Abdulla Boltayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Абдулла Болтаевdan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Abdulla Boltayev (1896 — Xiva 1966) — naqqosh, Oʻzbekiston xalq rassomi (1950). Xorazm naqqoshligining yirik vakillaridan, chizma va boʻyama naqsh ustasi. Boʻyokchi, matoga gul bosuvchi usta oilasida tugilgan. Xivalik mashhur naqqosh va koshinkor usta Eshmuhammad Xudoyberdiyevdan hunar oʻrgangan. Yirik hashamatli binolar (mas, Islomxoʻja madrasasi va minorasi, 1912) qurilishida va ularni bezashda ishtirok qilgan. 1920 yildan mustaqil ishlay boshlagan. 1924 yildan Xorazm viloyati oʻlkashunoslik muzeyida ilmiy xodim. Xorazm vohasidagi atoqli ganch, tosh, yogʻoch oʻymakorlari, naqqosh larning eng yaxshi naqshlarini toʻplagan, ularni ijodiy oʻrganib, oʻzi ham naqsh namunalari yaratgan. Xiva naqqoshligiga xos shox, poya (tanob, raftor), barg , gul va gʻunchalarga oʻxshash aylanma islimiy naqshlar Abdulla Boltayev ijodida asosiy oʻrin egallaydi. Naqsh namunalari, axtalari va girixlarida islimiy naqshlar uygʻunlashtirilgan. Koʻpgina xorazmlik ustalar uning chizmalari asosida ishlagan. Maye, Ota Polvonov uning chizmalari asosida bezagan ustun va eshik 1937 y. Parijda Amaliy sanʼat koʻrgazmasida namoyish qilingan. Abdulla Boltayev ishtirokida Koʻhna Ark, Toshhovli, Nurullaboy saroyi va boshqa meʼmoriy yodgorliklar taʼmirlangan. 1946—47 yillarda Toshkentdagi Navoiy teatri binosining Xiva zalini bezagan ustalarga rahbarlik qilgan, shu teatr binosi eshiklari, tosh detallaridagi naqshlar uning chizmalari asosida ishlangan. Abdulla Boltayev tayyorlagan naqsh namunalari, uning chizmalari asosida ishlangan kulollik buyumlari Moskva (Sharq xalqlari sanʼati muzeyi), Toshkent (Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi, Amaliy sanʼat muzeyi, Oʻzbekiston BA Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi), Xivadagi muzeylarda saqlanadi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Xoʻjayev A., Naqqosh Abdulla Boltayev,T. , 1963.