Abdugʻafur Mamadalimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdugʻafur Teshaboyevich Mamadalimov
Tavalludi 1-fevral 1947-yil (1947-02-01) (77 yosh)
Andijon, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi fizik olim
Sohasi chuqur sathli yarimoʻtkazgichlar va elektroʻtkazuvchan polimerlar fizikasi
Taʼlimi Toshkent davlat universiteti
Ilmiy darajasi fizika-matematika fanlari doktori
Ilmiy unvoni akademik
Mukofotlari

Abdugʻafur Teshaboyevich Mamadalimov (1947-yil 1-fevral, Andijon shahri, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi aʼzosi, akademik (2000), fizika-matematika fanlari doktori (1985), professor (1989)[1].

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdugʻafur Mamadalimov 1947-yil 1-fevralda Andijon shahrida ishchi oilasida tugʻilgan[2]. 1964-yil Andijon shahridagi 30-maktabni, 1969-yili Toshkent davlat universitetining fizika fakultetini fizikaviy elektronika mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1969—1974-yillarda Rossiya Fanlar akademiyasi Abram Fyodorovich Ioffe nomidagi fizika-texnika institutida stajyor-tadqiqotchi, keyinchalik aspirant vazifasida faoliyat koʻrsatgan. Soʻngra Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Fizikatexnika institutida[1], 1986—1991-yillari akademiyaning Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, 1991—1994-yillarda issikliq fizikasi boʻlimi rahbari oʻrinbosari, 1994—1996-yillari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oliy oʻquv yurtlari bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, 1996—1998-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori lavozimida ishlagan. Hozirda universitet qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda[2].

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olimning ilmiy ishlari chuqur sathli yarimoʻtkazgichlar va elektroʻtkazuvchan polimerlar fizikasiga oid. Abdugʻafur Mamadalimov yarimoʻtkazgichlarda chuqur markazlar parametrlarini aniqlashning yangi uslublari — induksiyalangan fotosigʻim, past temperaturali fotoelektrik va issiqlik fizikasi spektroskopiyalarini yaratgan hamda ularni amalda joriy qilgan, „tabiiy polimer tolalar elektrofizikasi“ga asos solgan. Chuqur sath hosil qiluvchi kirishmalar bilan legirlangan kremniy, paxta va ipak tolalari asosida yangi turdagi elektron asboblar, yaʼni haroratni, namlikni, yorugʻlikni sezuvchi asboblar, yarimoʻtkazgichli S-diodlar yaratishning fizik asoslarini taklif etgan[2].

1974-yilda „Kremniy va kompensirlangan kremniy asosidagi asboblarda chuqur kirishmaviy sathlarni tadqiq etish“ mavzusida nomzodlik ishini himoya qilib, fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini, 1985-yilda „Chuqur energetik sathli kirishmalar bilan legirlangan kremniydagi fotoelektrik hodisalar“ mavzusida doktorlik dissertatsiyani yoqlab, fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 1989-yilda olimga professor, 2000-yilda akademik ilmiy unvoni berilgan. Abdugʻafur Mamadalimov 3 ta monografiya, 1 ta darslik, 7 ta oʻquv qoʻllanma, 18 ta patent va ixtirolar, 500 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir[2].

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Abu Rayhon Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1992)[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 5-jild (Konimex — Mirzoqush). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003 — 704 bet. 
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 1-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2022 — 342 bet.