Sanoatkontexnazorat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("Sanoatkontexnazorat"dan yoʻnaltirildi)

"SANOATKONTEXNAZORAT" - Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi kon sanoatida ishlarni bexatar olib borish, yer osti boyliklaridan maqsadga muvofiq foydalanish va ularni muhofaza qilish, mineral xom ashyoni sarflashga oid qonunlarga, meʼyoriytexnik, huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat inspeksiyasi. "S." vakolatiga kiruvchi meʼyoriy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda koʻrib chiqadi va muvofiklashtiradi, alohida ish turlariga ruxsatnoma beradi. Xavfsizlik texnikasiga doir meʼyoriy hujjatlarni tayyorlaydi va tasdiklaydi; harbiylashtirilgan konqutqarish qismlariga tezkor va uslubiy rahbarlik qiladi.

Kumir, konruda va noruda, foydali qazilmalar, neft, gaz qazib olish va qayta ishlash, kimyo, metallurgiya sanoatida, geol.qidiruv tashkilotlarida, magistral neftgaz quvurlari, i.ch. jarayonida gazdan foydalanish, portlash va yongʻin xavfi boʻlgan obʼyektlarda; yer osti transporti va gidrotexnika inshootlari qurilishida, portlash va yongʻinga xavfli boʻlgan obʼyektlar qurilishi va boshqa tarmoqlarning oʻta xavfli obʼyektlarida xavfsizlikni taʼminlanishini nazorat qiladi.

"S." Davlat konchilik texnika nazorati ("Gosgortexnadzor") davlat qoʻmitasining Oʻrta Osiyodagi regional tarmogʻi sifatida tashkil etilgan (1950). 1953-yildan Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tarkibidagi Davlat qoʻmitasi, 2000-yil apreldan agentlik, 2003-yil 9 dekabrdan "S." Davlat inspeksiyasi.

Davlat inspeksiyasida 12 tarmoq, 16 regional va hududiy inspeksiya hamda 4 mustaqil xoʻjalik faoliyat yuritadi. "S."ning rivojiga T. R. Toshmuhamedov, A. G. Axmatboyev, R. T. Saidov va boshqa mutaxassislar salmoqli hissa qoʻshdilar.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil