Abdulvahhob as-Sobuniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulvahhob as-Sobuniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 1547-yil (hijriy 954-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi mavlaviy ulamo

Abdulvahhob as-Sobuniy (arabcha: عبد الوهاب الصابوني – Abdulvahhob ibn Mustafo ibn Ibrohim as-Sobuniy al-Hamadoniy) – mavlaviy ulamo.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Naqshbandiyya tariqati shayxining oʻgʻli. Baʼzi manbalarda Abdulvahhob ibn Jaloluddin Muhammad al-Hamadoniy deb ham zikr qilingan. Safaviylardan Shoh Tahmosbning Hamadonni ishgʻol etishi hamda sunniylarga nisbatan bosim oʻtkazishi natijasida avval Onadoʻliga, soʻng Damashqqa, u yerdan esa Misrga koʻchib ketgan. „Savoqib ul-manoqib“ nomli asarini 1540-yilda (hijriy 947) Qohirada yozgan. Shoir va bibliograf Hasan Chalabiy otasi Ali Chalabiyning Abdulvahhob as-Sobuniy bilan Qohirada uchrashgani va yaqin doʻst boʻlganlari haqida maʼlumot qoldirgan.

Keyinchalik, Abdulvahhob as-Sobuniy haj qilish maqsadida Makka va Madinaga safar qilgan.

Bir manbaga koʻra Abdulvahhob as-Sobuniy 1547–1548 yillarda (hijriy 954) Shomda, boshqa manbaga koʻra esa, ayni shu yilda Madinada vafot etgan.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tarixiy manbalarda Abdulvahhob as-Sobuniy qalamiga mansub „Sharhi muammoyot Mir Husayn“, „Savoqib ul-manoqib“, „Sirot ul-mus­taqiym“ hamda „Navoyi xurus“ nomli toʻrtta forsiy asarlari borligi qayd etilgan. Bizgacha shoirning faqatgina „Savoqib ul-manoqib“ asari yetib kelgan. Tadqiqotchilarning fikriga koʻra, Abdulvahhob as-Sobuniy mazkur asarni Ahmad Aflokning „Manoqib ul-orifiyn“ asari ustida chuqur izlanish olib borib, uning baʼzi qismlarni chiqarib tashlab, baʼzi oʻrinlarga yangi maʼlumotlar va izohlar kiritgan holda yozgan. 1540-yilda yozib tugallangan ushbu asar muqaddima, har biriga „Zikr“ deb nom berilgan toʻqqiz boʻlim va xotimadan iborat. „Zikr“larda mavlaviylarning peshvolaridan boʻlgan Bahouddin Valad, Sayyid Burhonuddin, Mavlono, Shams at-Tabriziy, Salohuddin Zarkub, Chalabiy Husomuddin, Sulton Bahouddin, Chalabiy Orif, Shamsuddin Amir Chalabiy haqida maʼlumotlar berilgan. Asarning qoʻlyozma nusxalari dunyo­ning turli kutubxonalarida, jumladan, Turkiyaning Sulaymoniya, Topkapı saroyi muzeyi kutubxonalarida saq­lanadi. Asar Darvesh Xalil Sanoiy va Darvesh Mahmud Dede tomonidan turk tiliga tarjima qilingan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mevlânaʼdan Hatıralar: Sevâkıb-ı Menâkıb. – İstanbul: 1973. 2-3;
  • Storey. Persian Literatüre. – London: 1972. I, 938;
  • Ali Alparslan. „Abdülvehhâb es-Sâbûnî“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 286-287;
  • Abdülbâki Gölpınarlı. Mevlânâ’dan Sonra Mevlevîlik. – İstanbul: 1953. 15-16.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.