Xontaxta

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xontaxta — roʻzgʻor buyumi; yerda — palos, gilamga solingan koʻrpacha ustida oʻtirib ovqatlanishda foydalaniladi. Xontaxta, asosan, toʻrtburchak, doira shaklida (baʼzan koʻp qirrali) kalta oyoqli qilib ishlanadi. Yogʻochdan (baʼzan ustki qismi yupqa plastmassa qoplab) yasaladi. Xalq ustalari (oʻymakor va naqqoshlar) 5, 6, 8 qirrali xontaxtalar yasab, ularni nafis islimiy naqshlar bn bezatib amaliy sanʼat asariga aylantirgan xillari respublika muzeylari va xususiy toʻplamlarda saqlanadi.

Tarixi. Xontaxtaning turmush tarzimizga qachon kirib kelgani haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Uning ovqatlanish jihozi sifatida Oʻrta Osiyoda urfga kirishi islom dini bilan bogʻlanadi. Ungacha yerda dasturxon yozilib ovqatlanilgan.

Xontaxta dastlab faqat xonlar uchun yasalgan maxsus taomlanish taxtasi boʻlgan. Uning nomi ham “xonning taxtasi”dan kelib chiqqan. Biz bu jihozni oʻrta asrlarga oid miniatyuralarda tasvirlangan xon saroylaridagi tadbirlarda koʻrishimiz mumkin.

Yurtimizning Qurama togʻ tizmalarida “Toshtaxta” nomli tosh bor. Mahalliy aholining aytishicha, togʻda qoʻy boquvchi choʻponlar yoxud dam olgani chiqqan mahalliy aholi xontaxtaga oʻxshash shu tosh ustida dasturxon yozib ovqatlangan. Shundan bu joy Toshtaxta nomini olgan.

Oʻtirish qoidasi. Xontaxtada ovqatlangandahar kim oʻziga qulay holatda oʻtiradi. Yoshi keksa, oyogʻi ogʻruvchi kishilar devor yoki chorpoyaga suyanib, oyoqlarini choʻzib, xontaxta ostiga tiqib oʻtiradi. Oyoqlar yigʻilib oʻtirganda ham kishiga noqulaylik tugʻdirmaydi. Erkaklar, asosan, chordona qurib, ayollar ham oyoqlarini yigʻishtirib, lekin qulay oʻtirib oladi.

Sogʻlikka foydasi. Xontaxta oyoqlar oromi uchun eng yaxshi vosita. Stol-stulga oʻtirganda oyoqlar osilib, yerga tegib turadi. Bunda qon pastga, oyoqlarga quyilib kelib, qaytib chiqishda qiynaladi. Natijada oyoqda varikoz yoxud tiqin hosil boʻlishi mumkin.

Stol-stulda oʻtirgan kishi oʻzini erkin qoʻyadi, yaʼni qorin sohasi, oshqozon-ichak ovqatni bemalol qabul qiladi. Natijada koʻp ovqat yeb, ortiqcha vazn muammosini orttirib olish mumkin. Xontaxta atrofida oʻtirganda esa oshqozon va qorin sohasi muayyan meʼyorda siqiladi va kishi oʻsha meʼyorga yarasha taom yeydi.

Xontaxta ustida yangi suzib kelingan qaynoq taomlar tez soviydi. Natijada oshqozonga issiq taom orqali yetkazilishi mumkin boʻlgan kasalliklarning oldi olinadi.

Yoshi ulugʻ kishilarning kuzatuviga koʻra, xontaxtada oʻtirilganda odam koʻp suv ichmaydi, stolda oʻtirilganda esa qancha boʻlsa ham suv “ketaveradi”. Shu bois, qadimgi bobo-buvilarimizda urologik muammolar kam uchragan.

Ilgari buvilar xontaxtaga moslab maxsus toʻshak, qoʻy yungi solib koʻrpachalar tikkan. Bu koʻrpachalarning qalinligi 10–15 sm boʻlib, oʻtirganda tanaga issiq beruvchi tabiiy isitgich vazifasini oʻtagan. Bunday koʻrpachada oʻtirganlarda jinsiy muammolar kuzatilmagan. Bu toʻshamaning paxtalik koʻrpachalardan afzallik yana bir jihati shuki, ustida qancha oʻtirilsa ham, yotilsa ham turib ketilganda u yana oʻz holiga qaytib qoladi. Yaʼni paxta kabi zichlashib, yupqalashib qolmaydi.

Xontaxtaga oid irimlar. Xalqimizda xontaxta va dasturxonga oid ayrim irimlar va axloq meʼyorlari mavjud. Boʻyi yetgan qizlar xontaxta burchagiga oʻtirsa, turmush qurishi yetti yilga choʻziladi, degan irim bor. Yana ayrim joylarda shu yoʻsinda oʻtirgan qizlar 30 yoshgacha turmushga chiqmaydi, deb ishoniladi.

Xontaxtaning ustiga oʻtirib boʻlmaydi, yomon boʻladi, deydi momolarimiz. Bu ham madaniyat va tozalik bilan bogʻliq.