Rabinjon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Арбинжанdan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Rabinjon, Arbinjon — Soʻgʻdning qad. shaharlaridan biri. Samarqand shahridan 100 km gʻarbda, Fay (Pay) kanali boʻyida joylashgan. R. xarobalari Narpay tumanidagi Koʻhna Oromijon shahri harobasi oʻrnida boʻlgan deb taxmin qilinadi. R.ni A. Yu. Yakubovskiy (1934), G. A. Pugachenkova (1969), shuningdek, Oʻzbekiston FA Arxeologiya instituti xodimlari (1971—73) oʻrganishgan. Shahar toʻrtburchak qoʻsh devor va xandaqlar bilan oʻralgan mustahkam qalʼadan iborat. Narpay kanali qirgʻogʻida joylashgan alohida qoʻrgʻon boʻlgan. Qalʼa 3 tomondan shahriston va mudofaa devorlari bilan oʻrab olingan. Hovuz, bozor va hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan shahristonning jan. tomonida koshinkorlik va maʼdan eritish korxonalari boʻlgan. Shahriston va rabod hududidan kanal oʻtgan. Shahar hayotining dastlabki davri 47-asrlarga toʻgʻri keladi. Shu davrga oid binokorlik qoldiqlari, haykaltaroshlik namunalari, oltindan ishlangan ziynat buyumlari saqlangan. 910-asrlarda R. Yaqin va Uzoq Sharq mamlakatlari bilan Movarounnahrni bogʻlab turadigan yirik shaharga aylangan. Bu yerda qad. soʻgʻd sanʼati namunasi saqlangan uy va 10-asrning 1-yarmiga oid 44 ta oltin tanga topilgan. 1158 yilda Xorazmshoh Elarslon qoʻshinlari bilan Samarqandning qoraxoniy hukmdori Chagʻrixon qoʻshinlari oʻrtasidagi jangdan soʻng R. vayronaga aylangan.
R.dan ko‘plab olimlar chiqqanlar. Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad Sam’oniy (vaf. 562/1167 y.) Buxorodan Samarqandga qilgan safari davomida bu yerda bir kun bo‘lganini zikr etadi. Bu shaharcha nomi baʼzi manbalarda Rabinj shaklida ham keladi.
R.dan chiqqan olimlardan biri shu shaharcha qozisi Abul Abbos Ato ibn Ahmad ibn Idris Arbinjaniy (vaf. 368/979 y.) manbalarda «ahli ra’y» faqihlaridan bo‘lgan, deya qayd etiladi. Muhaddislar unga «hadisini olsa bo‘ladi», degan mazmunda hadis ilmini bilish darajasiga «lo ba’sa bihi», yaʼni «yomon emas» degan bahoni berganlar.U Horun ibn Sohib Arbinjaniy nomli vatandosh ustozidan tahsil olgan. Movarounnahrdan chiqqan hadis ilmi va «ilm ar-rijol» bo‘yicha yetuk olimlardan biri Abu Saʼd Idrisiy u aytgan hadislarni eshitib, shogirdlariga rivoyat qilib qoldirgan.
Mazkur shaharchadan chiqqan yana bir hadis ilmi namoyandasi Abu Muslim Omir ibn Mukomil Hamadoniy Arbinjaniy (vaf. 293/ 906 y.) edi. U Islom olamidagi ko‘plab hadis olimlaridan, jumladan, Abu Salama Yahyo ibn Mug‘ira Maxzumiy, Hoshim ibn Qosim Harroniy, Horun ibn Muso Faraviy, Salama ibn Shayblardan hadislar o‘rganib, shogirdlariga qoldirgan. Undan hadis tinglab keyingilarga yetkazgan shogirlari Muhammad ibn Ahmad ibn Hoshim Zahabiy, Abdurrahmon ibn Fath Sarroj, Muhammad ibn Zakariyo ibn Husayn Nasafiylar edi. Abu Muslim Hamadoniy Arbinjaniy ko‘plab hadislarni yozib qoldirgan, rivoyat qilishda boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan darajadagi fozil insonlardan edi.
Vahb ibn Jamil ibn Fazl Arbinjaniy ham jahongashta olimlardan bo‘lib, haj safari davomida Bag‘dodda bo‘lgan. O‘sha yerda balxlik olim Fazl ibn Abbos ibn Abdulloh Balxiyning hadislarini rivoyat qilib bergan. Bu esa olimning Balxda ham bo‘lgani haqidagi ehtimolni beradi va o‘z safari davomida hadis ilmi bilan shug‘ullanganini, bu ilm rivoji yo‘lida xizmat qilganini ko‘rsatadi. Undan Abul Hasan Jandiy hadislar rivoyat qilgan.
Abu Muso Horun ibn Sohib Arbinjiy haqida Xatib al-Bag‘dodiy (vaf. 463/1071 y.) o‘zining «Tarixi Bag‘dod» asarida maʼlumot beradi. Abu Muso nomining mazkur kitobga kirganidan ham bu olim o‘sha davrda musulmon olamining ilm markazlaridan biri - Bag‘dod sh. da bo‘lganini bilish mumkin.
Hanafiy mazhabi faqihi Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Arbinjaniy (vaf. 882 y.) ham shu yerlik olimlardan bo‘lgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Bartold V. V., Sochineniya, t. 1, M. 1963.[1]
  • Rahimjonov D. Arbinjan // Islomshunoslik qomusiy lug‘ati / Masʼul muharrir Z.M.Islomov. – T. 1. – Toshkent: Movarounnahr, 2013. – B. 67-68.
  • O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 7-jild. Parchin-Soliq. – T.: «O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. – B. 214.

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

2. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. al-Qand fi zikr ulamo Samarqand / Nazar Muhammad al-Foryobiy tahriri ostida. – Saudiya Arabistoni: Maktabat al-Kavsar, 1991. – 622 b.
3. Abu Saʼd Abd al-Karim ibn Muhammad as-Sam’oniy. al-Ansob: 5 jildli / Abdulloh Umar al-Borudiy tahriri ostida. – Bayrut: Dor al-fikr, 1998. – J. 1. – B. 104.