Kontent qismiga oʻtish

Abu as-Soj Devdad

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu as-Soj Devdad
أبو الساج ديوداد
Ahvozning Abbosiy noibi
Mansab davri
875 – 876
Monarx al-Muʼtamid
Vorisi Ibrohim ibn Sima
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi Abbosiylar xalifaligi
Vafoti 879
Munosabatlari Abdulrahmon ibn Muflih (kuyovi)
Bolalari Muhammad
Yusuf
Otasi Devdad

Abu as-Soj Devdad (arabcha: أبو الساج ديوداد‎, Abū as-Sāj Dīvdād; 879-yilda vafot etgan) Soʻgʻd shahzodasi, Abbosiylar xalifaligining eng koʻzga koʻringan amirlari, sarkardalari hamda amaldorlaridan biri boʻlgan. Ozarbayjonning Sojiylar sulolasi asoschisi boʻlib, sulola nomi uning ismidan kelib chiqqan. Otasining ismi Devdasht boʻlgan.

Abu as-Soj Jankakax va Suydak nomli ikki qishloqdan kelib chiqqan soʻgʻdiy oilaga mansub edi. Bu qishloqlar bir-biriga juda yaqin joylashgan boʻlib, Ushrusana viloyatiga qarashli edi. Abu as-Soj Abbosiylar xizmatiga kirib, 837-yilda Afshin qoʻmondonligi ostida isyonchi Bobak Xurramdinga qarshi amalga oshirilgan soʻnggi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Shuningdek, 839-yilda karoniy qoʻzgʻolonchi Mazyarga qarshi, bir yil keyin esa Afshinning amakivachchasi va yordamchisi Minkajur al-Fargʻoniyga qarshi ham jang qilgan. Keyingi bir necha oʻn yillar davomida turli viloyatlarda xalifalarga xizmat qildi[1]. Abu as-Soj 865-yilda davom etayotgan fuqarolar urushi paytida xalifa al-Musta’in tomoniga oʻtib, al-Mada’in shahrini mudofaa qilish vazifasini zimmasiga oldi[2].

875-yilda Abu as-Sojni xalifa Ahvoz noibi etib tayinlab, unga Ali ibn Muhammad isyonini bostirish vazifasini topshirdi. Ali ibn Muhammad bir guruh zanjiy qullarni toʻplab, ularni qoʻzgʻolonga undagan edi[3]. Abu as-Soj Ahvozga yoʻl olar ekan, Muhammad ibn Vosilni boʻysundirish uchun oʻz kuyovi Abdulrahmon ibn Muflihni Forsga joʻnatdi. Biroq, Abu as-Soj Dulabda (Ahvoz yaqinidagi qishloq) boʻlgan paytda Abdurahmmonning magʻlubiyati va vafoti haqida xabar yetib keldi. Bu xabar tufayli rejasini oʻzgartirib, Askar Mukram tomon yoʻl olishga majbur boʻldi. Zanjilar bundan Ahvozga hujum qilish uchun imkon sifatida foydalanib, shaharni talon-taroj, aholini esa qirgʻin qilishdi. Bu esa xalifani Abu as-Sojni lavozimidan boʻshatib, oʻrniga Ibrohim ibn Simoni tayinlashga majbur qildi.

Keyingi yili Abu as-Soj xalifaga qarshi yurish boshlagan Safforiylar amiri Ya’qub bin Lays tomoniga oʻtdi. Bu vaqtda Ya’qub bin Lays oʻz qoʻshinini Iroqqa qarshi yurish asnosida Xuziston hududiga boshlab kirgan edi. Abu as-Soj Safforiylarning magʻlubiyati bilan yakunlangan Dayr al-Aqul jangida ishtirok etgan. Rivoyatlarga koʻra, jangdan soʻng Yaʼqubga notoʻgʻri taktika qoʻllagani uchun e’tiroz bildirgan. Magʻlubiyatdan soʻng xalifalik regenti al-Muvaffaq as-Sojning Iroqdagi mol-mulkini musodara qilgan. 879-yilda Ya’qub sanchiq kasalligidan vafot etgach, oʻrniga ukasi Amr ibn al-Lays taxtga oʻtirdi. Amr ibn al-Lays Abbosiylar xalifaligi bilan tinchlik bitimi tuzdi.

Xalifa bilan sulh tuzilgach, Abu as-Soj Forsdan Bagʻdod tomon yoʻlga chiqdi. Biroq, Bagʻdodga yetib borishga ulgurmay, noyabr-dekabr oylarida Gundishopurda vafot etdi. Ikki oʻgʻli Muhammad va Yusuf keyinchalik ajoyib faoliyat yuritib, mos ravishda Ozarbayjonning birinchi va uchinchi Sojiy noiblari boʻlishdi.

  1. Madelung, "Dynasties," 228
  2. Madelung, "Banu Saj"
  3. Ali, Adam (2022-01-28), „Zanj Revolt in the Abbasid Caliphate (Iraq)“, Oxford Research Encyclopedia of African History (inglizcha), doi:10.1093/acrefore/9780190277734.013.933, ISBN 978-0-19-027773-4

Qoʻshimcha oʻqish uchun

[tahrir | manbasini tahrirlash]