Oʻzbek davlat drama teatri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Teatr binosi

Oʻzbek davlat drama teatri, Abror Hidoyatov nomidagi oʻzbek davlat drama teatri — yetakchi teatrlardan biri. 1968-yil 28-oktabr da "Yosh gvardiya" teatri nomi bilan tashkil boʻlgan va "Diydor" (M.Karimov) spektakli bilan ochilgan. Tashkilotchisi va birinchi bosh rejissyori — Ergash Masofoyev. Shirin Azizova, Toʻgʻon Rejamatov, Farhod Aminov, Murod Rajabov, Madina Toʻxtayeva, Isamat Ergashev, Muhabbat Abdullayeva, Malika Ibrohimova, Noila Toshkanboyeva, Hoshim Arslonovlar teatrning dastlabki aktyorlaridir. Teatr faoliyatining dastlabki yillarida oʻz yoʻnalishini asosan zamonaviy mavzu va yosh dramaturglar asarlariga qaratdi: "Oʻn sakkiz yoshligim" (M.Karimov), "Birinchi boʻsa" (A.Ibrohimov), "Oqar suvlar" (Oʻ.Umarbekov), "Besh kunlik kuyov" (Shuhrat), "Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari" (Hamza) va boshqalarYuksak gʻoyaviy va chuqur hayotiy haqqoniylikka asoslangan sahna asarlari yangi prinsiplarni targʻib qildi. Teatr repertuarining boyishida, aktyorlik mahoratining oʻsishida tarjima asarlar ham muhim rol oʻynadi. "Bahs" (M.Bayjiyev), "Oʻlimlarni qoldirib dogʻda" (V.Titov, K.Melenko), "Osvensim jallodlari" (P.Vays) va boshqalar shular jumlasidan.

80-yillarning oʻrtalaridan teatrda novatorlik sanʼati oʻsdi, gʻoyaviyestetik yoʻnalishi, obrazlar talqini takomillashdi, yangi tipdagi aktyor, rejissura shakllandi. Oʻzbek teatri merosi va jahon teatri ijodidan taʼsirlangan holda eng dolzarb, sahna vositalariga boy, yangi sahna shakllari ila yoʻgʻrilgan spektakllar bilan respublikadagi yetakchi teatrlardan biriga aylandi. "Otasining qizi", "Maysaraning ishi", "Farmonbibi arazladi", "Uchinchi orzu", "Qora kamar", "Arshin mol olon", "Iskandar", "Malika", "Paranji sirlari", "Ziyofat", "Togʻajiyanlar", "Checha" kabi spektakllar teatrga shuhrat keltirdi. 1991-yildan hozirgi nomda.

1996-yil Bahodir Yoʻldoshev tomonidan sahnalashtirilgan "Buyuk ipak yoʻli" spektaklida musiqa, xoreografiya, plastik harakatlardan keng foydalanilgan.

Teatr sahnasida ilk bor sahnalashtirilgan "Buxoroi sharif" spektakli (rej. B.Yoʻldoshev)da rejissyor goyasi oʻziga xos va oʻzgacha yechimga ega. qadimiy Buxoroning musiqiy madaniyati va milliy koloriti saqlangan holda xalq qoʻshiq va raqslariningspektaklga mohirona singdirilishida folklor uslubiyatining eng murakkab yoʻli tanlangan. U.Shekspirning "Otello", "Qirol Lir" asarlarining sahnalashtirilishi teatr hayotida katta voqea boʻldi. Teatr oʻziga xos ijodiy uslubi bilan boshqa teatrlardan ajralib turadi. Mas, chet el teatrlari aktyor va rejissyorlari bizga kelib rol oʻynashi (fransiyalik aktyor Fransua Shatto "Iskandar"da Alisher Navoiyni oʻynagan), spektakl qoʻyishi (amerika rejissyori D.Kaplan "Qirol Lir"ni sahnalashtirgan) yoki Bahodir Yoʻldoshevning chet el teatrlariga borib spektakl qoʻyishi (Laosda "Kelinlar qoʻzgʻoloni", Amerikada "Tinchlik" spektakllari va boshqalar) bunga misoldir. "Qirol Lir"ni sahnalashtirishda rejissyor kostyum va sahna bezaklariga yorqin sharq koloritini olib kiradi va u bu bilan asardagi fojia umuminsoniyligiga qaratadi.

Teatr 90-yillarning boshlarida Angliya, Shotlandiya, Shimoliy Irlandiya, Germaniya kabi mamlakatlarda gastrolda boʻlib, oʻz spaktakllarini namoyish etgan. Elyor Nosirov, Neʼmat Alimov, Afzal Rafiqov, Aziza Begmatova, Dono Boboxonova, Madina Toʻxtayeva, Gulbahor Rahimova, Noila Toshkanboyeva, Hoshim Arslonov kabilar teatrning yetakchi aktyorlaridir. Badiiy rahbari Bahodir Yoʻldoshev.