Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti — Oʻzbekiston Respublikasining badiiy ijod sohasidagi ilk oliy mukofoti. 1991-yil 6-fevralda taʼsis etilgan. Ushbu mukofotning taʼsis etilishi mustaqillik yoʻlida jonini fido etgan oʻzbek adibining xotirasini tiklabgina qolmay, millat gʻururi, shaʼni, maʼnaviyati uchun kurashgan ajdodlarga nisbatan koʻrsatilayotgan xalq ehtiromining namunasi boʻldi. Bu mukofot adabiyot, sanʼat va meʼmorlik sohasida yaratilgan, milliy istiqlol gʻoyalarini yorqin badiiy shakllarda aks ettirgan, Oʻzbekistonning buyuk tarixini va hozirgi yuksalish jarayonlarini haqqoniy obrazlar orqali gavdalantirgan va keng jamoatchilik tomonidan tan olingan yetuk asarlar uchun beriladi. Mukofotga soʻnggi turt yil mobaynida yaratilgan, eʼlon qilingan, alohida kitob shaklida nashr etilgan, koʻrgazmaga qoʻyilgan, mamlakatimizda ommaviy ravishda nashr va ijro etilgan adabiyot, musiqa, teatr-sahna, kinematografiya, televideniye asarlari kurib chiqish uchun qabul qilinadi. Bu mukofotga taqdim etish toʻgʻrisidagi qarorlar vazirliklar, davlat qoʻmitalari, ijodiy uyushmalar, respublika va xalqaro jamoat tashkilotlari rahbar organlari tomonidan qabul qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasining boshqa Davlat mukofotiga ilgari sazovor bulgan asarlar bu mukofotga tavsiya etilmaydi. Bir mukofotga talabgorlar soni 3 kishidan oshmasligi lozim. Mukofotga sazovor bulgan ijodkorlarga yorliq va faxriy nishon topshiriladi. Abdulla Qodiriy nomidagi uchta Davlat mukofotining har biri 80 ta eng kam oylik ish haqi miqdorida belgilangan. Mukofot puli mualliflar jamoasi oʻrtasida (agar ular bir ijodkordan koʻp boʻlsa) teng ulushlarda taqsimlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 13-fevral qarori bilan mukofotni berish tartibi takomillashtirildi.

1997-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan, har uch yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida beriladigan boʻldi. Bu mukofotga ilk bor (1994) yozuvchi Togʻay Murod (Togʻay Mentorov), haykaltaroshlar Ilhom Jabborov va Kamol Jabborov, rassomlar Lutfulla Abdullayev, Alisher Mirzayev sazovor boʻlganlar[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil