Kontent qismiga oʻtish

Аbdusami Soliev

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Аbdusami Soliev
Tavalludi
Abdusami Solievich Soliev

3-fevral 1943-yil
Vafoti 18-mart 2016-yil(2016-03-18)
(73 yoshda)
Toshkent, Oʻzbekiston
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi Tojikiston SSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi geograf olim
Mukofotlari

Abdusami Solievich Soliev (1943-yil 3-fevral, Isfara tumani, Tojikiston SSR – 2016-yil 18-mart, Toshkent, Oʻzbekiston) – oʻzbekistonlik geograf-olim, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya boʻyicha tadqiqotchi, geografiya fanlari doktori, professor[1]. U Oʻzbekiston Milliy universitetida koʻp yillar davomida faoliyat yuritgan va Oʻzbekiston Geografiya jamiyatiga rahbarlik qilgan.

Abdusami Soliev 1943-yilda Tojikiston SSRning Isfara tumani Kulkent qishlogʻida tugʻilgan. Dastlab qishloq maktabida taʼlim olgan, 1957-yildan Konibodom va Panjakent shaharlaridagi pedagogika bilim yurtlarida oʻqigan. Boshlangʻich sinf oʻqituvchisi sifatida faoliyat boshlagan (1961–1962). Harbiy xizmatdan soʻng, 1964-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) Geografiya fakultetiga oʻqishga kirib, uni 1969-yilda imtiyozli tamomlagan[2].

1970–1973-yillarda ToshDUning kunduzgi aspiranturasida tahsil olgan. 1973-yilda „Tojikiston shaharlarining shakllanishi va rivojlanishi“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan[2].

1973–1974-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining „Ishlab chiqarish kuchlarini oʻrganish maslahat kengashi“da ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan[2].

Abdusami Soliev 2016-yil 18-mart kuni 74 yoshida vafot etgan[2][3].

1974-yildan boshlab Solievning faoliyati Oʻzbekiston Milliy universiteti Geografiya fakulteti bilan bogʻliq boʻldi. 1984-yilda iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kafedrasi mudiri etib tayinlangan va 26 yil davomida (1984–2010) ushbu lavozimda ishlagan. 1986-yilda Moskva shahrida „Oʻrta Osiyo respublikalarida hozirgi zamon aholi joylashuvining rivojlanish omillari va tendensiyalari“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan[2].

Uning ilmiy rahbarligi ostida iqtisodiy va ijtimoiy geografiya yoʻnalishida 30 dan ortiq nomzodlik va bir nechta doktorlik tadqiqotlari amalga oshirilgan. Shogirdlari Oʻzbekiston bilan bir qatorda Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Xitoyda ham ilmiy faoliyat olib bormoqda. Solievning ilmiy ishlari aholi geografiyasi, urbanizatsiya, sanoat geografiyasi, mintaqaviy iqtisodiyot, tibbiyot geografiyasi va turizm geografiyasi kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi. 1998-yilda OʻzMUda „Mintaqaviy iqtisodiyot“ bakalavriat yoʻnalishining ochilishida tashabbuskorlardan biri boʻlgan[4].

Oʻzbekiston Geografiya jamiyatidagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2003-yildan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Geografiya jamiyati prezidenti boʻlib ishlagan. Uning rahbarligida jamiyat axborotnomalarining yangi jildlari nashr etilgan, respublika va xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etilgan. 2015-yilda Moskva shahrida oʻtkazilgan Rossiya Geografiya jamiyatining 170 yillik festivalida Oʻzbekiston delegatsiyasiga boshchilik qilgan[5].

Soliev 400 ga yaqin ilmiy ishlar muallifi boʻlib, ular orasida monografiyalar, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar mavjud. Uning asarlaridan baʼzilari:[6]

  • Oʻrta Osiyo shaharlarining rivojlanishi (1978)
  • Geografiya gorodov respublik Sredney Azii (1980, 1984)
  • Problemi rasseleniya i urbanizatsii v respublikas Sredney Azii (1991)
  • Iqtisodiy geografiya asoslari (1996)
  • Mintaqaviy iqtisodiyot (2003)
  • Tibbiyot geografiyasi (2005)
  • Turizm geografiyasi (2005)
  • Oʻzbekiston hududlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi (2010)
  • Iqtisodiy geografiya: nazariya, metodlar va amaliyot (2013)
  • „Oʻzbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi“ darsligi 2014–2015-oʻquv yilida oʻtkazilgan respublika tanlovida sovrinli oʻrin olgan.
  1. „АБДУСАМИ САЛИЕВИЧ САЛИЕВ (Узбекистан)“. Qaraldi: 2025-yil 11-dekabr.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 M.I. Nazarov. „Soliev Abdusаmi Solievich“. demografiya.uz. Qaraldi: 2025-yil 11-dekabr.
  3. Mamatqodir Nazarov; Shuhrat Qurbonov. „Abdusami Soliyev (1943-2016)“. geografiya.uz (2016-yil 19-mart). Qaraldi: 2025-yil 11-dekabr.
  4. „Экономическая и социальная география“. Qaraldi: 2025-yil 11-dekabr.
  5. „Географ олимдан илмий хазина билан бирга дўстлик ва меҳр ришталари қолди...“. Kun.uz (2016-yil 24-mart). Qaraldi: 2025-yil 11-dekabr.
  6. „Ушёл из жизни Абдусами Салиевич Салиев“ (2016-yil 21-mart). Qaraldi: 2025-yil 11-dekabr.