2]. Masjid va shifoxonadan tashqari, Kafur bir qancha hashamatli saroylar va poytaxtda Kafuriya bogʻlarini qurdirgan. Hozirga qadar Kafur davriga oid birorta ham arxeologik obyektlar aniqlanmagan[6].

  1. "Kāfūr, Abu'l Misk al-Ikhsidi." E.J. Brill's first encyclopaedia of Islam 1913-1936. Edited by: M. Th. Houtsma, E. van Donzel. Brill, 1993. p. 623
  2. 2,0 2,1 2,2 Abū al-Misk Kāfūr." Encyclopædia Britannica. 2008. Encyclopædia Britannica Online. Jul. 2008
  3. Fromherz 2012.
  4. Yusuf Fadl Hasan, The Arabs and the Sudan From the Seventh to the Early Sixteenth Century (Edinburgh University Press, 1967), p. 225 n. 36.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Hitti, Philip K. History of Syria Including Lebanon and Palestine. Gorgias Press LLC. p.562-3
  6. 6,00 6,01 6,02 6,03 6,04 6,05 6,06 6,07 6,08 6,09 Ehrenkreutz 1978, ss. 418–419.
  7. van Berchem 1927, ss. 13–14.
  8. Kashif, S.I. Misr fi Asr al-Ikhshidiyin 2 ed. (Cairo, 1970), p. 255
  9. Jacob F. Ade Ajayi. General History of Africa: Africa in the Nineteenth Century Until the 1880s. University of California Press. p. 749
  10. Bianquis 1998, ss. 115–116.
Oldingisi Misr, Suriya va Hijozning Ixshidiy noibi
(de yure Abbosiylar xalifaligi hukmronligi ostida)

966-yil yanvar — 968-yil aprel
Keyingisi