Yuridik shaxs

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yuridik shaxs — fuqarolik huquqlari va majburiyatlarining konkret subʼekti.


Yuridik shaxs — fuqarolik huquq va majburiyatlarining subʼyektlari hisoblanuvchi korxona, muassasa, tashkilotlar. OʻzR fuqarolik qonunchiligiga koʻra, Yu.sh. oʻz mulkida, xoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida molmulkka ega boʻlgan hamda oʻz majburiyatlari yuzasidan ushbu molmulk bilan javob beradigan, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻla oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda daʼvogar va javobgar boʻla oladigan tashkilotdir. Yu.sh. lar mustaqil balans yoki smetaga ega boʻlishlari kerak.

Oʻzbekiston Respublikasining FKda Yu.sh.larning quyidagi 2 turi farqlanadi: 1) tijoratchi tashkilotlar, yaʼni foyda olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan tashkilotlar. Mas, xususiy korxonalar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari; 2) tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar, yaʼni foyda olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan tashkilotlar. Mas, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari. Yu.sh.lar fuqaro (fuqarolar) tomonidan (mas, xususiy korxona, masʼuliyati cheklangan jamiyat, notarial kontora kabi shakllarda), Yu.sh.larning oʻzlari tomonidan (mas, oʻzga aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini sotib olishi yoʻli bilan, Yu.sh.lar birlashma yoki uyushma ittifoqlariga birlashishi orqali), davlat tomonidan (mas, operativ boshqaruvga asoslangan taʼlim muassasasini tashkil qilish, davlat molmulki boʻlgan korxona ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotgan paytda aksiyalarning bir qismi davlatning oʻzida qolgan hollar) taʼsis etilishi mumkin. Ular, oʻz navbatida, tashkil qilingan Yu.sh.ning muassislari (taʼsischilari) hisoblanadilar. Shuningdek, OʻzRda Yu.sh.ning taʼsischisi chet el fuqarosi, chet el kompaniyasi (Yu.sh.i) ham boʻlishi mumkin. Qoidaga koʻra, ustav jamgʻarmasining miqdori taʼsis etilayotgan Yu.sh. davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotgan paytda 150000 AK.Sh dollaridan ortiq va ulushning kamida 30 foizini chet el investorining hissasi tashkil etsa, bunday Yu.sh. — qoʻshma korxona, agar yuz foiz ulush chet ellik investorga ■■ tegishli boʻlsa, bunday Yu.sh. — xorijiy korxona hisoblanadi. Ayni vaqtda bunday mulkiy senzlar mahalliy Yu.sh.larga ham oʻrnatilgan. Chunonchi, masʼuliyati cheklangan jamiyatning , xoʻjalik shirkatining ustav fondi jamiyatni, shirkatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytidagi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan kam boʻlmasligi kerak. Ayni vaqtda Yu.sh.larning mulkiy mablagʻlari sohasida ayrim cheklashlar ham mavjud. Mas, Yu.sh.ning bir turi boʻlgan siyosiy partiyalar xayriya yordamini faqat Oʻzbekiston Respublikasi Yu.sh. lari va fuqarolaridan oladilar (Oʻzbekiston Respublikasining 2004 yil 30 apr.dagi "Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida"gi qonuni). Oʻzbekiston Respublikasining "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida"gi qonuni (2000 yil 25 may)ga koʻra, Yu.shlar qonun bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat turi bilan shugʻullanishlari mumkin. Shuningdek, ayrim faoliyat turlari bilan faqat ruxsatnoma (litsenziya) orqali shugʻullanishga ioʻl quiiladi (OʻzRning 2000 yil 25 maydagi "Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida"gi qonuni). OʻzR Oliy Majlisining 2001 yil 12 maydagi qarori bilan "Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati" belgilangan. Ularga, jumladan, atom energetikasi obʼyektlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va taʼmirlash, geodeziya va xaritagrafiya faoliyati, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlash, noshirlik, tibbiy, nodavlat taʼlim muassasalari faoliyati kabilar kiradi. Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasiga koʻra, konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishni maqsad qilib qoʻyuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib qiluvchi, xalqning sogʻligi va maʼnaviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek, harbiylashtirilgan birlashmalarning , milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish ham taqiqlanadi.

YU.sh.ning huquq layoqati u tuzilgan paytdan, yaʼni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi va uning faoliyati tugashi (tugatilishi) bilan tugaydi. Yu.sh. ustav asosida yoki taʼsis shartnomasi va ustav asosida yoxud faqat taʼsis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot boʻlmagan Yu.sh. shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin. Yu.sh. qonunlarga va taʼsis hujjatlariga muvofiq ish olib boradigan oʻz organlari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻladi va zimmasiga fuqarolik burchlarini oladi. Yu.sh. organlarini tayinlash yoki saylash tartibi qonunlar va taʼsis hujjatlari bilan belgilanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda Yu.sh. oʻz ishtirokchilari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻlishi va fuqarolik burchlarini oʻz zimmasiga olishi mumkin. Yu.sh.larning faoliyati qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) yoki tugatish (muassislarning qarori bilan, faoliyat ruxsatnomasiz olib borilganda, bankrot deb topilganda — sudning qarori bilan) orqali bekor boʻladi.

Mamlakatimizda Yu.sh.lar faoliyatini bevosita tartibga soluvchi bir qancha qonun hujjatlari mavjud: "Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida" (1991 yil 15 fev.). "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida" (1996 yil 26 apr.). "Notariat toʻgʻrisida" (1996 yil 26 dek.), "Advokatura toʻgʻrisida" (1996 yil 27 dek.), "Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida" (1997 yil 26 dek.), "Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida" (1998 yil 30 apr.), "Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida" (yangi tahrirda 2004 yil 26 avg .), "Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida" (1998 yil 30 apr.), "Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida" (1999 yil 14 apr.), "Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun Yu.sh. larning javobgarligi toʻgʻrisida" (2000 yil 15 dek.), "Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida" (2001 yil 6 dek.), "Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshma masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida" (2001 yil 6 dek.), "Xususiy korxona toʻgʻrisida" (2003 yil 11 dek.)gi va boshqalar qonunlar. Ad.: 3okirov I. B., Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik huquqi, T., 1996; Rahmonqulov X.R., OʻzbekistonRespublikasi Fuqarolik kodeksining birinchi qismiga umumiy tavsif va sharhlar, T., 1997; Roʻzinazarov Sh.N., Bozor sharoitida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish tuzilmalarining fuqarolik huquqiy maqomi, T., 1997; Kashanina T.V., Korporativnoye pravo, M., 1999; Ayubov U., Fermer xoʻjaliklarini tashkil etishni tartibga solish, T., 2002; Gʻulomov S.S., Xalqarosavdo huquqi, T., 2002; Tadbirkorlik huquqi, T., 2002; Yuldashev J. I ., Aksiyadorlik jamiyatlari — fuqarolik huquqining subʼyekti, T., 2004.

Mirodil Baratov.