Kontent qismiga oʻtish

Abu Luʼlua

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu Luʼlua Firuz
أبو لؤلؤة فيروز
Tavalludi nomaʼlum
Nahovand, Eron (katta ehtimol bilan)
Vafoti

tarixiy: 644
Madina, Arabiston


afsona: 644-yildan keyin
Koshon, Eron

Abū Luʾluʾa Fīrūz (arabcha: أبو لؤلؤة فیروز‎), hozirgi fors tilidagi manbalarda Abu Luʼlu (ابولؤلؤ) yoki Firuz Nahovandiy (فیروز نهاوندی) nomi bilan ham ataladi. 644-yilning noyabr oyida Roshidun xalifasi Umarni (h. 634–644) oʻldirgan.

Fors yerlari arab-musulmonlar tomonidan zabt etilganida Abu Lu’lua asirga olingan va Roshidun xalifaligining poytaxti boʻlgan Madina shahriga olib kelingan. Oʻsha paytda arab boʻlmagan asirlarning shaharga kirishi taqiqlangan edi, biroq Abu Lu’lua mohir hunarmand boʻlgani sababli unga istisno tariqasida Madinaga kirishga ruxsat berilgan. Abu Lu’lua xalifa uchun xizmat qilgan. Nima sababdan xalifa Umarni oʻldirgani maʼlum emas, ammo oʻrta asrlarga oid tarixiy manbalarda bu hodisa soliq mojarosi bilan bogʻlanadi. Rivoyatlarga koʻra, Abu Lu’lua xalifadan oʻzining arab xoʻjayini al-Mugʻiyra ibn Shu’ba tomonidan solingan soliqni bekor qilishini soʻragan, ammo Umar bunga rad javobini bergan. Shunda Abu Lu’lua masjidda namoz oʻqiyotgan xalifaga hujum qilib, ikki uchli pichoq bilan uni ogʻir yaralagan.

Tarixiy manbalarga koʻra, Abu Lu’lua Madinada qoʻlga olinib, qatl etilgan yoki oʻzi joniga qasd qilgan. Bu hodisaga javoban, Umar ibn Xattobning oʻgʻli Ubaydulloh Abu Lu’luaning qizini, shuningdek, Sosoniy qoʻmondonlaridan biri boʻlgan Hormuzonni va al-Hira (Iroqdagi shahar)dan chiqqan bir nasroniy erkakni oʻldirgan. Biroq Safaviylar davridan boshlab yozilgan keyingi afsonalarga koʻra, paygʻambar Muhammadning jiyani va kuyovi, shialar tomonidan birinchi imom sifatida eʼzozlanadigan xalifa Ali Abu Lu’luani dushmanlaridan qutqarib qolgan va Eronning Koshon shahriga ketishiga yordam bergan. Abu Lu’lua Koshon shahrida oila qurgan va umrining qolgan qismini oʻsha yerda yashagan.