Abdulhakim Arvosiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulhakim Arvosiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1865-yil
Vafoti 1943-yil 27-noyabr
Dini Islom
Tanilgan sohasi Naqshbandiya-xolidiyya shayxi

Abdulhakim Arvosiy (arabcha: عبد الحکیم أرواسی — (1865, Boshqal’a — 27.11.1943, Istanbu) — Naqshbandiyya-xolidiyya shayxi.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozirgi Turkiyadagi Van viloyati (Van ko‘li) atrofida joylashgan Boshqal’a shaharchasida tug‘ilgan. Otasi — Sayyid Mus­tafo Afandi. Ona tomonidan nasli Abdulqodir Jiyloniyga borib taqaladi. Mo‘g‘ul xonlaridan Hulogu Bag‘dodni istilo etganida (1258-yil) ajdodlari Mosulga hijrat qilganlar, keyinroq Urfa va Bitlisga, u yerdan Misrga ko‘chganlar. Bir muddat o‘tib oilaning katta o‘g‘li Mulla Muhammad Vanga qaytib, shaharning sharqiy tomonida, tog‘ yonbag‘rida maskan barpo qilgan. Mazkur joyda katta dargoh va ikki qavatli masjid bunyod etib, u yerga Arvos deb nom bergan. Qodiriyya tariqatiga mansub, „Arvos sayyidlari“ nomi bilan tanilgan mazkur oila sulolasi olti yuz ellik yildan buyon mavjud bo‘lib, hozirgacha davom etib kelmoqda.

Taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulhakim Arvosiy boshlang‘ich va o‘rta taʼlimni Bosh­qal’ada olgan, keyinchalik Iroqning mashhur olimlaridan ilm o‘rganadi. Ulardan ijozaga erishib, Boshqal’aga qaytadi (1882-yil).

Naqshbandiya tariqati[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘ziga meros qolgan boylikdan bir madrasa qurdiradi va u yerda boy kutubxona barpo qiladi. U mazkur madrasada yigirma yilga yaqin taʼlim bergan. 1880-yilda xolidiyya tariqati shayxlaridan Sayyid Fahmga qo‘l berib murid bo‘ladi. Murshididan naqshbandiyya, kubraviyya, suhravardiyya, qodiriyya va chishtiyya tariqatlarida xilofat qilish huquqini oladi (1889-yil). Abdulhakim Arvosiyning tariqat silsilasi Sayyid Fahm, Sayyid Toha orqali naqshbandiyyaning xolidiyya tarmog‘ining asoschisi Mavlono Xolid al-Bag‘dodiyga borib taqaladi.

I jahon urushi davri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi jahon urushi boshlarida ruslar Boshqal’ani istilo etayotgan va armanlar tomonidan musulmonlar talon-toroj qilinayotgan davrda Abdulhakim Arvosiy hukumatdan yuz ellik kishilik oila aʼzo­lari bilan tinch joyga ko‘chish buyrug‘ini oladi. Ko‘chish niyatida Bag‘dodga yo‘lga chiqqan oila Revandiz-Arbil orqali Mosulgacha boradi. Ular ikki yilcha o‘sha yerda qoladilar. Inglizlar Bag‘dodni ishg‘ol etgach, u yerga borish niyatidan qaytib, oltmish olti kishidan iborat oila Adanaga ko‘chib keladi. Adana ham dushman qo‘liga o‘tish ehtimoli yuzaga kelgach, Eskishaharga va nihoyat, 1919-yilda Istanbulga keladi.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulhakim Arvosiy bir muddat Vaqf nazoratiga qarashli Ayyubdagi madrasada musofir holida yashab, keyin Qashg‘ariy Dargohi mudarrisligiga tayinlanadi (1919-yil, oktabr). Madrasa al-mutaxassisiynda tasavvuf tarixidan dars beradi. Madrasa mudarrisligi bilan birga Qashg‘ariy masjidining imom-xatib­ligi vazifasi ham unga topshiriladi.

1930-yil dekabrda Menemen voqeasiga aloqadorligi gumon qilinib qo‘lga olinadi, biroq uning bu voqeaga aloqasi bo‘lmagani tasdiqlanadi. Familiya joriy qilish haqidagi qonun qabul qilingandan so‘ng, Uchishik familiyasini olgan. U Beyo‘g‘li Og‘a va Boyazid masjidlarida dars bergan. Abdulhakim Arvosiyning qabri Anqaradagi Bag‘lum qabristonida.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Robitai Sharifa“ (Istanbul 1341-hijriy yil); Asarning ikkinchi nashri 1342-yilda „Mubtadiylar uchun naqshbandiyya tariqati odobini bayon qiluvchi maktub“ nomli ilova bilan Istanbulda bosilgan. Robitaning mohiyati va uni amalga oshirish haqida maʼlumot beruvchi ushbu asar, uchinchi bor Najib Fozil Kisakurak tomonidan soddalashtirilib nashr qilingan (Istanbul 1981-yil);
  • Ar-Riyāz at-tasavvufiyya“ (Istanbul 1341-yil). Tasavvuf, uning tarixi va istilohlari haqida bayon qiluvchi mazkur asarini Abdulhakim Arvosiy Madrasa al-mutaxassisiyn­da mudarrislik qilgan vaqtlari yozgan. Asar Najib Fozil Kisakurak tomonidan soddalashtirilib „Tasavvuf bog‘chalari“ (Istanbul 1983-yil) nomi bilan nashr etilgan;
  • Abdulhakim Arvosiyning mazkur ikki asaridan tashqari tasavvufiy va diniy mavzulardagi savollarga javob sifatida yozgan maktublari „Tam İlmihal — Seâdet-i Ebediyye“ nomli kitobdan o‘rin olgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Husayn Vassof. Safina. II, 59-60;
  2. Hüseyin Hilmi Işık. Tam İlmihal-Seâdet-i Ebediyye. — Istanbul: 1968. 905-910;
  3. Necip Fazıl Kı­sakürek. Başbuğ Velilerden 33 — Altun Silsile. — Istanbul: 1974. 336-351;
  4. Menkıbe­lerle İslam Meşhurları Ansiklopedisi. — Istanbul: 1983. 34-73;
  5. Nihat Azamat. „Abdülhakim Arvâsî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 211-212.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.