Abdulloh al-Busnaviy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulloh al-Busnaviy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1584-yil (hijriy 992-yil)
Vafoti 1644-yil (hijriy 1054-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi taniqli olim va mutasavvif

Abdulloh al-Busnaviy (arabcha: عبد الله البسنوي) — (992/1584, Bosniya — 1054/1644, Konya) — taniqli olim va mutasavvif.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taniqli olim Abdulloh al-Busnaviy taʼlimni o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtida bosh­lab, keyinchalik tafsir, hadis, fiqh va kalom ilmlari bo‘­yicha Istanbulda tahsil olgan. So‘ng o‘z davrining ilm va madaniyat markazlaridan bo‘lgan Bursaga borib, u yerda Bayramiyya malomatiylarining yetuk shayxlaridan Hasan Kabaduzga shogird tushgan. Uning irshodi ila buyuk maʼnaviy darajaga yetishdi. Bu davrda Abdulloh al-Busnaviy Shayx Abdulmajid Xalvatiydan ham taʼlim olgan. So‘ngra 1046/1636-yilda Misr­ga, undan o‘tib hajga borgan. Ilmi va tasavvufiy bilimlari yuksak ekanligi sababli bir tomondan tasavvufiy tushunchalarning, boshqa tomondan esa malomatiylikning arab diyorlarida yoyilishiga sezilarli taʼsir ko‘rsatgan.

Hajdan qaytishida bir oz vaqt Shom­da to‘xtab, Muhyiddin ibn al-Arabiyning qabri yonida faqirona hayot kechiradi. Keyin Konyaga borib u yerda yashaydi va o‘sha yerda vafot etadi. U Sad­ruddin al-Qunaviy yoniga dafn etilgan. Abdulloh al-Busnaviyning tasavvufiy dunyoqarashi „Fusӯs al-hikam“ asari g‘oyalari taʼsirida shakllangan. Abdulloh al-Busnaviy mazkur asarni tarjima qilgan va unga batafsil sharh yozgan. Uning bu asari 1252/1836-yilda hamda 1290/1873-yilda Istanbulda ikki jildda nashr etilgan. Kotib Chalabiy yetakchiligidagi bir nechta olimlar bu asar sharhiga yuqori baho berganlar. „Tajalliyāt ’arāis an-nusӯs fӣ manassāt hikam al-fusӯs“ nomi bilan mashhur bo‘lgan bu asar „vahdat al-vujud“ tushunchasining tub maʼnolarini tushuntiradi. Asar o‘n ikki bobdan iborat bo‘lib, mavzularining asosiylari qu­yidagilar: xatmi valoyat, g‘aybi mutlaq, aʼyoni sobita, hazaroti xams, nu­buvvat, valoyat, ilmi zohir, ilmi botin, muhab­bat, haqiqati Muhammadiyya, murshidi komil. Asar Islom o‘lkalarida „Sharh al-fusӯs“ nomi bilan ham shuhrat qozongan.

Abdulloh al-Busnaviy Islom ilmlari bilan bir qatorda sheʼriyat bilan ham shug‘ullangan.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Mavāqib al-fuqahā“;
  • „Haqӣqa al-yaqӣn“;
  • „Risāla hazӣra al-g‘ayb“;
  • „Risāla fӣ tafsӣr“;
  • „Nӯn va-l-qalam“ va boshqalar.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Hoji Xalifa. Kashf az-zunӯn. II, 1263;
  2. Abdülbâki Gölpınarlı. Melâmîlik ve Melâmîler. — İstanbul: 1931. 79;
  3. S. Nüzhet Ergun. Türk Şairleri. — İstanbul: 1936. II, 864-867;
  4. Brockelmann. GAL. Suppl., II. 793;
  5. Az-Zirikliy. Al-Aʼlām. — Qohira: 1954-59. IV, 236.
  6. Mustafa Kara. „Abdullah Bosnevî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 87.