Abdulloh al-Odil
| Abdulloh al-Odil | |
|---|---|
| 'Muvahhidlar xalifasi' | |
|
Abdulloh al-Odilning oltin dinori | |
| Muvahhidlar davlati xalifasi | |
| Saltanat | 1224-yil sentyabr – 1227-yil 4-oktyabr |
| Oʻtmishdoshi | Abdulvohid I |
| Davomchisi | Yahyo Mo‘tasim |
| Vafoti | 1236 |
| Otasi | Yoqub al-Mansur |
| Dini | Islom |
Abu Muhammad Abdulloh al-Odil (arabcha: عبد الله; 1227-yil 4-oktyabrda vafot etgan) – Muvahhidlar davlati xalifasi, Al-Andalusda sobiq hokim sifatida xizmat qilgan va oʻzidan oldingi xalifa Abdulvohid I ni oʻldirishga buyruq bergan. 1224-yilda uyushtirilgan davlat toʻntarishi 1227-yilda uning oʻlimiga qadar davom etgan beqarorlik davrini boshlab bergan. Koʻpincha Muvahhid xalifalarining eng falokatli vakillaridan biri sifatida qaraladi. Uning tomonidan koʻtarilgan toʻntarish Muvahhidlarning ichki boʻlinishga sabab boʻldi va natijada al-Andalusning yoʻqolishi hamda Muvahhidlar davlatining oxir-oqibat qulashi jarayonining boshlanishiga sabab boʻldi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Abu Muhammad Abdulloh Muvahhidlar tomonidan magʻlub etilgan Yoqub al-Mansurning oʻgʻli va mashhur xalifa Muhammad an-Nosirning ukasi edi. Boshqa akalari bilan birga Abdulloh Al-Andalusda Muvahhidlar hukmronligi davrida hokim sifatida xizmat qilgan[1].
1224-yil yanvar oyida Abdullohning jiyani, yosh xalifa Yusuf II al-Mustansir oʻzidan merosxoʻr qoldirmay, erta vafot etdi. Buning ortidan Marokash saroyi amaldorlari, vazir Abu Said Usmon ibn Jomiy hududiy Masmuda qabilasi shayxlari boshchiligida Yusuf II ning keksa yoshli katta togʻasi Abdulvohid I ni yangi xalifa sifatida tayinlashga harakat qildilar. Bu qarorni Muvahhidlar oilasi aʼzolariga ham taqdim etdilar. Shu paytda Murcia hududida hokimlik qilayotgan Abdulloh va uning birodarlari Kordovada Abu al-Ala Idris, Malagada Abu Muso va Granadada Abu al-Hasan Muvahhidlar iyerarxiyasida kuchli guruhni tashkil qilishgan boʻlib, ular Marokashdagi bunday tezkor qarorlar va konstitutsiyaga zid harakatlardan norozi boʻldilar[2]. Bundan tashqari, Abdulvohid I keksa yoshli boʻlishiga qaramay, nufuzga ega edi, faoliyati davomida markazlashtirishga intiluvchi siyosat yuritgan edi. Shuningdek, uning yosh va tajribasiz xalifa Yusuf II dan farqli oʻlaroq, birodarlariga Al-Andalusda erkinlik berish ehtimoli kam edi.
Muvahhidlar sulolasi hech qachon taxt merosi masalasi boʻyicha bahsga duch kelmagan edi. Qarama-qarshiliklarga qaramay, ular doimo saylangan xalifaning yonida sodiq turishgan, shu sababli isyon koʻtarish oson ish emasdi. Biroq koʻp oʻtmay, Murciada Abdullohning huzuriga Abu Zayd ibn Yujjon ismli sirli shaxs tashrif buyurdi. U Marokashda yuqori martabali amaldor boʻlgan, biroq bir necha yil oldin al-Jomiy tomonidan lavozimidan agʻdarilgan, hozirda Chinchillada (Albacete) surgun jazosini oʻtayotgan edi[3]. Ibn Yujjon Abdullohni taxt sayloviga qarshi chiqishga undadi va Marokash saroyida hamda Masmuda shayxlari orasidagi yuqori aloqalariga tayanishiga ishontirdi. Birodarlari bilan maslahatlashgach, Abdulloh tez orada oʻzini yangi Muvahhid xalifasi deya eʼlon qildi va „al-Odil“ (adolatli yoki adolatparvar) unvonini oldi. U zudlik bilan Sevillani egallab oldi va Marokashga yurish qilib, Abdulvohid I bilan yuzma-yuz toʻqnashishga tayyorgarlik koʻra boshladi. Shu orada Ibn Yujjon Marokashdagi aloqalarini ishga soldi. Yoz tugashidan avval Hintata qabilasi shayxi Abu Zakariyo va Tinmal hokimi Yusuf ibn Ali al-Odilni qoʻllashdi, ular Marokash saroyini bosib oldilar, xalifani taxtdan agʻdardilar va al-Jomiy hamda uning tarafdorlarini quvib chiqarishdi. Hokimiyatdan agʻdarilgan xalifa Abdulvohid I esa 1224-yil sentyabr oyida boʻgʻib oʻldirildi.
Oqibati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh al-Odilning sulolaviy vorislik va konstitutsion tartibni buzib, qotillik yoʻli bilan taxtni egallashi qolgan Muvahhidlarni larzaga soldi. Biroq Abdulloh va uning birodarlari al-Andalusda hukmron mavqega ega boʻlib, oʻz hokimiyatini oʻrnatishda katta qiyinchilikka duch kelmadilar. Taxtni noqonuniy tarzda egallashni tan olmaganlarni lavozimdan chetlashtirishdi. Al-Andalusda deyarli hamma unga boʻysundi, faqatgina Abdullohning uch nafar amakivachchasi bundan mustasno edi. Ular Ifriqiyaning qudratli hokimi Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Hafsning oʻgʻillari Abu Zayd (Valensiya hokimi), Abdulloh (Jaén hokimi) va Abu Dabbus edilar[4]. Tez orada ular oʻz lavozimlaridan chetlashtirildilar. Shunda Jaén hokimi Abdulloh oz sonli tarafdorlari bilan Baeza togʻlarida qarorgoh tuzib, al-Odilga qarshi ochiq qoʻzgʻolon chaqirigʻi bilan chiqdi.
Abdulloh al-Odil tomonidan uyushtirilgan davlat toʻntarishi Marokashda zoʻrgʻa muvaffaqiyat qozondi. Masmuda qabilalari shayxlarining koʻplari Muvahhidlar koalitsiyasida muvozanatning Ispaniyadagi Muvahhidlarga ogʻib ketishini xohlamay, oʻzlarining konstitutsion vakolatlariga tayanib, al-Odilning taxtni noqonuniy ravishda egallaganini tasdiqlashdan bosh tortdilar va buning oʻrniga uning jiyani, an-Nosirning oʻgʻli Yahyo Moʻtasimning atrofida toʻplandilar. Toʻntarish muvaffaqiyatsizlikka uchrash arafasida turgach, Abdulloh al-Odil hal qiluvchi qarorga kelib, Ispaniyadagi Muvahhid qoʻshinlarining asosiy qismini boʻgʻoz orqali Marokashga olib oʻtishni boshladi. Uning maqsadi Marokash sari yurish qilib, shayxlarni oʻziga boʻysundirish edi.
Marokashga joʻnashga oshiqayotgan al-Odil 1224–1225-yillar qishida al-Bayyosiyni Baeza togʻlaridan siqib chiqarishda sustkashlik bilan harakat qildi. Natijada, bu yurish magʻlubiyat bilan yakunlandi, al-Bayyosiyning oz sonli tarafdorlari al-Odil yuborgan ancha katta qoʻshinga qarshi muvaffaqiyatli tarzda harakat qildi. Shundan soʻng al-Odil harbiy isteʼdodsiz va noʻnoq sarkarda sifatida nom qozondi, bu gaplar esa qisqa fursatda Marokashga yetib bordi, bu xabar unga qarshi turuvchilarni yanada jasoratli boʻlishga undadi, biroq ittifoqchilarining ishonchini larzaga soldi. Marokashni qoʻldan boy bermaslikka qatʼiy qaror qilgan al-Odil al-Bayyosiyga eʼtibor bermay, qoʻshinlarni dengiz orqali olib oʻtish ishlarini jadallashtirdi. Bu orada esa al-Bayyosiy shu paytgacha jim turgan Kastiliya qiroli Ferdinand III bilan ittifoq tuzdi. Voqealar bunday burilish olganidan hayratlangan va Muvahhid qoʻshinlarining Ispaniyadan olib chiqilishidan mamnun boʻlgan Ferdinand imkoniyatni payqab, al-Bayyosiyga yirik qoʻshin yuborishga qaror qildi.
1225-yilda al-Bayyosiyning lashkari Kastiliya qoʻshini hamrohligida Baeza togʻlaridan pastga tushdi. Al-Andalus deyarli Muvahhid qoʻshinlaridan boʻshab qolgan bir paytda ular Jaén yerlari va Granada vohasini taladilar va yoz oxiriga kelib, al-Bayyosiy Kordova shahrini qoʻlga kiritdi[5]. Vujudga kelgan boʻshliqni koʻrib, Leon qiroli Alfonso IX hamda Portugaliya qiroli Sancho II ham oʻz hujumlarini boshlash imkoniyatidan foydalandilar. Leonliklarni Cáceres qal’asi toʻxtatib qoldi, biroq hech qanday qarshilikka duch kelmagan portugaliyalik bosqinchilar tezda oldinga siljib, 1225-yil oxiriga kelib, Sevilla atrofidagi hududlarga qadar yetib bordilar.
Qahramonlar va qoʻrqoqlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xalifa al-Odil, uning vaziri Abu Zayd ibn Yajjon va yirik muvahhid lashkarboshilari oʻsha paytda Sevillada edilar, biroq ular ochiq jangda nasroniy qoʻshiniga qarshi chiqish uchun yetarli kuchga ega emasdilar[6]. Natijada portugaliyalik bosqinchilar chekka hududlarni istaganlaricha vayron qildilar. Oxir-oqibat, muvahhid hukmdorlarining harakatsizligidan norozi boʻlgan Sevilla aholisi vaziyatni oʻz qoʻllariga olishga qaror qildilar. Shahar aholisi safarbar qilinib, oʻzlari mustaqil ravishda portugaliyaliklarga qarshi jangga chiqishdi. Bu esa qirgʻinga aylandi, portugaliyalik jangchilar qurollangan shaharliklarni qatl qilib tashladilar. Minglab odamlar, ayrim manbalarda aytilishicha, hatto 20 mingga yaqin kishi Sevilla devorlari oldida halok boʻldi[6].
Sevilla qirgʻini va boshqa fojialar uchun aybning butun ogʻirligi xalifa al-Odil va uning muvahhid lashkarboshilarining qobiliyatsizligi hamda qoʻrqoqligiga yuklandi. Biroq koʻp oʻtmay, al-Odilning taqdiri oʻzgara boshladi. Al-Bayyosiy xizmatlari evaziga Ferdinand III ga uchta chegara qal’asini vaʼda qilgan edi. Ammo ulardan Capilla qal’asi vakillari qal’ani raqibga topshirishni rad etdi. Kastiliyaliklar uzoq va mashaqqatli qamaldan boshqa chora koʻrmadilar. Kichik Capilla qal’asining mardonavor qarshiligi, ustiga-ustak al-Bayyosiyning kastiliyalik qamalchilarni oziq-ovqat bilan taʼminlashi tez orada jamoatchilik fikrini unga qarshi burib, muvahhid xalifasi tomoniga ogʻdirdi. Buning ortidan Kordovada qoʻzgʻolon koʻtarildi, al-Bayyosiy oʻldirildi va uning boshi Marokashdagi xalifaga yuborildi[7].
Ammo Abdulloh al-Odil bu gʻalabadan uzoq vaqt bahramand boʻla olmadi. 1227-yil 4-oktyabrda[8] u saroy hammomida choʻktirib oʻldirildi va uning jiyani hamda raqibi Yahyo al-Moʻtasim yangi muvahhid xalifasi etib saylandi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Oʻtmishdoshi: Abdulvohid I |
Muvahhidlar sulolasi 1224–1227 |
Vorisi: Yahyo Mo‘tasim |