Abdulahadxon daxmasi

Ushbu maqola xushsifat maqolalar sarasiga kiradi.
Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulahadxon daxmasi
Abdulahadxon dxms 02.jpg
Abdulahadxon daxmasining old tomondan koʻrinishi
Umumiy maʼlumot
Maqomi davlat himoyasida
Turi maqbara
Joylashuvi Qosim Shayx majmuasi
Manzili Karmana koʻchasi
Shahar Karmana
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 40°07′59″N 65°22′02″E / 40.133151°N 65.367250°E / 40.133151; 65.367250 G OKoordinatalari: 40°07′59″N 65°22′02″E / 40.133151°N 65.367250°E / 40.133151; 65.367250 G O
Qurilishi boshlangan 1911-yil
Qurilishi tugagan 1911-yil
Texnik holati
Material pishgan gʻisht
Qavatlar soni 1 qavat
Abdulahadxon daxmasi xaritada

Abdulahadxon daxmasiKarmanadagi Qosim Shayx majmuasi tarkibiga kiruvchi me’moriy yodgorlik. 1911-yilda Buxoro amiri Said Olimxon tomonidan otasi Abdulahadxon qabri atrofida qurdirilgan. Qosim Shayx majmuasining janubi-gʻarbiy qismida joylashgan. Arxeologlar oʻrganib, u yerda mayit (suyaklar) yoʻqligini aytishgan. 2000-yil restavratsiya qilingan, 2017-yil qayta restavratsiya qilingan, 2017-yilgi restavratsiya paytida daxmaning shimol tomonidagi hujralar toʻliq buzilib, qayta tiklangan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Abdulahadxon (1859–1911)

Hijriy 1329-yili muharram oyining oltinchi kuni (1911-yil 7-yanvarda)[sharh 1] buyrak kasaliga uchragan Amir Abdulahadxon Karmana yaqinidagi Xayrobod bogʻida vafot etgan[1][2]. Uning jasadi olib kelinib, Karmanadagi Qosim Shayx xonaqosi yoniga dafn etilgan va atrofiga amir Said Olimxon tomonidan daxma qurilgan[3].

Arxitekturasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulahadxon daxmasi pishgan gʻishtdan toʻrtburchak shaklda qurilgan. Shimoliy va sharqiy qismlarida hujralar joylashgan, kirish eshigi sharqiy tomonida. Eshik peshtoqli, eshikning yuqori qismida marsiya matni oʻyib yozilgan marmar joylashtirilgan, eshikdan kirganda kichik yoʻlak mavjud, yoʻlak tepasi gumbazli qilib ishlangan. Yoʻlakdan daxma hovlisiga kiriladi. Yoʻlakning bir tomonida hujraga kiradigan eshik mavjud. Daxmaning ichki qismi janubiy tomoni kengroq hovli, shimoli-gʻarbiy tomonida yogʻochli ayvon bor, Ayvonning roʻparasida kvadrat shaklda kulrang marmar va granit bilan qoplangan Abdulahadxon qabri joylashgan. Qabr balandligi 2 metr, tomonlari 3x3 metr. Sagʻananing shimoliy tomondagi devorida arab imlosida yozilgan yozuvlar boʻlgan. Toshlar yemirilishi va tuz qoplashi natijasida yozuvlarni oʻqish imkonsiz holga kelgan[1].

Marsiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qosim Shayx majmuasi xaritasi:
1. Qosim Shayx maqbarasi
2. Qosim Shayx xonaqohi
3. Abdulahadxon daxmasi
4. Saqlanib qolgan hujra
5. Saqlanmagan hujralarning poydevorlari
6. Masjid tahoratxonasi
7. Masjid mullalarining xos xonalari
8. Ekin maydonlari
9. Hovuz

Abdulahadxon daxmasiga kirish eshigi tepasiga fors tilida[4] marmar toshga oʻyib marsiya yozilgan. Bu toshyoʻnma muallifi Mulla Abdurahim Gʻazgʻoniydir. Toshyoʻnmadagi eʼtiborga molik jihatlar shundaki: undagi harflar yoʻnilmagan, aksincha, harf ostidagi hudud yoʻnilishi orqali harflar boʻrtib chiqqan, bu nafaqat oʻz davri, balki bugungi kun sangtaroshligi uchun ham oʻta murakkab va noyob ish, bundan tashqari, marsiyani oʻz ichiga olgan burchakli gajakdor naqsh uslubi antik davr yunon-rim freskalarini aslatadi. 2000-yillarda Qosim Shayx ansambli restavratsiya qilingan paytda marsiya matni kirill alifbosida qora marmarga oʻyilib, Abdulahadxon daxmasiga kirish eshigining oʻng tomonidagi devoriga osib qoʻyilgan.

Marsiya matni quyidagicha:

Oʻzbek olimi A. Jumanazar marsiyada koʻrsatilgan „milodiy 1910-yil“ oʻsha davrda Rossiya imperiyasida keng tarqalgan Yulian taqvimi boʻyicha yozilgaligini, hijriy yilni bugungi Grigoriy taqvimi bilan hisoblaydigan boʻlsak, 1910-yil 23-dekabr 1911-yil 7-yanvarga aylanib qolishini taʼkidlaydi[6].

Qabrning ochilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Abdulahadxonning qabri SSSR davrida ikki marta ochib koʻrilgan[4].

Qabr birinchi marta 1942—1943-yillarda[7] (boshqa manbaga koʻra 1943—1944-yillarda[4]) ochib koʻrilgan. Amir Said Olimxonning Buxoro oltinlarini oʻzi bilan olib ketolmasdan, otasining qabriga yashirib qochgan boʻlishi mumkinligi haqidagi taxminlar qabrning ochilishiga sabab boʻlgan[4].

1984-yil qabr ikkinchi marta ochilgan. Qabrda qazish ishlarini olib borgan arxeologlar u yerdan kichik-kichik barmoq suyaklaridan boʻlak narsa topishmagan. Qabr birinchi marta ochilganida undagi suyaklar yigʻib olib ketilgan, degan xulosaga kelingan[7].

Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Izohlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Bu kun Yulian taqvimi boʻyicha 1910-yilning 23-dekabriga toʻgʻri keladi

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Hotamov, Halilov 1995, s. 22.
  2. Zaripov, Shernazar 2021, s. 57.
  3. Oʻlim jazosini bekor qilgan, eng oliy generallik unvoni – kavaleriya generali darajasiga erishgan ilk oʻzbek amiri
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 „Минораи Калондан ташлаш жазосини ман этган инсон​ ёхуд Амир Олимхоннинг бойликлари учун кимнинг қабри очилган?“. UzA. O'zbekiston Milliy Axborot agentligi (5-oktabr 2019-yil). Qaraldi: 4-yanvar 2023-yil.
  5. Amir Olimxonning otasi qaysi shaharda dafn qilingani. 16-fevral 2021
  6. Jumanazar 2017, s. 187.
  7. 7,0 7,1 Hotamov, Halilov 1995, s. 22—23.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • A. Hotamov, Sh Halilov. Yillar sadosi. Toshkent: Adolat, 1995 — 72 bet. 
  • A. K. Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. ISBN 978-9943-4728-2-2. 
  • A. Zaripov, Sh. Shernazar. Karmana kechmishi. Sahhof, 2021 — 192 bet. ISBN 978-9943-6665-8-0. 

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu maqolani tinglang (5 daqiqa)
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 7-iyul, 2022-yil(2022-07-07) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.
Ushbu maqolani tinglang (4 daqiqa)
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 8-iyul, 2022-yil(2022-07-08) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.