Abdukarim Mirzayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Abdukarim Mirzayev
Tugʻilishi 20-fevral 1982-yil (1982-02-20) (39 yosh)
Fuqaroligi O‘zbekiston Respublikasi
Universitet Kamoliddin Behzod nomidagi O‘zbekiston milliy rassomlik va dizayn instituti (1999-2004)
Kastamonu unversiteti (2018-)
Bolalari 3 nafar

Abdukarim Mirzayevoʻzbekistonlik jurnalist, kinorejissor va blogger[1][2]. 2010-yildagi Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan voqealarni yoritib bergan „Dardga davo istab“ nomli filmi bilan mashhur boʻlgan[3][4]. Filmda har ikki xalq ziyolilari vakillari tomonidan mavjud vaziyatdan chiqish yoʻllari, qonli voqealar natijasida yoʻqolgan azaliy yaxshi qoʻshnichilik anʼanalarini tiklash yoʻllari muhokama qilinadi[5][6].

Hayoti

Mirzayev Abdukarim Rustamovich 1982-yil 20-fevral Oʻzbekiston SSRning Surxondaryo viloyati Denov tumanida tugʻilgan. Oilali, uch nafar farzandi bor.

Taʼlim

  • 1989-1997 – Surxondaryo viloyati Denov tumani 14-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi.
  • 1997-1999 – Surxondaryo viloyati Denov shaxri 3-sonli akademik litsey oʻquvchisi.
  • 1999-2004 – Kamoliddin Behzod nomidagi Oʻzbekiston milliy rassomlik va dizayn instituti „Sanʼatshunoslik“ fakulteti talabasi.
  • 2018-v.h – Kastamonu unversiteti, ijtimoiy bilimlar instituti jurnalistika boʻlimi magistranti.

Mehnat faoliyati

  • 2003-2005 – „Poytaxt“ radiosida jurnalist va radioboshlovchi.
  • 2005-2007 – „Zamin Fm“ radiosida jurnalist va radioboshlovchi[7].
  • 2003-2017 – Oʻzbekiston MTRK Yoshlar teleradiokanalining jurnalisti va boshlovchisi.
  • 2013-2015 – Diydor oʻquv-teatr studiyasida oliy toifali oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritgan.

Ijodiy faoliyati

Abdukarim Mirzayevning ijodiy faoliyati xilma-xillikni tashkil etadi. U 2003-yildan 2015-yilga qadar bir qancha televizion, radioloyihalarda ishtirok etgan va hujjatli filmlar, hikoyalarni surʼatga olgan[8].

Loyihalari

Radioloyihalari

Dilkash radioloyihasi

„Poytaxt“ radiosida jonli efirda olib borilgan. Ushbu radioeshittirish 2003-2005-yillar oraligʻida haftada besh kun, har bir efir uch soat davomida amalga oshirilgan. Radioloyiha jonli efirga muxlislar tomonidan qilingan qoʻngʻiroqlar, insonlarning ijtimoiy muammolari asosidagi samiymiy dilkash suhbatlar asosida olib borilgan.

Uchinchi odam radioloyihasi

Zamin Fm radiosida jonli efirda olib borilgan. 2005-yilda boshlangan ushbu loyiha haftada ikki marotaba, har bir soni uch soatdan davom etgan. Loyihaning asosiy maqsadi insonlar orasidagi oʻzaro munosabatlarga, voqeliklarga uchinchi bir odamning munosabatini ifodalagan. Loyiha nomi Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning „uchinchi odam“ sheʼridan olingan boʻlib, mazmunan ham sheʼrda aytilgani kabi ikki inson, ikki taraf oʻrtasidagi munosabatlar „uchinchi taraf“, „uchinchi nigoh“ tarafidan qanday talqin qilinmoqda, umuman uchinchi bir taraf boʻlish va uchinchi tarafning chegaralari qanday boʻlishi kerak ekanligi talqin qiligan.

Dasxat dasturi

Dasxat dasturi Zamin Fm radiosida jonli efirda amalga oshirilgan navbatdagi radioloyiha boʻlib, unda jamiyatning „mashxur“ boʻlmagan insonlari bilan koʻngildan suhbat olib borilgan. Oddiy insonlarning kundalik faoliyatlari, orzu-umidlari, muammolari, iztiroblari, quvonchlariga sherik boʻla olish, tinglovchilarga „ideal“ boʻlib koʻringan insonlardan emas, oddiy, hamma qatori insonlardan ham oʻrganishimiz, havas qilishimiz, oʻrnak olishimiz va xulosa qilishimiz kerak boʻlgan taraflar bor ekanligini koʻrsatib berishga harakat qilingan. Dastur soʻngida loyiha nomiga monand har bir dastur mehmonidan dasxat olingan.

Teleloyihalari

Bugun koʻrsatuvining „Yettinchi qadam“ sahifasi

Oʻzbekiston MTRK Yoshlar telekanalida efirga uzatilgan. Ushbu koʻrsatuv adabiy-badiiy, ijtimoiy mavzularda falsafiy fikrlar asosida keng mushohadaga chorlovchi, insonlarning hayotida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan kichik ammo juda katta ahamyatga ega boʻlgan holatlar va ularning sabablari haqida boʻlgan. Koʻrsatuv hayotimizda boʻlib turadigan voqealarga xulosalar, yondashuvlar, suhbat, sahnalashtirilgan hikoyalar tarzida tayyorlangan[9].

Hikoya koʻrsatuvi

Oʻzbekiston MTRK Yoshlar telekanalida efirga uzatilgan. Oʻzbek adabiyotidan turli hikoyalar oʻqib berilgan.

Hayot soʻqmoqlari hujjatli filmlar silsilasi.

Oʻzbekiston MTRK Yoshlar telekanalida efirga uzatilgan. Oʻzbekistonning istiqboliga salmoqli hissa qoʻshgan adiblar, madaniyat va sanʼat dargʻalari, olimlar, akademiklar, siyosatchilar hayotlari haqida hikoya qilingan, suhbatlar amalga oshirilgan.

Yon daftar loyihasi

Oʻzbekiston MTRK Yoshlar telekanalida efirga uzatilgan. Ushbu loyihada ham insonlarni hayot tashvishlaridan biroz tin olib, fikrlashga, atrofdagilar va oʻzi haqida oʻylab koʻrishga undaydigan kichik hikoyalar, hayotiy voqelar soʻzlab berilgan.

Oddiy odamlar loyihasi

Oʻzbekiston MTRK Yoshlar telekanalida efirga uzatilgan. Ushbu loyiha Oʻzbekistonning turli hududlarida istiqomat qilayotgan bogʻbon, choʻpon, hamshira, oʻqtuvchi va boshqa kasb egalari haqida telekoʻrsatuvlarni oʻz ichiga olgan.

Yoʻldagi odam loyihasi

Ushbu koʻrsatuv Oʻzbekiston MTRK Yoshlar telekanalida efirga uzatilgan. Koʻrsatuv amalga oshirilgan ilk sayyohlik loyihasi boʻlib, Oʻzbekistondan tashqaridan suratga olib efirga uzatilgan. Yoʻldagi odam sayyohlik koʻrsatuvi loyihasi 2018-yil fevral oyidan 2019-yil may oyigacha efirga uzatilgan. Koʻrsatuv davomiyligi 25-35 daqiqa. Koʻrsatuv turli manzillarda, turli shaxarlarda, tarixiy joylarda, oʻrmonlarda, dengizlarda, togʻlarda suratga tushirilgan. Unda muallif va rejissor Abdukarim Mirzayev turli mavzularda fikr va munosabat bildirgan. Falsafiy-mushohada va bu fikrlarni asoslovchi turli voqealar, hikoyalar soʻzlangan. Yoʻldagi odam koʻrsatuvi ijtimoiy, falsafiy, koʻngilochar loyiha hisoblanadi.

„Odam boʻlish qiyin“ badiiy filmi

Oʻzbekiston MTRK Yoshlar telekanalida efirga uzatilgan. Besh qismdan iborat adabiy-badiiy film.

2013-2015-yillar davomida „Diydor“ oʻquv-teatr studiyasida har haftada ikki marotaba, ikki soat davomiyligidagi „etika va estetika“ darslaridan teatr oʻquvchilari bilan mashgʻulotlar olib borgan. Ushbu darslar sanʼat va sanʼatkor etikasi, inson va sanʼat, sanʼat va jamiyat, sanʼat va zamon, sanʼatkor va ijtimoiy hayot haqida boʻlgan. Ushbu yillar davomida „Diydor“ oʻquv-teatri va Yoshlar telekanali hamkorligidagi bir qancha loyihalarni tasvirga olishda rejissorlik qilgan. Shulardan:

  1. „Nodirabegim“ (Nodirabegimga bagʻishlangan)
  2. „Xotiram siniqlari“ (Zulfiya Isroilovaga bagʻishlangan)
  3. „Hayrat-ul abror“
Oʻzbek adabiyoti loyihasi

Oʻzbekiston MTRK Yoshlar telekanalida efirga uzatilgan. Alisher Navoiy gʻazallariga bagʻishlangan 30 qisimdan iborat boʻlgan koʻrsatuv. Koʻrsatuvning har bir qismida Alisher Navoiyning bir gʻazali oʻqilib, maʼnolari tushintirilgan. Ushbu loyiha rejissori va muallifi Abdukarim Mirzayev, badiiy rahbar Bahodir Yoʻldoshev va bir qator adabiyotshunos olimlar hamkorligida amalga oshirilgan.

Hujjatli filmlari

  1. Sulaymontogʻ etaklarida
  2. Iztirob
  3. Dardga daʼvo bormi?
  4. Adolat istab
  5. Immigratsiyami, intigratsiyami?
  6. Muhammad Yusuf (Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf haqida)
  7. Fenomen (Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Otanazar Matyoqubov haqida)[10]
Dardga daʼvo istab

Abdukarim Mirzayev 2010-yilgi voqealarga bagʻishlab bir nechta hujjatli filmlar tasvirga olgan. Dardga daʼvo istab hujjatli filmi 2010-yilda Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan Qirgʻiziston janubidagi tartibsizliklarga[11] bagʻishlangan filmlardan biridir[12][13][14].

Manbalar

Havolalar