Kontent qismiga oʻtish

A Big Mooncake for Little Star

Vikipediya, erkin ensiklopediya
A Big Mooncake for Little Star
Muallif(lar) Grace Lin
Muqova artist(lar)i Grace Lin
Mamlakat Amerika Qoʻshma Shtatlari
Til inglizcha
Janr(lar)i Bolalar adabiyoti
Rasmli kitob
Nashr etilgan sanasi 2018-yil 28-avgust
Nashriyot Little, Brown and Company
Sahifalar soni sahifalanmagan
Mukofot(lar) Caldecott mukofoti
ISBN 978-0-31640-448-8
OCLC 962749887

A Big Mooncake for Little Star (tarjimasi „Mitti yulduz uchun katta oy pirogi“) – 2018-yilda Grace Lin tomonidan yozilgan va chizilgan rasmli kitob. Hikoya Mitti yulduzning onasi tayyorlagan oy pirogini asta-sekin yeb tugatishi haqida. Bu asar Lin uchun ham mavzu, ham tasvirlash uslubi jihatidan yangilik boʻldi. Kitob yaxshi baholandi va 2019-yilda Caldecott mukofotiga sazovor boʻldi. Illyustratsiyalar asosan qora rangda ishlangan boʻlib, hikoya va uning gʻoyalarini yetkazishda ham rasmlar, ham soʻzlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Kitob boshida Mitti yulduzning onasi katta oy pirogini endigina tayyorlagan boʻladi va qizchaga unga tegmaslikni tayinlaydi. Biroq qizcha kechasi uygʻonib ketadi va onasining aytganini unutgan holda pirogdan ozgina tishlab, tezda oʻrniga qaytib yotadi. Bu holat har oqshom takrorlanadi. Pirog esa tobora kichrayib boradi. Oxiri, Mitti yulduzning onasi nima boʻlganini payqaydi. Kitob oxirida esa ular birgalikda yangi pirog pishirishadi.

Bu kitob Linning „eng sevimli Osiyo bayrami“ – Kuz o‘rtasida o‘tkaziladigan festivalni (Lin uni Kuzgi Oy festivali deb ataydi) nishonlash uchun yozilgan[1]. U uch yoshli qiziga anʼanaviy ertaklarni, jumladan Oy quyoni haqidagi hikoyalarni soʻzlab boʻlgach, festival uchun yangi hikoya aytishni istagan, chunki qizi yana ertak soʻrashda davom etgan[2]. Keyinchalik, qizi bir yilga moʻljallangan barcha oy piroglarini yeb qoʻyib, keyingi yilgacha boshqa oy pirogi boʻlmasligini bilgach, Lin shu voqeadan ilhomlanib hikoyani yaratgan[2]. Lin bu kitobni 2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovidan soʻng his qilgan tushkunlik kayfiyatiga javoban yozgan[3]. Shuningdek, u qizini Robert McCloskeyning Amerika madaniyatiga bagʻishlangan sanʼat koʻrgazmasiga olib borgach, unda osiyolik obrazlar yoʻqligini payqagan[4]. U yana Coles Phillipsning orqa fon bilan qorishib ketuvchi qahramonlar tasvirlangan illyustratsiyalarini eslab, u yerda ham osiyolik obrazlar yoʻqligini oʻylagan[4]. Mitti yulduz obrazini Lin oʻz qizidan ilhomlanib yaratgan. Shuningdek, uni muallif oʻz qiziga koʻrsatishni istagan Osiyo vakilining timsoli sifatida tasavvur qilgan[4].

Kitob 2018-yil 28-avgustda Little, Brown and Company nashriyoti tomonidan chop etilgan[5].

Asarning yozilishi va illyustratsiyalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lin uchun bu kitob uning ijodidagi muhim burilish nuqtasini ifodalaydi – u bu asarda oʻzining Osiyo merosini oʻrganish mavzusidan chiqib, oʻzining amerikalik ekanini tasdiqlash tomon oʻtdi[4]. A Big Mooncake for Little Star asari oy fazalari haqida boʻlib, Lin uchun yangi tasviriy uslubni ham ifodalaydi. Chunki u ilgari, masalan, Where the Mountain Meets the Moon kabi kitoblarini blok bosma texnikasida chizgan edi[5][6]. Bu safar esa u guash boʻyoqlardan va akvarel qogʻozdan foydalandi[7]. Kitobdagi qora rang muhim oʻrin tutadi – u tungi osmonga oʻxshash muhitni yaratadi. The New York Times gazetasida muallif Samantha Hunt "kitob sahifalaridagi oʻta qorongʻulikni yulduzlarning oltin nuri yorib oʻtadi," deb yozgan[8]. Kitobdagi shirinlik keyingi kosmik tasvirlar uchun fon bilan birlashadi: oy pirogining uvoqlari yulduzga aylanadi, toʻkilgan sut esa Somon yoʻliga oʻxshaydi[8][9]. Bu orqali Lin kosmos mavzusini yanada mustahkamlaydi[6][7][10]. Garchi kitobda bevosita aytilmagan boʻlsa ham, Mitti yulduzning oy pirogini yeyishi oy fazalarini ramziy tarzda ifodalaydi. Qora rangning koʻp ishlatilishi matn joylashuvini ham ajratib koʻrsatadi va shu bilan birga kosmik muhitni mustahkamlaydi. Linning matni va tasvirlari uygʻunlashib, sirli, biroz hazil aralash afsonaviy ohangdagi original asarni yaratgan[11].

  1. Lin, Grace. A big mooncake for Little Star, 1st, New York, NY: Little, Brown and Company, 2018. ISBN 9780316404488. OCLC 962749887. 
  2. 1 2 Townes, Jess „Cover Premiere: A Big Mooncake for Little Star“ (en-US). All The Wonders (2017-yil 5-oktyabr). 2019-yil 30-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 30-avgust.
  3. „Grace Lin: A Big Mooncake for Little Star“. www.gracelin.com. 2019-yil 10-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 30-avgust.
  4. 1 2 3 4 Book Chat with the Illustrator: Grace Lin on A BIG MOONCAKE FOR LITTLE STAR. Little Brown.
  5. 1 2 „A BIG MOONCAKE FOR LITTLE STAR by Grace Lin“. Kirkus Reviews (inglizcha). 2018-04-15. July 10, 2019da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 2019-07-10.
  6. 1 2 Robinson, Lolly „A Big Mooncake for Little Star“. The Horn Book (2018-yil 12-noyabr). 2019-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 10-iyul.
  7. 1 2 Taylor, Lisa „A Big Mooncake for Little Star“. School Library Journal (2018-yil 1-iyul). 2019-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 10-iyul.
  8. 1 2 Hunt, Samantha. „Nighttime Picture Books to Put Children to Bed — and Their Fears to Rest“ (en-US). The New York Times (2018-yil 8-noyabr). 2019-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 10-iyul.
  9. Danielson, Julie „Review of A Big Mooncake for Little Star“. The Horn Book (2018-yil 9-iyul). 2019-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 10-iyul.
  10. Cooper, Ilene „A Big Mooncake for Little Star“. Booklist (2018-yil 1-may). Qaraldi: 2019-yil 10-iyul.
  11. „Children's Book Review: A Big Mooncake for Little Star by Grace Lin.“ (en). PublishersWeekly.com (2018-yil 11-iyun). 2019-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 10-iyul.