Abdulvahhob Xallof

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulvahhob Xallof
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1888-yil
Vafoti 1956-yil
Kafruzzayyot
Dini Islom
Tanilgan sohasi olim, huquqshunos

Abdulvahhob Xallof (arabcha: عبد الوهاب خلاف) – misrlik olim va huquqshunos.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Otasining ismi – Abdulvohid. 1915-yilda al-Azhar universitetiga qarashli „Madrasa al-qazo ash-shar’iyya“ni tamomlagan. Bir muddat mazkur madrasada usul al-fiqh mutaxassisi sifatida mudarrislik qilganidan soʻng, bir necha yillar davomida shar’iy mahkamada qozi boʻlib ham ishlagan. Keyinroq shar’iy mahkamaning taftish aʼzosi etib ta­yinlangan. 1936-yilda Qohira universitetining huquq fakulteti professori etib ta­yinlanadi va nafaqaga chiqishiga qadar ushbu vazifada xizmat qiladi. Abdulvahhob Xallof Arab tili akademiyasining („Maj­maʼ al-lugʻa al-’arabiyya“) aʼzo­si ham boʻlgan. Mazkur akademiyaning aʼzo­si sifatida Qur’oni karim lugʻatlarini ishlab chiqishda mutasaddilardan biri boʻlgan. Shuningdek, taqlid va bid’atlarga qarshi chiqqan Abdulvahhob Xallof oʻzi ishlagan taʼlim dargohlaridagi dars­larida mazkur tushunchani quvvatlovchi huquqshunoslar yetishib chiqishiga oʻz hissasini qoʻshgan. Hofizi Qur’on boʻlgan Abdulvahhob Xallof islomiy ilmlarning koʻpgina sohalarida salmoqli asarlar taʼlif qilgan.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

– „Ilm usӯl al-fiqh“. Ilk marta 1942-yilda Qohirada chop etilgan. Mazkur kitob tilining soddaligi, koʻpchilik tomonidan oʻzlashtirilishiga qulayligi tufayli koʻpgina arab davlatlarida darslik sifatida qabul qilingan. Kitob toʻrt qismdan iborat boʻlib, birinchi qismda shar’iy hukmlar oli­nadigan manbalar haqida, ikkinchi qismda shar’iy hukmlar toʻgʻ­risida batafsil maʼlumot berilgan. Uchinchi qism usul al-fiqhning lugʻaviy qoidalariga, toʻrtinchi qism shar’iy hukmlar chiqarish qoidalariga bagʻishlangan. Hukm chiqarishdan maqsad, hukmlarda Allohning va mukallafning haqqi, nimalarda ij­tihod qilish mumkin, hukmning nasx boʻlishi, hukmlardagi qarama-qarshilik va uni yechish kabi qoi­dalar alohida boblar sifatida keng yoritilgan. Ushbu asar islomshunos olim Salohiddin Muhiddinov tomonidan 1997, 1999-yillarda oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr ettirilgan.

– „Xulāsa tarӣx at-tashrӣ’ al-islāmӣ“. 1968-yilda Quvayt­da chop etilgan. „As-Siyā­sa ash-shar­’iyya“ (Qohira, hijriy 1397-yil (milodiy 1977-yil). Mazkur asar al-Azhar universitetida oʻqitilgan dars­lar qaydlaridan iborat. Unda musulmon davlatining siyosiy, huquqiy va moliyaviy tuzilishi va shaxs­larning huquq va erkinliklari haqida soʻz boradi.

– „Ahkām al-vaqf“ (Qohira, 1942-yil)

– „Al-Ahvāl ash-shaxsiyya“ – „Ahkām al-mavārӣs

– „Masādir at-tashrӣ’ al-islāmӣ fӣ mā lā nassa fӣh“ (Qohira, 1955-yil)

– „Al-Ijtihād va-t-taqlӣd

– „Nӯr min al-Qur’ān al-Karӣm“ (Qohira, 1948-yil)

– „Nӯr ’alā nӯr“ (Qohira, 1952-yil)

– „Al-Ijtihād bi-r-raʼy“ (Qohira, 1950-yil)[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abdülmünʼim Hallâf. „Abdülvehhâb Hallâf“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 286;
  2. Abdulvahhob Xallof. Usulul fiqh (Islom qonunshunosligi asos­lari). I-II qismlar // Tarjimon: S. Muhiddinov. – T.: „Adolat“, 1997;
  3. Abdulvahhob Xallof. Usulul fiqh (Islom qonunshunosligi asoslari). III-IV qismlar // Tarjimon: S. Muhiddinov. – T.: „Movarounnahr“, 1999.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.