Maqom ansambli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("Maqom" ansamblidan yoʻnaltirildi)

Maqom ansambli - h) maqomlarni ijro etishga ixtisoslashgan xonanda va sozandalar guruhi. Ularning ijro dasturlaridan asosan maqomlar, shuningdek, oʻzbek bastakorlarining kuy va ashulalari, xalq musiqasi namunalari oʻrin oladi. 20-asrning boshlariga qadar Maqom ansamblilari Buxoro, Samarqand, Xiva, Qoʻqon, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda, xususan saroy sharoitida faoliyat kursatgan. Keyinchalik Maqom ansamblilari yangicha shart-sharoitlarda mumtoz milliy musiqa ijodiyotini keng targʻib qilish maqsadida qayta tuzilgan. Oʻtmishda Maqom ansamblilari tomonidan maqomlar yaxlit turkum holda yoki ularning alohida-alohida cholgʻu va ashula qismlari ijro etilgan. Bunda, jumladan, Shashmaqomttt Talqin, Nasr, Savt kabi shoʻʼbalarini aytishga ixtisoslashgan hofizlar talqinxon, nasrchi, savtxon deb yuritilgan. Ularga tanbur, doyra yoki ixcham cholgʻu ansambli joʻrlik qilgan. Jumladan, 19-asrning oxirida Buxoroga mos Maqom ansambli tarkibida, odatda, 2 ta tanbur, dutor, qoʻbiz (yoki sato), doira va 2—3 nafar joʻrovoz hofizlar boʻlgan. 1920-yillarda tashkil topgan Sharq musiqa maktablarida, Samarqand musiqa va xoreografiya institutida maqom ijrochiligidan saboq berishda Opga Jalol Nosirov, Ota Gʻiyos Abdugʻani, Domla Halim Ibodov, Hoji Abdulaziz Rasulov, Matyoqub Harratov kabi yirik maqomchi ustozlar xizmat qilganlar; 2) Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi Yunus Rajabiy nomidagi "Maqom" ansambli. 1959-yilda akademik Yu.Rajabiy tashabbusi bilan tuzilgan. 1989-yildan Yunus Rajabiy nomida. Respublika radiosi huzurida 1927-yilda tashkil topgan oʻzbek xalq cholgʻulari ansambli (rahbar Yu. Rajabiy), shuningdek, Hoji Abdulaziz Rasulov, Domla Halim, Toʻychi hofiz kabi atoqli hofizlarning boy ijodiy-ijrochilik anʼanalariga tayanib ish tutdi. Ansamblga tajribali xonanda va sozandalar jalb etilib, milliy cholgʻulardan tanbur, dutor, chang , rubob, gʻijjak, sato, nay, qoʻshnay, doira va boshqa kiritildi. Ansambl tomonidan, asosan, Buxoro va Fargʻona-Toshkent makom yoʻllari mukammal oʻrganilishi hamda noyob ijro uslublari oʻzlashtirilishida F. Sodiqov (1961—76 yillarda changchi va musiqa rahbari), J. Sultonov, O. Imomxoʻjayev, A. Haydarov, K. Ismoilova, B. Dovidova, O. Alimahsumov, O. Qosimov, T. Alimatov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar — K. Moʻminov, A. Ubaydullayev, B. Zirkiyev, I. Katayev, S. Aminov, Sh. Ergashev, X. Qodirova, H. Yusupova, Z. Sodiqov, I. Qodirov, shuningdek, I. Toʻrayev, D. Sottixoʻjayev, U. Otayev va boshqalarning ulushi katta boʻldi. Bu jamoa ijrosida Shashmaqom, Fargʻona—Toshkent maqom yoʻllari magnit tasmasi hamda grammofon plastinkalarga yozib olinib, bir necha bor koʻpaytirilgan. Yu. Rajabiy rahbarligida keng faoliyat koʻrsata boshlagan bu ijodiy jamoa katta va oʻziga xos maktab yaratishga muvaffaq boʻldi. Ansamblga badiiy rahbar sifatida ishlagan Yu. Rajabiy (1959—76), O.Alimahsumov (1976—79), Sh. Mirzayev (1979—81), Gʻ. Toshmatov (1981—86), A. Ismoilov (1989—96 va 1999-yildan), Isroil Vahobov (1996— 99)larning xizmatlari katta. Soʻnggi davrdagi ansambl tarkibi ud va qonun cholgʻulari bilan kengaydi, maqomlarning ijro talqinlari yanada koʻpaydi. Maqom ansambli ijrochiligining keyingi ravnaqida A. Ismoilov va A. Abdurashidov, O. Hotamov, O. Otaxonov, E. Lutfullayev, H. Rajabiy, M. Tojiboyev, M. Yoʻldoshev, aka-uka Vahobovlar, B. Doʻstmurodov, T. Maxmudov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar A. Xoltojiyev, M. Dalabosova, N. Sattorova, A. Dadayev, M. Ziyoyeva va boshqalarning munosib hissasi bor. Ansambl sozanda va xonandalari nufuzli musiqiy anjumanlar, shu jumladan, YUNESKO qoshidagi xalqaro musiqa kengashining VII kongressi (Moskva, 1971), Xalqaro musiqashunoslik simpoziumlari (Samarqand, 1978, 1983, 1987), "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivallari (Samarqand, 1997, 1999, 2001)da muvaffaqiyatli ishtirok etgan; 3) Oʻzbekistonning turli joylar (madaniyat saroylari, oʻquv yurtlari, viloyat televideniyesi va boshqalar)da tashkil topgan professional va havaskorlik makom ansambllari 1970-yillardan faoliyat koʻrsatmoqda (Xorazm, Andijon, Buxoro, Samarqand, Qoʻqon va boshqalar). Maqom ansamblilari ustozona makom ijrochiligi anʼanalarini davom ettirgani holda boshqa mumtoz kuy va ashulalarni hozirgi zamon tinglovchilarining didi, talab va ehtiyojlariga moslab ijro etilishiga alohida aqamiyat beradi. 1972-yilda Toshkent konservatoriyasi (hozirda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi) tarkibida Sharq musiqasi (hozirda Anʼanaviy ijrochilik) kafedrasi ochilishi bilan sozanda talabalar uchun Maqom ansambli nomli oʻquv-amaliy fani joriy etildi. Konservatoriya talabalaridan iborat cholgʻu Maqom ansambli ijrosida Buzruk maqomi cholgʻu qismlari (1973, rahbar F. Sodiqov), shuningdek, Shashmaqomning barcha mushkilot yoʻllari (rahbar dotsent A. Hamidov) ilk bor mukammal holda yozib olinib, 5 ta maxsus grammofon stereo plastinkalar (jami 11 dona) chiqarilgan (1987—91). Xorazm maqomlari toʻliq holda 1990-yillarda Xorazm viloyat teleradiosi qoshida tuzilgan Maqom ansambli (badiiy rahbar R. Jumaniyozov) ijrosida magnit tasmasiga yozib olingan. Hozirgi musiqa va sanʼat kollejlarida hamda baʼzi boshlangʻich musiqa va sanʼat maktab va litseylarida ham maqom yoʻllari oʻqitilmoqda. 1983-yildan muntazam oʻtkaziladigan Maqom ijrochilarining respublika tanlovlarida Maqom ansamblilari ham ishtirok etadi. 1991-yilda bu tanlovga Yunus Rajabiy nomi berilgan.

Ravshan Yunusov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil