Xususiy mulk

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xususiy mulk — ayrim sohibkorlarga qarashli yollanma mehnatga asoslangan va oʻz egasiga foyda keltiruvchi mulkdir. Oʻzbekiston Respublikasining mulkchilik toʻgʻrisidagi qonunida (7-modda), xususiy mulk oʻz mol-mulkiga xususiy egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidan iboratdir deb koʻrsatilgan. Shu bilan birga xususiy mulk boʻlgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmasligi taʼkidlanadi.

Xususiy mulk - ayrim kishilar yoki xonadonlar ixtiyoridagi mulk; bozor iqtisodiyotidagi xilmaxil mulklar orasida yetakchi mulk shakli. X.m.ning obʼyekti moddiy va moliyaviy boyliklar, ish kuchi, intellektual mehnat mahsuli, yer, suv, yer osti boyliklari, korxonalar, xoʻjaliklar, aksiya va obligatsiyalar, pul mablagʻlari, transport vositalari, turar joy, isteʼmol tovarlari, mehnat qobiliyati, ishbilarmonlik mahorati, ilmiy kashfiyotlar, texnikaviy ixtirolar, sanʼat va adabiyot asarlari va boshqalar boʻlishi mumkin. X.m. subʼyekti unga egalik qiluvchi kishilar, ayrim shaxslar va xonadon axli xisoblanadi.

X.m. mulkchilikning eng koʻhna shakli, bundan bir necha ming yillar oldin qabila, urugʻaymoklarning jamoa mulkidan oʻsib chiqqan jamoa mulki ayrim kishilar qoʻliga oʻtib X.m.ga aylangan. X.m. anʼanaviy va bozor tizimida asosiy mulk hisoblangan. Rejali iqgisodiy tizim xususiy mulkni yoʻqotib davlat mulkini oʻrnatgan, isteʼmolga xizmat qiluvchi mulkni, jumladan uyroʻzgor buyumlari va tomorqa xoʻjaligini shaxsiy mulk, deb eʼlon qilgan. Rejali tizimdan bozor iqgisodiyotiga qaytilgach, X.m. yangidan tiklanadi. Bunga quyidagi yoʻl bilan erishiladi: 1) davlat mulki X.m.ga aylantiriladi; 2) uz mablaga xisobidan xususiy mulkni yaratishga ruxsat beriladi; 3) jamoa (kolxoz) mulkidan xususiy mulk ajralib chiqadi; 4) shaxsiy mulk xisoblangan tomorka va xonadon molmulkiga X.m. maqomi beriladi; 5) X.m. chet eldan kirib keladi, mavjud mulkchilik tizimiga qoʻshiladi.

Bozor iqtisodiyotiga xos mulkiy poliformizmni X.m. transformatsiyasi yuzaga keltiradi. X.m. oʻz sohiblari ixtiyori bilan birlashganda jamoa mulki hosil boʻladi. X.m. milliylashtirilganda u davlat mulkiga aylanadi.

X.m. bozor iqtisodiyotining tayanchi sifatida bir qator belgilar bilan tavsiflanadi: X.m. iqtisodiy resurslar, yaratilgan mahsulot va xizmatlarni, umuman boylikni yakka tartibda ayrim kishilar yoki oilalar tomonidan oʻzlashtirilishini taʼminlaydi. X.m. sohiblari turli toifadagi kishilar, chunonchi tadbirkorlar, ishchilar, xizmatchilar, dehqonlar, yer egalari va rantyelar boʻlishi mumkin. X.m. oʻz egasiga iqtisodiy hokimiyat beradi, yaʼni uni boshqarish funksiyasi bilan taʼminlaydi. Mulk obʼyektini mulqdorning oʻzi yoki uning nomidan menejerlar boshqaradi. X.m. oʻz soxibiga naf keltirishi shart. X.m. oʻz soxibiga iqgasodiy mustaqillik beradi, yaʼni mulk soxibi uni uz bilganicha ishlatadi. Mulk egasi muqobil iktisodiy tanlov qoidasiga binoan, nima ish qilishini belgilab oladi, u mulkini biznesga qoʻyadi, sotadi, garovga beradi yoki merosga qoldiradi.

X.m. iqtisodiy roʻyobga chiqishi — oʻz egasiga mulkiy daromad keltirishi yoki uning isteʼmol ehtiyojini qondirishi kerak. Davlat qabul qilgan qonunlar va yozilmagan qoidalar, yaʼni shakllangan anʼanalar va mulkiy udumlar X.m.ga egalik qilishni, mulkiy huquqni taʼminlaydi. Oʻzbekistonda X.m. daxlsizligi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va mulk toʻgʻrisidagi qonunlarda eʼtirof etilgan.

Oʻzbekistonda X.m. davlat mulkini xususiylashtirish, uni hosil etishga ruxsat berilishi natijasida yuzaga keldi va xususiy korxonalar, fermer va dehqon xoʻjaliklari, xususiy banklar, tomorqa, xonadondagi molmulk va pul jamgʻarmalari, qimmatli qogʻozlar X.m. obʼyektiga aylandi.

X.m., uni iqtisodiy roʻyobga chiqarish usuli jihatidan 2 turga boʻlinadi; 1) ayrim kishilarga qarashli boʻlgan tanho individual X.m. Bu mulkka egalik mulkdorning oʻzining faoliyati orqali yuz beradi, yakka tartibda egasi tomonidan boshqariladi, u keltirgan daromad ulushlarga ajralmagan holda toʻlatoʻkis egasiga tegadi; 2) korporativ, guruxiy X.m. Bu ulushbay, sherikchilikka asoslangan mulk bulib, aksiyadorlik jamiyatiga xos. Uning egalari aksiyadorlar hisoblanadi, ularning mulkiy ulushi qoʻlidagi aksiyalar qiymati bilan oʻlchanadi. X.m.ning bu turida mulkning iqtisodiy roʻyobga chiqishi alohida emas, balki mulkdorlar guruhi doirasida yuz beradi. Bu mulkni aksiyadorlarning oʻzlari emas, balki yollangan menejerlar boshqaradi, undan kelgan daromad aksiyadorlar urtasida ulushbaychilik qoidasiga binoan taqsimlanib dividend shakliga kiradi. Mayda X.m. individual bulsa, yirik X.m. korporativ X.m. tavsifiga ega.

X.m. amal qilishi jihatidan 2 xil boʻladi: birinchisi biznesga xizmat qiluvchi mulk boʻlib kapital sifatida harakatda boʻladi va egasiga fonda keltiradi; ikkinchisi isteʼmolga xizmat qiluvchi mulk boʻlib, xonadonda ishlatiladi. Bu mulk isteʼmol buyumlar va pul mablagʻidan iborat, xonadonning tirikchilik ehtiyojlarini qondiradi. X.m.ning iqtisodiyotdagi roli xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi hissasi va xususiy molmulkning milliy boylikdagi hissasiga bogʻliq. X.m. davlat mulkini xususiylashtirish va mulkdorlar topgan daromadning jamgʻarilib, mulk obʼyektini kengaytirish yoʻli bilan koʻpayadi. X.m. bozor tizimida ustuvor boʻlsada, boshqa mulk shakllarini inkor etmaydi, ular bilan yonmayon amal qiladi, mulkiy poliformizm taʼminlanadi.

Ahmadjon Oʻlmasov.


Xususiy mulk ham, boshqa har qanday mulk shakllari kabi, oʻzining ijobiy va salbiy tomonlariga ega. U, soʻzsiz, tashabbuskorlik va tadbirkorlikni, mehnatga maʼsuliyatlilik munosabatlarini ragʻbatlantiradi. Shu bilan birga, tovar ishlab chiqarish sharoitida u xufyona daromad orttirishga intilish hissini tugʻdiradi. Mulkchilikning bu shaklini tan olish xalq xoʻjaligida uni qoʻllash foydali boʻlgan boʻgʻinlarni aniqlash, uni tartibga solishning moliyaviy va huquqiy mexanizmlarini shakllantirishni taqozo qiladi. Lekin xususiy mulkchilikni bunday tan olish uni mutlaqlashtirish bilan umuman bogʻliq emas. Bu mulk sotib olingan ishlab chiqarish vositalari asosida mustaqil xoʻjalik yuritish yoki davlat korxonalari, kooperativ firmalar, magazin, oshxona va shu kabilarni sotib olish orqali vujudga kelishi mumkin.

Turli shakldagi mulklarning birikib ketishi natijasida aralash mulk paydo boʻladi. Bu mulk alohida olingan obʼektning turli mulkdorlar ishtirokida oʻzlashtirilishini bildiradi.

Shuningdek qarang[tahrir]

Shaxsiy mulk