Abdulloh ibn Ja’far ibn Abu Tolib

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulloh ibn Ja’far ibn Abu Tolib
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti 699-700-yil (hijriy 80-yil)
Madina
Dini Islom
Ota-onasi
Tanilgan sohasi sahoba

Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib (arabcha: عبد الله بن جعفر بن أبي طالب — Abu Jaʼfar Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib — ?, Habashiston — 80/699-700, Madina) — sahoba.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kunyasi Abu Jaʼfar va Abu Muhammaddir. Habashiston yerida Islomda tavallud topgan ilk chaqaloq hisoblanadi. Alining jiyani bo‘lgan. Otasi Jaʼfar Habashistonga hijrat qilgan sahobalardan. Onasi keyinchalik Abu Bakrga, undan keyin Aliga turmushga chiqqan Asmo bint Umays al-Xas’amiya. Oilasi bilan birga Habashistondan Madinaga qaytgan. Yetti yoshligida Payg‘ambarga bay’at qiladi. Otasi Mu’ta jangida shahid bo‘lgach, unga Payg‘ambar alohida g‘amxo‘rlik qiladilar. Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib hoshimiylardan Payg‘ambarni ko‘rgan va suhbatlashganlarning so‘nggisidir. Payg‘ambar vafot etganlarida o‘n yashar o‘spirin sahoba bo‘lgan Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib saxiyligi bilan mashhur bo‘lgan. Shu bois „bahr al-jud“ (saxiylik dengizi) va „qutb as-saxo“ (saxovat qutbi) nomlari bilan yodga olinadi.

Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib nomi, xususan, Alining xalifaligi va undan keyingi davr­larda ham tez-tez tilga olingan bo‘lsa-da, u siyosiy sohada muhim rol o‘ynamagan. Misr voliysi Qays ibn Saʼdni lavozimidan bo‘shatib, o‘rniga ona bir ukasi Muhammad ibn Abu Bakrni qo‘yishni amakisi Aliga tavsiya qilgan. Jamal voqeasida ishtirok etgan. Siffiynda Quraysh, Asad va Kinona qabilalariga boshchilik qiladi. Alini shahid qilgan Ibn Muljam xususidagi qasos hukmini Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolibning shaxsan o‘zi amalga oshiradi. Karbalo hodisasidan oldin Husaynga kufaliklarning takliflarini qabul qilmaslikni tavsiya etgan bo‘lsa-da, foydasi bo‘lmaydi. Husayn va uning ikki o‘g‘li ham Karbaloda shahid bo‘ladilar.

Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolib to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rasulullohdan, shuningdek, onasi Asmo va amakisi Ali, Abu Bakr as-Siddiq, Usmon ibn Affonlardan hadis rivoyat qilgan. Bu hadislarning yigirma uchtasi Ahmad ibn Hanbalning „Musnad“idan joy olgan. Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolibning o‘zidan esa, o‘g‘illari Ismoil, Ishoq va tobeʼinlarning peshvolaridan Qosim ibn Muhammad, Urva ibn Zubayr va ash-Shaʼbiylar hadis rivoyat qilganlar.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalarda Abdulloh ibn Jaʼfar ibn Abu Tolibning vafot sanasi bir necha — hijriy 84, 85, 86 va 90-yillar ko‘rsatilgan bo‘lib, rojih rivoyatga ko‘ra, u 80/699-700-yilda vafot etgan va Baqi’ qabristoniga dafn etilgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. At-Tabariy. Tarӣx. — Qohira: 1969-70. IV, 553-555; V, 215-216, 387-388, 419-466; VII, 563; VIII, 110, 160;
  2. Al-Mas’udiy. Murӯj az-zahab. — Qohira: 1964-65. II, 370, 426;
  3. Ibn al-Asir. Al-Kāmil. — Leyden: 1851-76. III, 271-272, 521; IV, 13, 40, 89, 456;
  4. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 198-200;
  5. Az-Zahabiy. Siyar. III, 456-462;
  6. Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1970-72. IV, 40-43;
  7. Ethem Ruhi Fiğlali. „Abdullah b. Ca‘fer b. Ebû Tâlib“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 89. Abdulmalik ibn Hishom al-Maʼofiriy. As-Siyra an-nabaviyya. — T.: „Sharq“, 2011. II (4), 230, 237;
  8. 101 ulug‘ sahobiy (mualliflar guruhi). — T.: „Toshkent Islom universiteti“ nashriyot-matbaa birlashmasi, 2018. 201.