Dorimiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Imom Dorimiy (798-869)

Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Bahrom ibn Abdusamad at-Termiziy as-Samarqandiy ad-Dorimiy
Tavalludi 798-yil
Movarounnahr Samarqand
Vafoti 17-noyabr 869
Istiqomat joylari Xuroson, Marv, Qohira, Damashq, Bagʻdod, Makka, Madinada
Fuqaroligi Abbosiylar
Sohasi hadis, tafsir, fiqh ilmlarining allomasi
Mashhur ishlari "Al-Musnad" ("Tayanch"), "Attafsir" ("Qurʼon sharhi"), "Al-Jomeʼ" ("Toʻplam"), "As-Sulosiyot fil hadiys" ("Hadislardagi uchliklar, yaʼni uch oʻzak harfli feʼllar"), "Kitob as-sunna fil hadiys" ("Hadislardagi sunnatlar haqida kitob")
Dini Islom
  • Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Bahrom ibn Abdusamad at-Termiziy as-Samarqandiy ad-Dorimiy (798— Samarqand, Dorim qishlogʻi — 869) — buyuk muhaddis.

Dastlab oʻz yurtida diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini oʻrgandi, keyin Qohira, Damashq, Bagʻdod, Makka, Madinada, shuningdek, Xurosonning taniqli olimlaridan saboq oldi.

  • Imom al-Buxoriyning ustozi hisoblanadi. D. hadis, tafsir, fiqh ilmlarining allomasi darajasiga koʻtarildi.
  • Asarlari:"Al-Musnad" ("Tayanch"), "Attafsir" ("Qurʼon sharhi"), "Al-Jomeʼ" ("Toʻplam"), "As-Sulosiyot fil hadiys" ("Hadislardagi uchliklar, yaʼni uch oʻzak harfli feʼllar"), "Kitob as-sunna fil hadiys" ("Hadislardagi sunnatlar haqida kitob") asarlari uning ilmiy-maʼnaviy merosini tashkil etadi. D.ning eng muhim asari "AlMusnad" boʻlib, "Sunan ad-Dorimiy" nomi bilan mashhur. 2 jilddan iborat bu asar 1996-yilda Bayrutda chop etilgan. Bu asarda haj, zakot, roʻza, nikoh va taloq, vasiyatnoma va b. koʻplab tushunchalar mazmuni, Muhammad (as)ning musulmonlar ijtimoiy va maʼnaviy hayotining hamma sohalari yuzasidan aytgan fikrlari tushuntirib beriladi. Bu asar "Assihah assitta" (oltita sahih) kitoblari jumlasiga (Ibn Mojaning "Sahih"i oʻrniga) kiritilgan. D. ayrim manbalarga koʻra, Samarqand viloyatining Toyloq tumani hududida dafn etilgan.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

IX asrda faoliyat yuritgan samarqandlik muhaddislardan Imom Dorimiy hadis ilmida alohida oʻrin egallaydi. Allomaning toʻliq ismi Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussamad Tamimiy Samarqandiy Dorimiy boʻlib, 798-yilda tavallud topgan. Xuddi shu yili yirik muhaddis Abdulloh ibn Muborak Marvaziy vafot etgan. Manbalarda shu tarixiy voqea sabab Imom Dorimiyga «Abdulloh» deb ism qoʻyilgani qayd etiladi. Muhaddisning bobosi Banu Tamim qabilasi mavlosi hamda Paygʻambar (s.a.v.)ning kotiblaridan biri boʻlgan Dorim ibn Molik ibn Hanzala ibn Zayd Manot ibn Tamimga bogʻlangan holda allomaga «Dorimiy» nisbasi qoʻllangan. Shu bilan birga, Imom Dorimiyni «Doramiy» nisbasi bilan ataganlar ham bor. Abu Tohirxoja «Samariya» asarida Imom Dorimiy haqida «...U hadis aytuvchilardan. Shavdor tumaniga qarashli Ispaniy qishlogʻidadir. U Samarqand muzofotidan boʻlgan, qadimda Doram deb ataladigan qishloqdan boʻlgani uchun Doramiy deb dong chiqargan.... Doramiyning tarjimai holi belgilik emas...» kabi mazmundagi ma’lumotni keltiradi. Bunda Abu Tohirxoja uning nisbasini «Doram» deb nomlangan joy nomi bilan bogʻlaydi. Imom Dorimiy yoshlik chogʻlaridanoq aql-zakovati,oʻtkir zehni, ayniqsa, eslab qolish qobiliyatining oʻta kuchliligi bilan barchani hayratga solgan. Bu haqda Muhammad ibn Ibrohim ibn Mansur Sheroziy: «Imom Dorimiy komil mufassir edi. U aqlda, fahmda, fazlda, dinda yetuk edi. U zotning yod olish zehnlari, halimliklari, bosiqliklari, tirishqoqliklari, dunyoviy zohidliklari, ibodatlari zarbulmasal qilingandir», – deb ta’rif beradi. Manbalarda Imom Dorimiyning oilasi haqida soʻz bormasada, uning kunyasi «Abu Muhammad»ligini e’tiborga olib, Muhammad ismli oʻgʻli boʻlganini bilish mumkin. Olimning yaqinlari, qarindoshlari ham ilm ahllaridan boʻlgan. Jumladan, allomaning togʻasi Abu Usoma Ahmad ibn Muoviya, akasining oʻgʻli Abu Ahmad Fazl ibn Muhammad Dorimiy ham hadis rivoyat qilganlar.
Ilm Yo'lidagi safarlari Imom Dorimiy dastlabki ta’limini oʻz yurti Samarqandda oladi. Soʻngra oʻsha davrda ilm-fan va madaniyat taraqqiy qilgan markazlardan boʻlmish Fustot (Qohira), Damashq, Bagʻdod, Makka, Madina, shuningdek, Xurosonning turli shaharlaridagi taniqli olimlardan diniy va dunyoviy fanlar, ayniqsa, hadis ilmi boʻyicha oʻz bilimlarini oshiradi. Bu davrda muhaddislar Paygʻambar (s.a.v.)ning sunnatlarini asl holida kelajak avlodga yetkazish uchun ishonchli rivoyatlarni olib, uni sof koʻrinishda, har qanday soxtaliklardan xoli boʻlgan holda toʻpladilar. Imom Dorimiy hayotining asosiy qismini ilm talabida safar qilish bilan oʻtkazgan olimlar sirasiga kirgan. U safarlari davomida hadislarni eshitib, jamlash bilan cheklanmay, hadis isnodlarining oliy, muttasil (uzluksiz), undagi roviylarning soni kam boʻlishiga ham katta e’tibor qaratgan. Alloma ilmiy safarlarini Xuroson shaharlaridan boshlaydi. Jumladan, mashhur hofiz Nazr ibn Shumayldan (vaf. 818 y.) Marv shahrida hadis ilmidan saboq olib, koʻplab hadislar tinglaydi. Jumladan, Rasululloh (s.a.v.)ning:«Sizlar yetmishta ummatga barobarsiz (tengsiz). Sizlar ummatlarning eng soʻnggisi va Alloh nazdida eng e’tiborlisisiz!», degan mazmundagi hadislarini yozib olib,oʻzining hadislar toʻplamiga kiritadi. Imom Dorimiy dastlabki ta’limini oʻz yurti Samarqandda oladi. Soʻngra oʻsha davrda ilm-fan va madaniyat taraqqiy qilgan markazlardan boʻlmish Fustot (Qohira), Damashq, Bagʻdod, Makka, Madina, shuningdek, Xurosonning turli shaharlaridagi taniqli olimlardan diniy va dunyoviy fanlar, ayniqsa, hadis ilmi boʻyicha oʻz bilimlarini oshiradi. Bu davrda muhaddislar Paygʻambar (s.a.v.)ning sunnatlarini asl holida kelajak avlodga yetkazish uchun ishonchli rivoyatlarni olib, uni sof koʻrinishda, har qanday soxtaliklardan xoli boʻlgan holda toʻpladilar. Soʻngra Imom Dorimiy Iroq shaharlarida bir qancha ustozlardan tahsil oladi. Jumladan, muhaddis taxminan 17-18 yoshlarida Basra shahrida boʻlib, turli roviylardan hadis tinglaydi. Xususan, basralik Ravh ibn Aslamdan (vaf. 815 y.) hadislar eshitadi. Keyin esa,Iroqning Bagʻdod, Vosit, Kufa, Hiyt kabi shaharlarida boʻlib, oʻz davrining koʻpdan-koʻp yetuk muhaddislaridan hadis ilmini oʻrganadi. Imom Dorimiy oʻzining «Sunan» asarida 250 dan ortiq shayx-ustozlardan hadis rivoyat qilgan. Ustozlarining asosiy qismini Kufa, Basra, Bagʻdod kabi shaharlardan chiqqan roviylar tashkil etadi. Manbalarda uning ustozlari qatorida Muhammad ibn Bashshor, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Faryobiy, Abu Musahhar Dimashqiy, Marvon ibn Muhammad, Abulvahhob ibn Said, Yazid ibn Horun Vositiy, Said ibn Omir Zab’iy, Ja’far ibn Avn, Zayd ibn Yahyo ibn Abiyd Dimashqiy, Vahb ibn Jarir, Xo-lid ibn Muhammad, Habbon ibn Hilol, Ashhol ibn Hotam Jumahiy, Zahhok ibn Muhammad, Ubaydulloh ibn Muso, Abul Mugʻiyra Foryobiy, Abdusamad ibn Abdulvoris, Yahyo ibn Hasson, Asvad ibn Omir, Bishr ibn Umar Zahroniy kabi allomalar zikr etiladi. Xatib Bagʻdodiyning «Bagʻdod tarixi» asarida Imom Dorimiy haj safariga ketayotganida Kufada toʻxtab, Yahyo ibn Abdulhamid Hammoniy (vaf. 842 y.) va boshqa muhaddislar bilan suhbatda boʻlgani, suhbatlar koʻp hollarda bahs-munozaralarga aylanib, hadis roviylari, isnodlarning ishonchliligi xususida tortishuvlar boʻlgani aytiladi. Xatib Bagʻdodiy keltirgan ma’lumotlardagi suhbatdoshlarning hayot yillarini aniqlash orqali Imom Dorimiy taxminan 40 yoshlarida haj ibodatini amalga oshirgani, safar chogʻida ham oʻzining asarlari ustida tinmay izlanganini anglash mumkin. Imom Dorimiy arab xalifaligining koʻp shaharlarida oʻz bilimlarini oshirib, nihoyat oʻz vatani – Samarqandga qaytib keladi. Ilm yoʻlida uzoq yillar olib borgan tinimsiz sa’y-harakatlari va izlanishlari natijasida u hadis, tafsir va fiqh ilmlarining allomasi darajasiga koʻtarildi. Oʻrta asr olimlari «Imom Dorimiyning Samarqandda hadis va osor ilmlarining ravnaq topishida ulkan hissasi bor», deb yakdillik bilan alohida ta’kidlaydilar. Allomaga umrining oxirgi yillarida Bosh qozi lavozimi taklif qilinadi. Biroq uning ilm olishga boʻlgan behad qiziqishi va shaharning Bosh qozisi lavozimi katta mas’uliyatni talab etishini anglagani ushbu taklifni rad qilishiga sabab boʻlgan.
Vafoti Imom Dorimiyning vafot etgan sanasi, dafn etilgan mavzesi haqida turli xil fikrlar mavjud. Biroq aksariyat ishonchli manbalarda, jumladan, Xatib Bagʻdodiy, Abu Hafs Nasafiy, Shamsuddin Zahabiy kabi olimlarning ta’kidlashlaricha, Imom Dorimiy vafot etgan sana milodiy hisobda 869-yilning 18-noyabriga toʻgʻri keladi. Ayrim turk va arab tadqiqotchilarining kitoblarida alloma dafn etilgan joy sifatida Xurosonning Marv shahri koʻrsatiladi. Biroq Shamsud-din Zahabiy «Tarix al-islom» asarida olimning ukasi Ibrohim ibn Abdurahmon Dorimiyning (vaf. 880 y.) Samarqandda vafot etgani hamda akasining yoniga dafn qilingani haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, Najmuddin Umar Nasafiy Imom Dorimiy Chokardiza qabristoniga dafn qilingan, unga Samarqand amiri Ahmad ibn Yahyo ibn Asad janoza oʻqigan, deb aytsa, «Samariya»da Imom Dorimiyning qabri Shavdor tumanidagi Ispaniy (hoz. Ispandiy) qishlogʻida, Samarqand shahri bilan mozorning orasi 11 chaqirimcha yoʻl, deb keltiriladi. Muhaddis janozasini ehtirom yuzasidan Samarqand amirining shaxsan oʻzi oʻqigani hamda ukasi dafn etilgan joyi haqidagi ma’lumotlar olimning qabri Samarqand yaqinida ekaniga dalolat qiladi. 2000-yilda Samarqand viloyati, Toyloq tumani, Ispandiy qishlogʻida Imom Dorimiy maqbarasi va Jome’ masjid ta’mirlanib, obod qilindi.

Ilmiy me'rosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

«Sunan» nomi bilan tanilgan «Musnad»i (lugʻaviy ma’nosi «Tayanch» yoki «Isnodli hadislar toʻplami») olimning shoh asari hisoblanadi. Olimlar «Sunan»ning nomlanishiga turlicha munosabat bildiradilar. Hofiz Iroqiy, Imom Zahabiy asardagi barcha hadislar toʻliq isnod bilan berilgani uchun uni «al-Musnad», Alouddin Mugʻultoiy hadislarining ishonchliligi darajasidan kelib chiqqan holda «as-Sahih», Ibn Hajar Asqaloniy va Suyutiy kabi boshqa ulamolar fiqhiy hadislar toʻplami boʻlgani bois «as-Sunan» deb ataydilar. Biroq ayrim tadqiqotchilar muallif asarini umumiy nom bilan, ya’ni «al-Jome’ as-sahih al-musnad li sunan Rasululloh s.a.v.» (Rasululloh (s.a.v.) sunnatlarining ishonchli musnad toʻplami) deb atagan boʻlishi mumkin, degan fikrni bildiradilar. Ibn Hajar Asqaloniy mazkur asarni «Sihoh sitta»ning oltinchi kitobi sifatida qabul qiladi. «Sunan» ikki jilddan iborat boʻlib, kitoblarga, ular oʻz navbatida boblarga boʻlinadi. Asar arablarning islomdan avvalgi ba’zi odatlari, Rasululloh (s.a.v.)ning siyratlari,hadislarning yozilish davri va ilm fazilatiga oid jami 163 sahifalik muqaddima hamda 23 ta kitobdan tashkil topgan. «Sunan» 3506 hadisni oʻz ichiga olgan 1403 bobdan iborat. Manbalarda Imom Dorimiyning «Kitob at-Tafsir» – Qur’oni karim tafsiriga oid asari boʻlgani haqida ma’lumot beriladi. Imom Dorimiy ushbu asarida Qur’onni toʻliq tafsir qilganmi yoki ayrim juzlari-nimi, bu haqda aniq ma’lumot yoʻq. Biroq ushbu asarning tarixiy ahamiyati katta. Chunki u bizgacha yetib kelgan birinchi tafsir, deb hisoblangan Ibn Jarir Tabariyning (839–922) tafsiridan taxminan yarim asr ilgari yozilgan asardir. Shuningdek, allomaning «al-Jome’» (Toʻplam), fiqhiy masalalarga bagʻishlangan «Kitob as-sunna fi-l-hadis» (Hadisdagi sunnat amallar haqida kitob), «Kitob saum al-mustahozot va-l-mutahayyirot» (Uzrli ayollarning roʻzasi haqidagi kitob) kabi asarlari boʻlgani haqida manbalarda zikr etiladi. Imom Dorimiyning «as-Sulosiyyot fi-l-hadis» – «Uch roviyli hadislar toʻplami» nomli asari ham mavjud.Muhaddisning ushbu asari «Sunan»ning tarkibiga kiritilgan oʻn besh hadisdan iborat boʻlgan toʻplam boʻlib,uch roviyli isnodga ega boʻlgan hadislardan tarkib topgan.

Ajdodlar yodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mustaqillik yillarida yurtimizda Imom Dori-miyning ilmiy-ma’naviy merosi boʻyicha bir qator ilmiy tadqiqotlar olib borildi, ilmiy-ommabop kitoblar chop etildi. Xususan, «Imom Dorimiyning hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi» mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasi (M.Alimova, 2009) himoya qilindi; Toshkent islom universiteti qoshidagi Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ulugʻ allomalarimiz hayoti va ijodiy faoliyati haqida ilmiy-ommabop tilda hikoya qiluvchi «Buyuk ajdodlarimiz» turkumida «Imom Dorimiy» (M.Alimova, 2009), ajdodlarimizning islom dini va madaniyati rivojida alohida oʻrin tutgan asarlarini tarjima qilish, ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlash va chop etishga qaratilgan «Ma’rifat ziyosi» turkumida «Sunani Dorimiy: saylanma» (Tarjimonlar jamoasi, 2011) kabi risolalar, koʻplab ilmiy maqolalar nashr etildi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • OʻzME.Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
https://moturidiy.uz/oz (Wayback Machine saytida 2022-05-08 sanasida arxivlangan)