Abdurrashid Musobek oʻgʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdurrashid Musobek oʻgʻli
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1878-yil
Vafoti 1989-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi xattot

Abdurrashid Musobek o‘g‘li (arabcha: عبد الرشيد موسي بيك اوغلي — (1878, Qo‘qon — 1979, Dushanbe).

Abdurrashid Musobek o‘g‘li (Qozi Abdurrashid Farg‘oniy) 1878-yilda Qo‘qon muzofotiga qarashli Oltiariq tumanining Bozorboshi mahallasida tavallud topgan. U yoshligidan otasidan yetim qolgan.

Taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boshlang‘ich taʼlimni oilada oladi, keyin to‘qqiz yoshdan o‘n sakkiz yoshigacha Qo‘qondagi Kamol Qozi madrasa­sida o‘qiydi. U ko‘p vaqtini ibodat bilan o‘tkazgani tufayli „Namozxon talaba“ (yoki „Namozxon“) laqabi bilan taniladi. Aytishlaricha, u to‘qqiz yillik taʼlimi mobaynida biron marta ham jamoat namozini tark etmagan ekan.

Qo‘qon ulamolari Abdurrashid Musobek o‘g‘liga Buxoroga borib, u yerdagi Mir Arab, Ko‘kaldosh kabi madrasalarda ilm tahsilini davom ettirishni tavsiya qiladilar. U Buxoroga kelib, yigirma yil qolib ketadi: o‘n yil ilm o‘rganish, o‘n yil taʼlim berish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda oxund (ustoz, muallim, din peshvosi) maqomiga sazovor bo‘ladi. Maʼlumotlarga ko‘ra, ilm sohasida yuqori marralarni zabt etgan Abdurrashid Musobek o‘g‘li Buxoro amiri Olimxonning alo­hida iltifotiga sazovor bo‘lgan. Buxorodan Farg‘onaga qaytganida uni odamlar temir yo‘l vokzalidan Olti­ariqqacha poyondoz to‘shab, ulug‘ ehtirom bilan kutib olishgan. Bu paytda Abdurrashid Musobek o‘g‘li o‘ttiz sakkiz yoshda bo‘lgan (1916-yil).

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati tashkil topganida Abdurrashid Musobek o‘g‘li fatvo hay’ati aʼzosi etib saylanadi. Uning „Abdurrashid qozi domla“ bitikli o‘z muhri bo‘lib, fatvo bersa yoki biror muhim hujjatni yozsa, ostiga shu muhrni bosib bergan. U, shuningdek, moʻtabar so‘zlarni arabiy, turkiy, forsiyda chiroyli tarzda yoza oladigan mohir xattot bo‘lgan.

1947-yilda Abdurrashid Musobek o‘g‘li diniy nazoratning Tojikistondagi vakili sifatida Dushanbega yuboriladi va umrining oxirigacha o‘sha yerda qoladi.

Shogirdlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdurrashid Musobek o‘g‘li g‘oyat shijoatli inson bo‘lgan. Bora-bora ko‘zlari xiralashib, ko‘zoynak kor qilmaydigan bo‘lib qolganida ham lupa yordamida shogirdlariga dars berishdan to‘xtamagan. El suygan, eʼzoz­lagan ulamolar shayx Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon, shayx Abdulg‘ani Abdullayev (kuyovi), Mubin qori Aminov, shayx Ahmadjon maxdum Hanafiy-Naqshbandiy, shayx Do‘st­muhammad Tursunov, Sad­riddin qori Abdurazzoqov, shayx Abdulaziz Mansurlar Abdurrashid Musobek o‘g‘lining shogirdlaridir.

Abdurrashid Musobek o‘g‘li 1989-yilda Dushanbeda vafot etgan. Qabri Tojikistonning Dushanbe shahridagi Ko‘ktosh qabristonida[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. X. Yo‘ldoshxo‘jayev, I. Qayumova. O‘zbekiston ulamolari. — T.: „Movarounnahr“, 2015, 146-147.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.