762–763-yillarda Alilar qoʻzgʻoloni
762–763-yillarda Alilar qoʻzgʻoloni | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
| |||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Abu Jafar al-Mansur Iso ibn Muso |
Muhammad an-Nafs az-Zakiyya Ibrohim ibn Abdulloh |
762–763-yillarda Alilar qoʻzgʻoloni yoki Ruhi pok Muxammad qoʻzgʻoloni – Alilarning Hasaniylar boʻlimi tomonidan yangi tashkil etilgan Bagʻdod xalifaligiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon. Aka-uka Muhammad an-Nafs az-Zakiyya („Sof ruh“ deb ham atalgan) va Ibrohim ibn Abdulloh boshchiligidagi Hasaniylar Abbosiylar oilasining hokimiyatga daʼvo qilishiga qarshi chiqqan. Abbosiylar tomonidan kuchayib borayotgan taʼqiblarga munosabat bildirgan holda Hasaniylar 762-yilda ularga qarshi isyon koʻtarishga qaror qilgan. Yetakchilar Muhammad an-Nafs az-Zakiyya sentyabr oyida Madinada, Ibrohim ibn Abdulloh esa noyabr oyida Basrada qoʻzgʻolon koʻtargan.
Hasaniylar askarlarni jangga tayyorlash va tashkilotchilik malakalariga ega emas edi. Ularga ergashuvchilarning ortib borishi esa xalifa Abu Jafar al-Mansur boshchiligidagi Abbosiylarni qoʻzgʻolonga qarshi tezkor harakatga kirishishga undadi. Xalifa al-Mansur Muhammadning Hijozdagi qoʻzgʻolonini birmuncha vaqt ushlab turdi. Ibrohim boshchiligidagi qoʻzgʻolondan ikki hafta oʻtgach, Muhammadning qoʻzgʻoloni bostirildi. Ibrohimning qoʻzgʻoloni janubiy Iroqda dastlabki muvaffaqiyatlarga erishdi, ammo qoʻshin urushni taʼqib qilish va kelajakdagi siyosiy maqsadlar yuzasidan raqib shia guruhlari oʻrtasidagi kelishmovchilik tufayli parchalanib ketdi. Oxir-oqibat, Ibrohimning qoʻshini 763-yil yanvar oyida Baxamrada qattiq magʻlubiyatga uchradi. Oradan koʻp oʻtmay, Ibrohimning oʻzi ham jangda olgan jarohatlaridan vafot etdi.
Qoʻzgʻolonning muvaffaqiyatsizlikka uchrashi Alilar gʻalayoniga barham bermagan boʻlsa ham Abbosiylar sulolasining kuch-qudratini yanada mustahkamladi.
Qoʻzgʻolon tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]632-yilda paygʻambar Muhammadning vafotidan soʻng yangi paydo boʻlgan musulmon oqimi – shialarning oldingi avlodlari Muhammadning oilasini Qur’on asosida hukm qilish va adolatni taʼminlashda yagona ilohiy rahbar deb hisobladi. Bunday qarashlar xalifalikni 661-yildan 750-yilga qadar boshqargan Umaviylar sulolasiga qarshi kuchayib borayotgan noroziliklar natijasida yuzaga kelgan edi. Dastlab, ular tomonidan amalga oshirilgan qoʻzgʻolonlar ketma-ket muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Xususan, 680-yilda boshlangan Karbalo jangi va 740-yilda sodir etilgan Zayd ibn Ali qoʻzgʻoloni paygʻambarning amakivachchasi va kuyovi Alining avlodlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan edi. Muhammad va toʻrtinchi xalifa Alining (hukmronligi: 656–661-yillar) oʻlimi Umaviylar oilasining hokimiyat tepasiga kelishiga sabab boʻldi. Ayniqsa, Iroq va Kufa Alilar tarafdorlariga yordam markazlariga aylandi[1][2]. Abbosiylar va ularning tarafdorlari boʻlmish Hoshimiylar Umaviylar tuzumini agʻdaruvchi inqilobni boshlagan edilar. Abbosiylar Muhammadning amakisi Abbos ibn Abdulmuttalib orqali kengaytirilgan AlMuhammad hokimiyatiga daʼvo qildilar. Keyingi shia taʼlimotidan farqli oʻlaroq, oila aʼzoligi oʻsha davrda Alilar bilan chegaralanib qolmagan, balki butun Banu Hoshimni qamrab olgan. 740-yilda Zaydning magʻlubiyatidan keyin Abbosiylar Alilar harakatining zaiflashishidan, shuningdek, Umaviylarga qarshi kayfiyatning keng tarqalishidan hamda Xurosondagi koʻp sonli arab koʻchmanchilari oʻrtasida Alilar tarafdori tashviqotining yoʻqligidan foydalanib qoldilar. Alilar tarafdorlarining Abbosiylarni qoʻllab-quvvatlashlari va ular tarafiga oʻtishlariga hamda Umaviylarga qarshi harakat yetakchiligini oʻz qoʻllariga olishga erishdilar. Shunga qaramay, qoʻzgʻolonlarning dastlabki bosqichlarida ular Alilar tarafdorlariga qarshi harakatga kirishishda ehtiyotkor boʻlishdi va faqat Muhammad oilasidan tanlangan kishini (al-rida min Al Muhammad) musulmonlarning yangi rahbari boʻlishga chaqirishdi[3][4][5].
Abbosiylar xalifalikni qoʻlga kiritgandan soʻng, Alilar va ularning tarafdorlarini sharaflash va ularga nafaqalar berish orqali oʻz taraflariga ogʻdirishga harakat qildilar. Biroq baʼzi Alilar Abbosiylar hukmronligiga qarshi boʻlib, yashirin holda norozi kishilarni yana yangi tuzumga qarshi qoʻzgʻatishga harakat qilishdi[6]. Ushbu harakatlarga Muhammad va uning ukasi Ibrohim boshchilik qildi. Ularning ikkalasi ham yoshligidan otasi tomonidan peshqadam inson sifatida tarbiyalangan. Baʼzi manbalarda hatto Hoshimiyya yetakchilari 744-yilda Abbosiylar inqilobidan oldin[7][8][9] boʻlajak xalifa al-Mansur (hukmronligi: 754–775-yillar) bay’atini olgani daʼvo qilingan. Muhammad oʻzining olijanob feʼl-atvori sababli „Sof qalb“ (an-Nafs al-Zakiyya) nomi bilan atalgan, biroq ukasi Ibrohim biroz dunyoviy qarashlarga ega, akasiga qaraganda qobiliyati nisbatan sustroq edi[10][11][12]. Abbosiylar hokimiyatni qoʻlga kiritgach, ikki aka-uka ularning xalifalikka boshchilik qilish huquqini tan olishdan bosh tortishdi va boshqa yerga koʻchib ketib, oʻsha yerlarda Abbosiylardan yashirin harakatga tusha boshladilar. Ular oʻzlarining xalifalikka qarshi ishlarini davom ettirdilar, ushbu harakatlar ketidan aka-ukalar Sind yerlarigacha kelishdi. Abbosiylarning birinchi xalifasi as-Saffoh (hukmronligi: 750–754) aka-ukalarning faoliyatiga unchalik eʼtibor bermagan edi, ammo uning vorisi al-Mansur ularga qarshi qidiruv boshladi. 758-yilda al-Mansur Muhammad va Ibrohimning ukasi Abdullohni akalarining qayerdaligini oshkor etishdan bosh tortgani uchun, 762-yil boshida esa amakivachchalari va jiyanlarini hibsga oldi. Asirga olingan Alilar Kufaga olib ketilgan. Kufada ularga shunchalar yomon munosabatda boʻlinganki, Alilarning koʻplari oʻsha yerda halok boʻlgan[8][13].
Muhammadning Madinadagi isyoni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Mansurning taʼqiblari kuchaygani sari aka-ukalarga bosim ham kuchaydi. Anʼanaviy ravishda Alilar qarorogohi boʻlib kelgan Kufa Abbosiylar hukumati tomonidan qattiq nazorat ostida edi hamda ikki aka-uka Basra va Madinada bir vaqtning oʻzida qoʻzgʻolon koʻtarishga qaror qilishdi[14][15][16]. Xalifalik boʻylab Alilarning xayrixohlari koʻpchilikni tashkil qilgan boʻlsa-da, ularning harakatlari shoshilinch va tashkiliy jihatdan kuchsiz edi[17][15].
762-yil 25-sentyabrda Muhammad Madinada Abbosiylar hokimi Riyo ibn Usmonni hayratda qoldirib, xalifalikka qarshi isyon koʻtardi. Qoʻzgʻolonda qon toʻkilmadi. Muhammad tez fursatda Madina va Makkaning eski musulmon oilalari (ansorlar) tomonidan qoʻllab-quvvatlandi, biroq bu harakatlar boshidanoq barbod qilindi. Madina ramziy jihatdan katta ahamiyatga ega boʻlsa-da, strategik jihatdan unchalik muhim ahamiyat kasb etmasdi. Shahardan qoʻzgʻolon markazi sifatida foydalanishning notoʻgʻri qaror boʻlganligi Abbosiylarning Misrdan shaharni oziqlantiradigan don taʼminotini darhol toʻxtatib qoʻyganidayoq ayon boʻldi. Al-Mansur ham qoʻzgʻolonning olis bir shaharda koʻtarilganidan birmuncha xursand boʻldi[18][19][20] va Bagʻdoddan Kufaga joʻnab ketdi. U yerdan Muhammadni taslim boʻlishga chaqirib, keyinchalik uni avf etishni vaʼda qildi[19]. Bu taklif, oxir-oqibat, at-Tabariy tomonidan amalga oshirilgan maktublar almashinuvi natijasida qabul qilindi. Ularda Muhammad musulmonlarga rahbarlik qilish daʼvosini yana bir bor taʼkidladi va oʻzining Muhammadning qizi Fotima va Alidan kelib chiqqanligini, shuningdek, Abbosiylar tomonidan qabul qilingan Umaviylarning mutlaq monarxiya anʼanalarini rad etish haqidagi shialik qarashlarini taʼkidladi. U, shuningdek, islom dinining oddiy odatlariga qaytish tarafdori ekanligini ham aytdi. Al-Mansur bunga javoban islomgacha boʻlgan merosxoʻrlik anʼanalarini taʼkidlab, erkak kishining ayol qarindoshlaridan koʻra erkak qarindoshlari ustun turishini va shu orqali xalifalikning Abbosiylar nasliga oʻtishi toʻgʻri ekanligini taʼkidladi[18].
Xalifaning jiyani Iso ibn Muso 4000 kishi bilan Madinaga qarshi yuborildi, biroq Muhammad muqaddas shaharni tark etishdan bosh tortdi va u yerda Abbosiylar hujumini kutib oldi. Bu orada Iso shahar atrofidagi Xandaq jangida foydalanilgan mashhur ariqni tiklash kabi paygʻambar Muhammadning harakatlarini takrorlashga harakat qildi. Biroq Muhammadning tarafdorlari uni tark etishni boshladilar. Iso shahar oldiga kelib, ariq oldida bir necha kun kutib turdi va qayta-qayta Alilarga taslim boʻlishi va shu orqali kechirilishi mumkinligini taklif qildi. Shundan keyin qoʻshin ariq ustiga koʻprik qoʻyib Madinaga kirdi. Muhammad va uning qolgan 300 nafar tarafdori 762-yil 6-dekabrda Iso va uning askarlariga qarshi jangga kirishdi. Urush natijasida Muhammad oʻldirildi va boshi kesilib, xalifaga joʻnatildi[21].
Ibrohimning Basradagi isyoni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhammadning shoshqaloq harakatlari tufayli Ibrohim oʻz qoʻzgʻolonini akasining qoʻzgʻoloni bilan muvofiqlashtira olmadi. Muhammadning oʻlimidan ikki hafta oldin, 23-noyabrda Ibrohim Basrada isyon eʼlon qildi[22][23]. Ibrohimning qoʻzgʻoloni dastlab muvaffaqiyat bilan yakunlandi va Ahvoz, Fors va Vosit ustidan nazoratni taʼminladi. Roʻyxatda (devon) uning qoʻshinlari soni 100 000 kishidan iborat edi[22]. Muhammadning oʻlimi haqidagi xabar yetib kelgach, qoʻzgʻolonchilar Ibrohimni uning vorisi deya eʼtirof etishdi[23]. Ibrohim bu paytda qiyin tanlov qarshisida qoldi. Kufadan qochishga muvaffaq boʻlgan bir guruh Alilar tarafdorlari uni shaharga yurish qilishga undagan boʻlsa, basraliklar uni shu yerda qolib, muzokaralar yoʻli bilan kelishuvga erishishni afzal koʻrdilar[22]. Bu ixtilof Ibrohimning tarafdorlari turli xil qarashlarga ega ekanligini koʻrsatdi. Alilar daʼvosi turli siyosiy maqsadlarga ega boʻlgan bir nechta raqobatlashuvchi guruhlarga boʻlingan boʻlib, Ibrohim shulardan faqatgina Hasaniylar boʻlimi vakili edi. Husayniylar qoʻzgʻolonda qatnashishdan bosh tortdilar, Ibrohim esa Zaydiylar boʻlimi bilan siyosiy maqsadlar va rahbarlikdan tortib, qonun-qoidalarga amal qilish, harakatni qoʻshin bilan taʼminlashgacha boʻlgan hamma mavzuda janjallashdi. Boshqa joylarda tarafdorlar Alilarga ergashish va qoʻzgʻolonga qoʻshilishda ehtiyotkorlik bilan yoʻl tutishdi, ogʻzaki vaʼdalar va pul mablagʻlari bilan cheklangan holda isyonga qoʻshilishdan koʻra jim turishni afzal bilishdi[24][25].
Bu orada al-Mansur vaziyatdan unumli foydalandi. Suriya va Eronda qoʻshin toʻpladi va ularni Iroqqa olib keldi. Qoʻshinga rahbarlik qilish uchun Madinadan Iso ibn Musoni chaqirib oldi[26][27]. Jiddiy tanlov va ikkilanishlar qarshisida qolgan Ibrohim, nihoyat, Kufaga yurishga qaror qildi, lekin yoʻlda bu rejasidan voz kechib, ortiga qaytdi. Basraga qaytish oʻrniga ikki shahar orasidagi yoʻlda joylashgan Baxamrada qarorgoh qurdi. U yerda 21-yanvarda Ibrohimning qoʻshini 15 000 ga yaqin askarlar bilan Iso ibn Muso boshchiligidagi Abbosiylar qoʻshiniga toʻqnash keldi. Isoning qoʻshini dastlab magʻlubiyatga uchray boshladi, biroq jang Abbosiylarning gʻalabasi bilan yakunlandi. Ibrohimning oʻzi ogʻir yaralandi va bir guruh tarafdorlari bilan qochib ketdi. 763-yil 14-fevral kuni jangda olgan jarohatlaridan vafot etdi, bu esa qoʻzgʻolonning oʻz nihoyasiga yetganidan darak berdi[26][27].
Isyonning oqibati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhammad va Ibrohim tomonidan amalga oshirilgan qoʻzgʻolonlarining barbod boʻlishi va shafqatsizlarcha bostirilishidan soʻng, Alilar va ularning koʻplab tarafdorlari qamoqqa tashlandi yoki oʻldirildi. Alilarga qarshi keng koʻlamli jazo choralarini koʻrish to al-Mansurning oʻlimiga qadar davom etdi. Uning oʻlimidan keyin al-Mahdiy davrida (hukmronligi: 775–785) yangi yarashuvlar davri boshlandi. 786-yildagi Alilarning navbatdagi qoʻzgʻolonidan soʻng ularga qarshi shavqatsiz munosabat birmuncha yengillashdi[28]. Abbosiylarning Alilar bilan munosabatlari muammoli boʻlib qoldi. Ularga nisbatan keskin choralar koʻrish harakatlari Alilar tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan qoʻzgʻolonlardan keyin nisbatan yumshadi. Garchi al-Maʼmun (hukmronligi: 813–833-yillar) bir paytlar Toʻrtinchi fitna paytida Ali ibn Muso ar-Rizoni merosxoʻr qilib koʻrsatgan boʻlsa-da, bu harakatga amal qilinmadi va Maʼmunning vorislari davrida ikki oila butunlay ajralib ketdi[28]. Muhammadning oʻgʻillari va ukalaridan koʻplari Abbosiylar taʼqibidan xalifalikning chekka burchaklariga qochib ketishdi va u yerda oʻzlarining mahalliy sulolalarini tashkil etishga muvaffaq boʻlishdi. Bularga misol tariqasida Marokashda asos solingan Idrisiylar vaTabaristondagi Alaviylar sulolalarini keltirish mumkin[28][29].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Kennedy (2004), pp. 123–124
- ↑ Lewis (1960), p. 402
- ↑ Cobb (2010), pp. 261–263
- ↑ El-Hibri (2010), pp. 269–271
- ↑ Kennedy (2004), pp. 123–127
- ↑ Kennedy (2004), p. 130
- ↑ El-Hibri (2010), p. 271
- ↑ 8,0 8,1 Buhl (1993), p. 388
- ↑ Veccia Vagleri (1971), pp. 983–984
- ↑ Buhl (1993), p. 389
- ↑ Kennedy (2004), p. 131
- ↑ Veccia Vagleri (1971), p. 985
- ↑ Veccia Vagleri (1971), p. 984
- ↑ Buhl (1993), p. 388
- ↑ 15,0 15,1 Kennedy (2004), p. 131
- ↑ Veccia Vagleri (1971), p. 984
- ↑ Buhl (1993), p. 389
- ↑ 18,0 18,1 El-Hibri (2010), p. 271
- ↑ 19,0 19,1 Buhl (1993), p. 389
- ↑ Kennedy (2004), p. 131
- ↑ Buhl (1993), p. 389
- ↑ 22,0 22,1 22,2 Kennedy (2004), p. 131
- ↑ 23,0 23,1 Veccia Vagleri (1971), p. 984
- ↑ El-Hibri (2010), pp. 271–272
- ↑ Veccia Vagleri (1971), pp. 984–985
- ↑ 26,0 26,1 Kennedy (2004), p. 131
- ↑ 27,0 27,1 Veccia Vagleri (1971), p. 984
- ↑ 28,0 28,1 28,2 Lewis (1960), p. 402
- ↑ Buhl (1993), p. 389