Abu Kalijar
| Abu Kalijar Marzuban | |
|---|---|
| Amir ul-umaro | |
|
Abu Kalijar tangasi | |
| Fors amiri | |
| Saltanat | 1024—1048 |
| Oʻtmishdoshi | Sulton ud-Davla |
| Davomchisi | Abu Mansur Fulad Sutun |
| Kermon amiri | |
| Saltanat | 1028—1048 |
| Oʻtmishdoshi | Qavam ud-Davla |
| Davomchisi | Saljuqiylar bosqini |
| Iroq amiri | |
| Saltanat | 1044—1048 |
| Oʻtmishdoshi | Jalol ud-Davla |
| Davomchisi | Al-Malik ar-Rahim |
| Tugʻilishi |
1010 Basra |
| Vafoti | 1048-yil oktyabr (38 yoshida) |
| Farzandlari |
Abu Ali Fanaxusrav Abu Mansur Fulad Sutun Al-Malik ar-Rahim Kamrava Abulmuzaffar Bahrom Abu Sad Xusrashoh |
| Uy | Buvayhiylar |
| Otasi | Sulton ud-Davla |
| Dini | Islom (Shialik) |
Abu Kalijar Marzuban (forscha: ابوکالیجار مرزبان; 1048-yil oktyabrda vafot etgan) Fors (1024—1048), Kermon (1028—1048) va Iroq (1044—1048) hududlarining buvayhiy amiri. Sulton ud-Davlaning kichik oʻgʻli boʻlgan.
Buvayhiylar davlati ustidan hukmronlik uchun kurash
[tahrir | manbasini tahrirlash]1024-yilda Sulton ud-davlaning vafoti buvayhiylar davlatida vorislik nizolarini keltirib chiqardi. 1027-yildagina Bagʻdod qoʻshini Abu Kalijarning ukasi Jalol ud-Davlani hukmdor etib sayladi. Abu Kalijar hukmronligining dastlabki bir necha yillari ustozi Sandal ismli amaldorning nazorati bilan ajralib turgan boʻlsa-da, bu orada oʻz hokimiyatini mustahkamladi. Shuningdek, Kermonning buvayhiy hukmdori Qavam ud-Davla bilan ziddiyatga kirishdi. Qavam ud-Davla 1028-yilda vafot etgach, Abu Kalijar viloyatni bosib oldi. 1030-yilda Jalol ud-Davla oʻz vaziri Abu Ali Hasan boshchiligida 1300 kemadan iborat flotni Basrani Abu Kalijardan tortib olish uchun yubordi. Biroq, ekspeditsiya halokatli boʻlib, toʻliq magʻlubiyat bilan yakunlandi. Abu Ali Hasan qamoqqa olinib, tezda ozod qilindi. Abu Kalijar qisqa vaqtdan soʻng Xuzistonni egallashga boshchilik qilgan vaziri Bahrom ibn Mafinna boshchiligida qoʻshin joʻnatdi. Ahvozni oʻz poytaxtiga aylantirdi.
1033-yilda Gʻaznaviylar buvayhiylar davlatini bosib olish maqsadida Kermonga bostirib kirdilar. Biroq, Kermon aholisiga yuklangan majburiyatlar aholini buvayhiylar tomonga ogʻdirdi. Keyingi yili Bahrom ibn Mafinna Gʻaznaviylarni viloyatdan quvib chiqardi[1].
Abu Kalijar ham Iroqni qoʻlga kiritishni xohlardi. Taxminan 1037-yilda Bagʻdodga yurish qildi. Shaharni egallay olmagan boʻlsa-da, Jalol ud-Davla Abu Kalijarni katta amir deya tan oldi. Abu Kalijar keyinchalik oʻz tangalarida „shahanshoh“ unvonini ishlatgan. Biroq, Mosul amiri arablarning asadiy qabilasi bilan birga Jalol ud-Davlani qoʻllab-quvvatlagach, ikki buvayhiy murosaga kelishga majbur boʻldi. Ikkala hukmdor ham bir xil unvondan foydalanib, amalda bir-biridan mustaqil boʻlgan. Abu Kalijar oʻz oʻgʻlini Basra hokimi etib tayinlashga muvaffaq boʻlgan boʻlsa-da, Iroq uning nazoratidan chetda qoldi. 1041/42-yilda Bahrom ibn Mafinna vafot etgach, Zul-Saodat Abu Kalijarning vaziri boʻldi[2].
1044-yilda Jalol ud-Davlaning vafot etishi Abu Kalijarga Iroqqa egalik qilish huquqini berdi. Biroq, mintaqa ustidan hukmronligi nihoyatda zaif ekani sabab, poytaxtni Bagʻdodga koʻchirmay, Ahvozda qoldirdi. Oʻtgan vaqt davomida Isfahonning kakuyiylar sulolasi ikki raqobatdosh aka-uka oʻrtasida parchalangan edi. Abu Kalijar esa ularni oʻz hokimiyatini tan olib, boʻysunishga majbur qilayotgan edi. Ular esa saljuqiylarni oliy hukmdor deya tan olishni afzal koʻrdilar[3]. Oʻsha yili Abu Kalijar Sheroz devorlarini mustahkamladi.
Hokimiyatining choʻqqisi va oʻlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Kalijar oʻz hokimiyatini mustahkamlashda davom etish asnosida Bagʻdodga tashrif buyurdi. Shaharda katta amir unvoniga hamda „Muhyi ud-Din“ (arabcha: محي الدین) degan shahafli nomga sazovor boʻldi. Mesopotamiyaning bir qancha mayda hukmdorlari Abu Kalijar hukmronligini tan olishdi. Hatto, Kakuyiylar ham unga sodiqlik eʼlon qilishdi. Ushbu soʻnggi harakatlar saljuqiylarning aralashuviga turtki boʻlib, Abu Kalijar muzokaralar olib borish hamda nikoh ittifoqi tuzishga qaror qildi. Kermonning buvayhiy hokimi esa saljuqiy Qavurtga boʻysunishga qaror qildi. Abu Kalijar oʻz hokimiyatini qayta tiklash uchun yoʻlga chiqdi. Biroq, hokimning elchisi uni sovgʻalar va qayta sodiqlik vaʼdasi bilan kutib oldi. Koʻp oʻtmay, Abu Kalijar oʻttiz sakkiz yoshida vafot etdi. Oʻrnini oʻgʻli al-Malik ar-Rahim egalladi. Biroq, buvayhiylar taxt uchun kurashlarga kirishib, zaiflashib qoldilar. Tez orada Kermon saljuqiylar taʼsir doirasiga kiritildi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Bosworth 1975, s. 189.
- ↑ Kennedy 2004, s. 242.
- ↑ Bosworth 1975, s. 300.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bosworth, C. E. „Iran under the Būyids“, . The Cambridge History of Iran, Volume 4: From the Arab Invasion to the Saljuqs. Cambridge: Cambridge University Press, 1975 — 250–305-bet. ISBN 0-521-20093-8.
- Nagel, Tilman (1990). "BUYIDS". in Yarshater, Ehsan. Encyclopædia Iranica, Volume IV/6: Burial II–Calendars II. London and New York: Routledge & Kegan Paul. 578–586 b. ISBN 978-0-71009-129-1. http://www.iranicaonline.org/articles/buyids.
- Kennedy, Hugh. The Prophet and the Age of the Caliphates: The Islamic Near East from the 6th to the 11th Century, Second, Harlow: Longman, 2004. ISBN 978-0-582-40525-7.