Yantoq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yantoq (Alhagi) — dukkakdoshlar oilasiga mansub koʻp yillik begona oʻtlar turkumi. Oʻrta Osiyoning dasht, choʻl, chala choʻllarida hamda Rossiyaning Yevropa qismidagi chala choʻl rayonlarida 5 turi maʼlum. Oʻzbekistonda Ya.ning soxta yantoq va qirgʻiz yantogʻi turi oʻsadi. Boʻyi 40—110 sm, tik, sershox, ildizi kuchli rivojlangan, yer osti suvlarigacha yetib boradi (10 m va undan ortiq). Barg qoʻltigʻida qattiq tikanlari bor. Barglari choʻziq, nashtarsimon, barg bandi kalta, ketmaket joylashgan. Gullari mayda, qizil yoki pushti. May— sentyabrda gullaydi, avgust— oktyabr oylarida urugʻlaydi. Mevasi 10 tagacha urugʻ boʻlgan dukkak. Ya.ning yer usti qismi qishda qurib qoladi, bahorda ildiz boʻgʻzidagi kurtaklardan yangi poyalar oʻsib chiqadi. Urugʻi va ildiz bachkilaridan koʻpayadi. Urugʻi poʻstlogʻi qattiq boʻlganligi tufayli juda sekin unadi. Ya.ning hamma turi tuyachilik va qoʻychilikda yaxshi ozuqa hisoblanadi. Guli va ildizidan xalq tabobatida turli damlamalar tayyorlanadi. Ya.dan yuqori sifatli yemxashak, silos va oziq uni olinadi. Ya. yaxshi asal beruvchi oʻsimlik. Daraxtsiz choʻllarda Yantoq.dan oʻtin sifatida foydalaniladi. Sugʻoriladigan yerlarda, yoʻl, ariq, kanallar boʻylarida, tashlandiq yerlarda, ekinzorlarda begona oʻt sifatida oʻsadi. Yantoq allergiyani davolashda qo'llaniladi: Buning uchun yantoqning gulini qaynatib ichish kerak.

Kurash choralari: almashlab ekish, yerni chuqurroq haydash, ildizpoyalarni yigʻib olish, dalalarga chirigan goʻng solish va boshqalar