Kontent qismiga oʻtish

Abu Mansur Fulad Sutun

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu Mansur Fulad Sutun
Forsning buvayhiy amiri
Saltanat 1048—1062
Oʻtmishdoshi Abu Kalijar
Davomchisi Shabankara bosqini
Vafoti 1062
Fors
Turmush oʻrtogʻi Dovudbekning qizlaridan biri
Uy Buvayhiylar
Otasi Abu Kalijar
Dini Islom (Shialik)

Abu Mansur Fulad Sutun (forscha: ابو منصور فولاد ستون‎; 1062-yilda vafot etgan) Forsning soʻnggi buvayhiy amiri. Kichik uzilishlar bilan 1048-yildan to vafotiga qadar hukmronlik qilgan. Abu Kalijarning oʻgʻli.

Hokimiyat uchun kurash

[tahrir | manbasini tahrirlash]
X—XI-asrlar Fors va uning atrofidagi hududlar xaritasi

1048-yilda Abu Kalijar vafot etgach, katta oʻgʻli Abu Nasr Xusrav Firuz Bagʻdodda katta amir boʻlib, „al-Malik ar-Rahim“ unvonini oldi. Abu Mansur akasiga qarshi bosh koʻtarib, Forsni egalladi. Al-Malik ar-Rahim ukasi Abu Sad Xusravshoh bilan birga Forsga bostirib kirib, Sherozni egalladi. Bosqin paytida Abu Mansurni ham qoʻlga oldi. Biroq qoʻshindagi turklar va daylamiylar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar ittifoqchilarni viloyatni tark etib, uni Abu Mansur ixtiyorida qoldirishga majbur qildi[1]. Abu Mansur yana Fors hukmdori boʻlib, Ahvozning bir qismini al-Malik ar-Rahimdan tortib oldi. Al-Malik ar-Rahim esa nafaqat Ahvozni qaytarib oldi, balki Abu Mansurdan Asqar Mukram nomli yana bir shaharni ham tortib oldi.

1051 yoki 1052-yilda al-Malik ar-Rahim qoʻshini yana Forsga bostirib kirib, Abu Mansur va uning ittifoqchilarini magʻlub etdi. Fors keyingi bir yil davomida Iroq bilan birlashib, hududni al-Malik ar-Rahim nomidan Abu Sad Xusravshoh boshqardi. Abu Mansur esa saljuqiy sulton Toʻgʻrulbekdan yordam soʻrab, 1053 yoki 1054-yilda Sherozni qaytarib olishga muvaffaq boʻldi. Shundan soʻng, Toʻgʻrulbekni oʻz hukmdori deya tan olib, sultonning ismini xutbada birinchilikka, al-Malik ar-Rahimdan oldinga qoʻydirdi[2]. 1055-yilda Fulax ismli daylamiylar lashkarboshisi Sherozni egallab, Abu Mansurni Forsdan chekinishga majbur qildi. Soʻngra Fulax al-Malik ar-Rahim bilan shartnoma imzolab, uning hukmronligini tan olishga rozilik berdi. Biroq al-Malik ar-Rahim va Abu Sad Xusravshoh unga ishonmay, Abu Mansur bilan ittifoqlikda Sherozni Fulaxdan qaytarib olishga muvaffaq boʻldilar. Abu Mansur yana bir bor al-Malik ar-Rahimning hokimiyatini tan olishga rozi boʻldi.

Saljuqiylar hukmronligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1055-yil dekabrda al-Malik ar-Rahimni Bagʻdodda Toʻgʻrulbek qoʻshinlari asir olib, taxtdan agʻdardi. Shu bilan Iroqda buvayhiylar hukmronligiga chek qoʻyildi. Saljuqiylar hukmronligini yana bir bor tan olgan Abu Mansur esa saljuqiylar vassali boʻlib, yana yetti yil Forsda hokimiyat tepasida tura oldi. Biroq aka-ukalari bilan doimiy kurashlar hokimiyatini zaiflashtirib, 1062-yilda Shabankara qabilasi boshligʻi Fadluyaga qarshi jangda halok boʻldi. Qisqa vaqtdan soʻng, Saljuqiylar Sherozga kirib, Fors ustidan toʻliq nazorat oʻrnatdi[3].

  1. Bosworth 1975, ss. 301–302.
  2. Bosworth 1975, s. 302.
  3. Bosworth 1975, ss. 303–304.
Oldingisi Buvayhiy amir (Forsda)
1048—1062
Fors ustidan Shabankara hukmronligining oʻrnatilishi