Kontent qismiga oʻtish

AQSh olimpiya va paralimpiya qoʻmitasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
AQSh Olimpiya qoʻmitasining Colorado Springsdagi shtab-kvartirasi
Amerika Qoʻshma Shtatlari Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitasi logotipi
AQSh jamoasi logotipi
Fayl:United States Olympic Team.svg
AQSh Olimpiya jamoasi logotipi

Amerika Qoʻshma Shtatlari olimpiya va paralimpiya qoʻmitasi (USOPC) – Milliy Olimpiya qoʻmitasi (MOQ) va AQSh Milliy Paralimpiya qoʻmitasi (MPQ). Qoʻmita 1895-yilda tashkil etilgan va uning bosh qarorgohi Colorado shtatining Colorado Springs shahrida joylashgan. Oʻz mamlakati uchun ham Milliy Olimpiya, ham Milliy Paralimpiya qoʻmitasi vazifasini bajaruvchi dunyodagi atigi 4 ta qoʻmitadan biri. AQSh jamoalarini Olimpiya oʻyinlari, Paralimpiya oʻyinlari, Yoshlar Olimpiya Oʻyinlari, Panamerika oʻyinlari, Parapanamerika o‘yinlari hamda Yoshlar Panamerika oʻyinlariga tayyorlash, ularning bu oʻyinlarda ishtirok etishini taʼminlash va ularni nazorat qilish uchun mas’ul. Shuningdek, Amerika Qoʻshma Shtatlarida Olimpiya va Paralimpiya harakatlarining bosh yoʻnaltiruvchisi hisoblanadi.

Olimpiya harakati Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi (XOQ) tomonidan boshqariladi. XOQga dunyo miqyosida har bir sport turini nazorat qiluvchi 35 ta xalqaro federatsiya, shuningdek, oʻz mamlakatlarida Olimpiya sportini umumiy tarzda boshqaruvchi 207 ta Milliy Olimpiya qoʻmitasi (MOQ) va har bir sport turini milliy darajada boshqaruvchi milliy federatsiyalar (AQShda ular milliy boshqaruv organlari – Sport federatsiyalari yoki NGBs) tomonidan koʻmak beriladi. Milliy Paralimpiya Qoʻmitasi esa Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etuvchi barcha sportchilarni tanlash va tayyorlash uchun yagona mas’ul boshqaruv organi sanaladi.

USOPC xalqaro Olimpiya va Paralimpiya harakatlari tarkibidagi 207 ta Milliy Olimpiya qoʻmitalari va 176 ta Milliy Paralimpiya qoʻmitalaridan biri hisoblanadi. Qoʻmita tarkibida 47 ta milliy boshqaruv organi (NGB) mavjud boʻlib, shulardan 15 tasi Paralimpiya dasturiga kiritilgan sport turlarini boshqaradi (Paralimpiya sport turlari soni dunyo miqyosida kamroq). USOPC 4 ta Paralimpiya sport turini, jumladan, velosport, changʻi sporti, suzish hamda yengil atletika turlarini boshqaradi. Yana 5 ta Paralimpiya sport turi esa AQShdagi xalqaro Paralimpiya federatsiyalarining aʼzolari tomonidan boshqariladi. Ular nogironlar aravachasida basketbol, bochcha, golbol, pauerlifting va nogironlar aravachasida regbi sport turlaridir.

Koʻpchilik davlatlardan farqli oʻlaroq, AQSh hukumati sport vazirligiga ega emas va oʻzining Olimpiya qoʻmitasini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlamaydi. Buning sababi qisman AQShda sport va siyosatni aralashtirish nooʻrin deb hisoblanilishi bilan izohlanadi. AQSh Olimpiya va Paralimpiya Qoʻmitasi (USOPC) 1978-yilda qabul qilingan Ted Stevens Olimpiya va Havaskor Sportlar toʻgʻrisidagi qonun asosida qayta tashkil etilgan. Bu federal xayriya maqomiga ega boʻlgan notijorat tashkilot boʻlib, davlat tomonidan moliyaviy yordam olmaydi (baʼzi harbiy Paralimpiya dasturlari bundan mustasno). Mazkur qonunga muvofiq, USOPCga Olimpiya bilan bogʻliq belgilar, tasvirlar va atamalardan foydalanish hamda ularni litsenziyalash boʻyicha AQSh hududida yagona huquq berilgan. USOPC bu huquqni homiylarga litsenziya tarzida beradi, bu esa qoʻmitaning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun daromad olish yoʻli hisoblanadi[1][2].

Dastlab Amerika Olimpiya Qoʻmitasi (AOC) nomi bilan tashkil etilgan bu tashkilot 1960-yillardan boshlab AQSh Olimpiya Qoʻmitasi (USOC) deb atalgan. 2019-yil 20-iyunda esa u oʻz nomini AQSh olimpiya va paralimpiya qoʻmitasi (USOPC) deb oʻzgartirdi. Shu tariqa, nomida „Paralimpiya“ soʻzini kiritgan dunyodagi birinchi Olimpiya qoʻmitasiga aylandi[3].

  1. „Charity Navigator - Rating for United States Olympic Committee“. Charity Navigator. 2011-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 21-iyun.
  2. „U.S. Funding of Olympic Athletes.“. 2010-yil 12-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 2-mart.
  3. „U.S. Olympic Committee Changes Name to U.S. Olympic & Paralympic Committee“. TeamUSA.org. United States Olympic & Paralympic Committee (2019-yil 20-iyun). 2019-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 20-iyun.