Yadroning boʻlinishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yadroning boʻlinishi — oʻzoʻzidan (spontan) yoki bombardimon qiluvchi zarralar taʼsirida atom yadrosining deyarli teng ikki boʻlakka parchalanishi. Atom yadrolarida nuklonlar yadro kuchlari tufayli bogʻlangan. Yadrolarning bogʻlanish energiyasi turli yadrolar uchun turlicha. Solishtirma (bitta nuklonga toʻgʻri keladigan) bogʻlanish energiyasi atom yadrolarining barqarorligini ifodalaydi: solishtirma bogʻlanish energiyasi qancha katta boʻlsa, yadro ham shunchalik barqaror boʻladi.

Kimyoviy elementlar davriy sistemasida oxirgi oʻrinlarni egallagan atomlar yadrolarining solishtirma bogʻlanish energiyasi jadvalning oʻrtasida joylashgan atomlar yadrolarining solishtirma bogʻlanish energiyasidan taxminan 1 MeV kam (qarang Mendeleyev davriy sistemasi). Shuning uchun ogʻir yadrolarning jadvalning oʻrta qismi elementlari yadrolariga boʻlinishi (energetik jihatdan qulay) boʻladi. Sistema boʻlingandan soʻng ichki energiyasi minimal holatga oʻtadi. Chunki yadroning bogʻlanish energiyasi qancha katta boʻlsa, yadroning hosil boʻlishida shuncha katta energiya ajralib chiqishi va demak, yangidan hosil boʻlgan sistemaning ichki energiyasi shunchalik kam boʻlishi kerak. Yadroning oʻz-oʻzidan (spontan) boʻlinishi 92s7 uran yadrosida rus olimlari G.N.Flyorov va K.A.Petrjak tomonidan kashf etilgan (1940). Tashqi taʼsir natijasida yadrolarning boʻlinishini nemis olimlari O. Gan, F. Shtrassman hamda E. Fermi va J. Kyuri (1938—39) kashf etgan. Yadrolarga, odatda, proton, neytron, deytron kabilar bilan taʼsir etiladi. Neytronlar bilan taʼsir etish, ayniqsa, samaraliroq boʻladi. Spontan boʻlinishida ham, tashqi taʼsir natijasida boʻlinishida ham yadro elementlar davriy sistemasi oʻrtalaridagi yadrolarga parchalanadi. Parchalanish mahsulotlari turlituman boʻlib, ularning massalari koʻpincha 2:3 nisbat kabi boʻladi.