Kontent qismiga oʻtish

2026-yilgi Afg‘oniston-Pokiston urushi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Afgʻoniston–Pokiston urushi
Afgʻoniston–Pokiston chegara toʻqnashuvlari va Pokistondagi terrorizmning tarqalishi

Afgʻoniston (toʻq sariq) va Pokiston (yashil)
Sanalar 21-fevral 2026 – hozirgacha
Urush yeri Afgʻoniston va Pokiston
Sabab Chegaradagi toʻqnashuvlar va jangari guruhlar faoliyati
Natija Davom etmoqda
Holati Davom etayotgan mojaro
Raqiblar
 Pokiston  Afgʻoniston
Pokiston Tolibonlari
Qoʻmondonlar
Asif Ali Zardoriy
Shahboz Sharif
Asim Munir
Xavaja Osif
Zaheer Ahmad Bobur
Mohsin Naqvi
Haybatulloh Oxundzoda
Hasan Akhund
Mullah Yaqoob
Sirajuddin Haqqani
Fasihuddin Fitrat
Noor Wali Mehsud
Harbiy birliklar
Pokiston Qurolli kuchlari
Pokiston armiyasi
Pokiston havo kuchlari
Frontier Corps
Afgʻoniston Qurolli kuchlari
Afgʻoniston armiyasi
Afgʻoniston havo kuchlari
Badri 313 batalyoni
Yoʻqotishlar
Pokiston maʼlumotiga koʻra: 12 askar halok boʻlgan, 27 yaralangan Afgʻoniston maʼlumotiga koʻra: 28 askar halok boʻlgan, 42 yaralangan
Fuqarolar: 37 afgʻon tinch aholisi halok boʻlgan, 26 yaralangan

2026-yil 21-fevralda Pokiston Harbiy-havo kuchlari (PHHK) Afg‘onistonning Nangarhor, Paktika va Xost viloyatlariga havo zarbalari berdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, ushbu amaliyotdan koʻzlangan maqsad Pokiston Toliboni (TTP) va Islom davlatining Xuroson viloyatiga (IShID-X) tegishli ekani aytilayotgan yettita jangarilar lagerini yoʻq qilish boʻlgan. Ushbu hujumlar Islomobod, Bajaur va Bannu shaharlarida sodir etilgan soʻnggi teraktlarga javob tariqasida amalga oshirildi. Pokiston tomoni mazkur teraktlarga sharoit yaratib berganlikda Afgʻoniston hukumatini aybladi[1].

Afgʻoniston rasmiylari havo zarbalari tinch aholi yashash punktlari va diniy markazlarga berilganini hamda Nangarhor viloyatida 18 nafar tinch aholi vakili halok boʻlganini maʼlum qildi[2][3][4]. Pokiston rasmiylari Afgʻonistondagi tinch aholini nishonga olganini rad etdi, biroq The Express Tribune nashri harbiy manbalarga tayanib, 80 nafar jangari yoʻq qilingani haqida xabar berdi[5][6]. BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi (UNAMA) tinch aholi orasida qurbonlar borligini tasdiqladi. Afgʻoniston tomoni havo zarbalarini keskin qoraladi va ushbu tajovuzga nisbatan munosib javob qaytarishga vaʼda berdi[7].

2026-yil 26-fevralda Afgʻoniston Pokistonga qarshi javob operatsiyasini boshladi. Bunga javoban Pokiston Tolibonga qarshi „Gʻazab lil-Haq“ operatsiyasiga start berdi[8][9]. Mazkur amaliyot Dyurand chizigʻi boʻylab Afgʻoniston Toliboni va Pokiston xavfsizlik kuchlari oʻrtasida chegara toʻqnashuvlari hamda oʻq otish hodisalari kuchayganidan soʻng amalga oshirildi[10]. Ertasi kuni Pokiston Afgʻoniston bilan „ochiq urush“ holatida ekanini eʼlon qildi.

Mojaroning kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mazkur nizo Pokiston va Afgʻonistondagi Tolibon hukumati oʻrtasida uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan keskinlik fonida yuzaga keldi. Ziddiyatning asosiy sababi – Pokistonning „Tehrik-e-Tolibon Pokiston“ (TTP) va boshqa jangarilar Afgʻoniston hududidan boshpana sifatida foydalanib, Pokiston ichkarisida hujumlar uyushtirayotgani haqidagi ayblovlaridir[11][12]. 2025-yil oktyabr oyida soʻnggi yillardagi eng qonli chegara toʻqnashuvlaridan soʻng, Qatar vositachiligida moʻrt sulh bitimi imzolangan edi[13][14]. Biroq keyingi muzokaralar mustahkam kelishuvga olib kelmadi va kichik koʻlamdagi ziddiyatlar davom etdi[15]. Mazkur harbiy operatsiya 2025-yilgi toʻqnashuvlar paytida asirga olingan uch nafar pokistonlik askarning Saudiya Arabistoni vositachiligida ozod etilishidan bir necha kun oʻtib boshlandi[16].

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif (chapdan ikkinchi) 2026-yil 12-fevral kuni Islomoboddagi Khadija Tul Kubra masjidiga tashrif buyurmoqda. Bu tashrif olti kun avval sodir boʻlgan xudkush hujumidan soʻng amalga oshirilgan boʻlib, Pokiston ushbu hujum uchun Afgʻonistonni ayblagan.

2026-yil 11-fevralda Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Osif agar Tolibon oʻz hududidan turib amalga oshirilayotgan jangarilar faoliyatini jilovlamasa, Pokiston islom dinining Ramazon oyi boshlanishidan oldin Afgʻonistondagi jangarilarga qarshi chora koʻrishi mumkinligi haqida ogohlantirdi[17]. Fevral oyi davomida Pokistonda bir qator yirik terrorchilik hujumlari sodir etildi. Jumladan, 29-yanvardan 5-fevralga qadar Belujiston ozodlik armiyasi tomonidan Belujiston provinsiyasida ketma-ket hujumlar uyushtirildi. 6-fevral kuni poytaxt Islomoboddagi shialar masjidida IShIDning Pokiston boʻlimi tomonidan amalga oshirilgan xudkushlik portlashi oqibatida 36 kishi halok boʻldi. 16-fevralda esa Bajaurdagi nazorat-oʻtkazish punktiga Pokiston Toliboni tomonidan uyushtirilgan hujumda 11 nafar askar va bir bola hayotdan koʻz yumdi. Oxirgi hujumga javoban, 19-fevral kuni Pokiston hukumati Afgʻoniston elchisiga demarsh (rasmiy eʼtiroznoma) taqdim etdi[18][19][20]. Shundan soʻng, agar Tolibon hukumati oʻz hududidan foydalanayotgan jangari guruhlarga qarshi chora koʻrmasa, Pokiston Afgʻoniston ichkarisida havo amaliyotlarini boshlashda „ikkilanib oʻtirmasligi“ haqida ogohlantirish berildi[21][22][23].

Harbiy harakatlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havo zarbalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

21-fevralning kechki soatlarida Afgʻonistondagi mahalliy manbalar Nangarhor, Paktika va Xost viloyatlarining ayrim qismlarida havo zarbalari berilgani haqida xabar berdi. Nangarhor viloyatida zarbalar Bihsud va Xoqoni tumanlarida, Paktikada esa Barmal va Urgun tumanlarida qayd etildi. Xost viloyatining ayrim hududlarida ham hujumlar boʻlgani xabar qilingan boʻlsa-da, boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Mahalliy manbalarning maʼlum qilishicha, Nangarhor viloyatining Behsud tumanidagi havo zarbalari tinch aholi xonadoniga tegishi oqibatida 23 kishi vayronalar ostida qolib ketgan.

Tungi vaqtda eʼlon qilingan rasmiy bayonotda Pokiston rasmiylari Pokiston Harbiy-havo kuchlari Afgʻoniston hududida havo amaliyotlarini oʻtkazganini tasdiqladi. Rasmiy shaxslarning soʻzlariga koʻra, zarbalar tanlanma va razvedka maʼlumotlariga asoslangan boʻlib, Pokiston–Afgʻoniston chegarasi yaqinidagi Pokiston Toliboni va IshIDning Xuroson viloyati guruhlariga tegishli yettita jangari lageri va boshpanalarini nishonga olgan. Pokiston tomoni bu amaliyot Islomobod, Bajaur va Bannu shaharlaridagi soʻnggi teraktlarga javob ekanini qoʻshimcha qildi[24]. Pokistonning nufuzli nashrlaridan biri harbiy manbalarga tayanib, Nangarhor, Paktika va Xost viloyatlaridagi TTPning yettita boshpanasi yoʻq qilingani va 80 dan ortiq jangari oʻldirilgani haqida xabar berdi. Biroq, Afgʻonistondagi Tolibon rasmiylari havo zarbalari faqat Nangarhor va Paktika viloyatlarida sodir boʻlganini taʼkidladi. Ularning maʼlumotlariga koʻra, Behsud tumanidagi hujum oqibatida 18 nafar tinch aholi vakili, jumladan 11 nafar bola halok boʻlgan. Afgʻoniston Toliboni rasmiylari havo zarbalarini keskin qoralab, qulay vaqtda munosib javob qaytarishlari haqida ogohlantirdi.

Paktika viloyat kengashining sobiq rahbari Shayesta Jan Ahadi Pokistonning bir necha tumanlardagi havo zarbalari juda keng koʻlamli va kuchli boʻlganini taʼkidladi. BMTning Afgʻonistonga yordam koʻrsatish missiyasi (UNAMA) hisobotiga koʻra, Pokiston ushbu havo hujumlarini 21-fevral soat 23:45 dan 22-fevral soat 00:15 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida amalga oshirgan. Shuningdek, UNAMA Paktika viloyatidagi havo zarbalari infratuzilmaga zarar yetkazgani yoki uni butunlay vayron qilganini maʼlum qildi. 23-fevral kuni UNAMA Pokiston havo zarbalari natijasida 13 nafardan ortiq tinch aholi vakili halok boʻlganini va yana yetti kishi jarohatlanganini rasman tasdiqladi[25].

  1. Azizi, Ahmad. „Taliban defense ministry vows 'calculated response' to Pakistani airstrikes“. Amu TV (2026-yil 22-fevral).
  2. Mohammadi, Habib. „Victims of Pakistani airstrike buried as others remain under rubble“. Amu TV (2026-yil 22-fevral).
  3. Saifi, Sophia „Pakistan launches airstrikes against Afghan-based 'militants' it blames for cross-border attacks“ (en). CNN (2026-yil 22-fevral). Qaraldi: 2026-yil 22-fevral.
  4. „Sources: 23 People Buried Under Rubble in Pakistan's Airstrikes on Nangarhar“. Hasht-e Subh (2026-yil 22-fevral).
  5. Yousaf, Kamran. „Air raids in Afghanistan destroy 7 terror camps“ (en). The Express Tribune (2026-yil 23-fevral). 2026-yil 23-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 23-fevral.
  6. „Photos: The aftermath of Pakistan's air strikes in Afghanistan“ (en). Al Jazeera. Qaraldi: 2026-yil 22-fevral.
  7. Azizi, Ahmad. „Taliban defense ministry vows 'calculated response' to Pakistani airstrikes“. Amu TV (2026-yil 22-fevral).
  8. „Pakistan and Afghanistan announce duelling military operations amid border clashes“ (en). Türkiye Today. Qaraldi: 2026-yil 26-fevral.
  9. „Pakistan's defense minister says that there is now 'open war' with Afghanistan after latest strikes“ (en). AP News (2026-yil 27-fevral). 2026-yil 27-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.
  10. „Pakistan launches 'Operation Ghazab-ul-Haq' amid border tensions with Afghanistan“ (en). UrduPoint. Qaraldi: 2026-yil 26-fevral.
  11. „Afghanistan promises 'appropriate response' after deadly Pakistani strikes“. Al Jazeera (2026-yil 22-fevral). Qaraldi: 2026-yil 22-fevral.
  12. „Pakistan strikes militant hideouts on Afghan border after surge in attacks“. The Guardian (2026-yil 22-fevral). Qaraldi: 2026-yil 22-fevral.
  13. „Afghanistan and Pakistan agree to immediate ceasefire during a round of negotiations in Doha“. Reuters (2025-yil 19-oktyabr). 2026-yil 28-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 23-fevral.
  14. „Afghanistan and Pakistan agree to immediate ceasefire“ (en). Ukrainian National News (UNN) (2025-yil 19-oktyabr). Qaraldi: 2026-yil 4-mart.
  15. „Pakistan, Afghanistan Agree To Immediate Cease-Fire During Talks In Doha“ (en). Radio Free Europe/Radio Liberty (2025-yil 19-oktyabr). 2025-yil 10-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 4-mart.
  16. Mitchell, Ottilie; Bariz, Yama. „Pakistan launches deadly strikes on Afghanistan“. BBC News (2026-yil 22-fevral). Qaraldi: 2026-yil 22-fevral.
  17. „May Act Against Militants In Afghanistan, Says Pakistan“. Afghanistan International (2026-yil 11-fevral). Qaraldi: 2026-yil 22-fevral.
  18. Ahmed, Saleem; Shahzad, Asif „Pakistan sends helicopters, drones to end desert standoff; 58 dead“. Reuters (2026-yil 4-fevral).
  19. Lukiv, Jaroslaw. „Deadly gun and bomb attacks hit Pakistan's Balochistan province“. BBC News (2026-yil 2-fevral). 2026-yil 2-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 2-fevral.
  20. Hussain, Abid. „Afghanistan bombing: What's Pakistan's strategy as India-Taliban ties grow?“ (en). Al Jazeera (2026-yil 24-fevral). 2026-yil 26-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 24-fevral.
  21. „Pak Defence Minister Warns of Strikes if Taliban Fails to Curb Militants“. Afghanistan International (2026-yil 19-fevral). Qaraldi: 2026-yil 22-fevral.
  22. „Won't hesitate to launch strikes inside Afghanistan: Kh Asif“. Dawn (2026-yil 19-fevral). 2026-yil 23-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 22-fevral.
  23. „Armed forces strike 7 terrorist camps along Pakistan-Afghanistan border in response to recent suicide bombings“. Dawn (2026-yil 22-fevral). 2026-yil 23-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 22-fevral.
  24. „Pakistan airstrikes kill dozens on Afghan border“. Syrian Arab News Agency (2026-yil 22-fevral). 2026-yil 25-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.
  25. „Bennett Expresses Concern over Pakistan's Strikes on Afghanistan, Urges Restraint“ (en-US). Hasht-e Subh (2026-yil 24-fevral). Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.