Žanka Stokić
Žanka Stokić | |
---|---|
![]() Stokić 2003-yilda chiqarilgan Serbiya pochta markasida tasvirlangan | |
Tavalludi |
Živana Stokić 24-yanvar 1887-yil Veliko Gradište, Serbiya qirolligi |
Vafoti |
21-iyul 1947-yil (60 yoshda) Belgrad, Serbiya Xalq Respublikasi, Yugoslaviya Sotsial Federal Respublikasi |
Fuqaroligi | Serbiya |
Kasbi | aktrisa |
Faoliyat yillari | 1902–1944 |
Živana „Žanka“ Stokić (Serbiya kirillchasi: Живана Жанка Стокић; 1887-yil 24-yanvarda tugʻilgan – 1947-yil 21-iyulda vafot etgan) – serb aktrisasi.
Garchi komediya janridagi ijodi bilan mashhur boʻlsa-da, dramatik rollarni ham yuksak mahorat bilan ijro etgan. Koʻpincha „Serbiyaning Sarah Bernhardti“ va „Buyuk Žanka“ deb atalgan[1][2]. Stokić tanqidchilar va koʻplab zamondoshlari tomonidan barcha davrlarning eng buyuk serb aktrisasi deb hisoblaniladi[3][4].
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Žanka Stokić 1887-yil 24-yanvarda Serbiyaning sharqiy qismidagi Veliko Gradište shahrida dunyoga kelgan. Tavallud paytidagi ismi Živana Stokić. Uning otasi Bogosav dastlab novvoy boʻlgan, keyinchalik novvoylikni tashlab, politsiya xodimi vazifasiga oʻtgan, biroq Živana goʻdakligidayoq vafot etgan[5]. Onasi Julka beva qolgach, ruhoniy Aleksandar „Sanda“ Nikolajevićga turmushga chiqqan va Kučevo tumani tarkibidagi hozirgi Rabrovo qishlogʻiga koʻchib oʻtgan. Shu sababli, XX asrning ikkinchi yarmida Žanka Stokićning tugʻilgan joyi Rabrovo deb notoʻgʻri koʻrsatilgan, ammo 1990-yillarda topilgan maʼlumotlar bu fikrni rad etgan[5]. Stokić yosh oʻgay otasi bilan til topisha olmagan va 14 yoshida uydan Zaječarga qochib ketishga qaror qilgan. Zaječarda oʻsha yerlik tikuvchiga turmushga chiqqan. Biroq bu nikohida Stokić baxtli boʻlmagan va oradan bir yil oʻtmay, 1902-yilda yana qochib ketgan va bu safar sayyor teatr truppasiga qoʻshilgan.
Birinchi erining uyidan qochib ketganidan soʻng, eri uni qidirib topgan. U xotinini kaltaklash va jismoniy kuch ishlatish orqali uyiga qaytargan. Biroq Žanka yana qochishga qaror qilgan. Bu safar teatr truppasining yordamiga tayana olgan, truppa uni himoya qilgan va Žanka teatr jamoasida qolishga muvaffaq boʻlgan. Ayniqsa, taniqli aktyor Aleksandr Aca Gavrilović unga gʻamxoʻrlik qilgan va ular oʻrtasida kuchli muhabbat paydo boʻlgan. Biroq bu munosabat uzoqqa choʻzilmagan, chunki Gavrilović uni tark etib, boshqa aktrisa Mica Hrvojić bilan boʻlgan[6]. Žanka 1908-yilda ikkinchi bor turmush qurgan, ammo bu nikoh ham qisqa muddat davom etgan va juftlik ajrashgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Dušan Savković – Smrt gospođe ministarke“.
- ↑ „Jubilej užičke Žanke Stokić“.
- ↑ „Životna ispovest Mire Stupice – Biće ovo, deco, sve u redu“.
- ↑ „Glumac je velika tajna“.
- ↑ 5,0 5,1 Ko je ko u Nedićevoj Srbiji 1941-44. Prosveta, 2009 — 466–467-bet. ISBN 978-86-07-01889-5.
- ↑ Ko je ko u Nedićevoj Srbiji 1941-44. Prosveta, 2009 — 466–467-bet. ISBN 978-86-07-01889-5.