World Book Encyclopedia

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dunyo kitobi ensiklopediyasi
The World Book Encyclopedia
World Book Encyclopedia logo.png
Ensiklopediyaning logotipi
Janr: ensiklopediya
Original til: ingliz
Nashriyot: World Book, Inc.
Nashr etilgan: 1917 — bugun

World Book Encyclopedia“ (talaffuzi: Uorld Boʻk Ensayklopidiya), „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ — AQSHda chop etiladigan universal ensiklopediya. Ensiklopediyani nashr qiluvchilarning soʻziga koʻra „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ „dunyodagi eng bozori chaqqon bosma ensiklopediyadir“.[1] Ensiklopediyada ilmning asosiy sohalari muntazam tartibda yoritilgan. Shunday boʻlsa ham, ilm, texnika va tibbiyot sohalari boʻyicha maqolalar ayniqsa chuqur yozilgan.[2] „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“da maqolalar soddaroq ingliz tilida yozilgan. Shunday boʻlsa ham, mavzular juda chuqur yoritilgan.[3] „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ „oilaviy“ ensiklopediya deb sotiladi va 15 yoshdan yuqori oʻquvchilarga moʻljallangan.[4]

Ensiklopediya nashriyoti Illinois shtatidagi Chikago shahrida joylashgan. Birinchi nashri 1917-yil chop etilgan va 8 jilddan iborat boʻlgan. Oʻsha paytdan beri har yili yangi nashr chiqarilib kelinmoqda. Faqat 1920-, 1924- va 1932-yillardagina yangi nashr chiqarilmagan. 1929-yilgi (13 jild), 1947-yilgi (19 jild), 1960-yilgi (20 jild) va 1988-yilgi (yangi font va sahifa dizayni, hamda 10 000 ga yaqin muharrir oʻzgartirishlari) nashrlarda katta oʻzgartirishlar kiritilgan.[5]

1917-yilgi nashrni Hanson-Roach-Fowler Company (talaffuzi: Henson-Rooʻch-Fauler Kompani) chop etgan. Ikki yil ichida Dunyo kitobi W.F. Quarrie & Company (talaffuzi: Dablyoʻ Ef Kuori end Kompani) mulkiga aylangan. 1945-yil „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ Field Enterprises (talaffuzi: Fiild Enterprayzes) qoʻliga oʻtgan. 1978-yil Berkshire Hathaway (talaffuzi: Berkshayer Hasavey) xolding kompaniyasining boʻlimi Scott Fetzer (talaffuzi: Skot Fetzer) „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ni sotib olgan.

Tarixi[tahrir]

„Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ning birinchi nashri 1917-yil chop etilgan. 1917-yilgi nashrni Hanson-Roach-Fowler Company (talaffuzi: Henson-Rooʻch-Fauler Kompani) chop etgan. Ikki yil ichida Dunyo kitobi W.F. Quarrie & Company (talaffuzi: Dablyoʻ Ef Kuori end Kompani) mulkiga aylangan. 1945-yil „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ Field Enterprises (talaffuzi: Fiild Enterprayzes) qoʻliga oʻtgan. 1978-yil Berkshire Hathaway (talaffuzi: Berkshayer Hasavey) xolding kompaniyasining boʻlimi Scott Fetzer (talaffuzi: Skot Fetzer) „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ni sotib olgan.

Horigi kunda „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ elektron koʻrinishda Microsoft Windows va Applening Mac OS Xi uchun ham chiqariladi. 1998-yili ensiklopediyaning kitob va CD-ROM nashrlaridan tashqari „Dunyo kitobi onlayn izlash markazi“ (ingl. „World Book Online Reference Center“) deb nomlanuvchi onlayn nashri ishga tushgan.

Jildlar[tahrir]

Ensiklopediyaning birinchi nashri 8 jildli boʻlgan va 1917-yil nashr qilingan. 1918-yil jildlar soni 10 ga yetgan. 1918-yil davomli tahrir qilish metodi kirgizilgan. 1925-yildan boshlab har yili yangi nashr chiqarila boshlangan. 1929-yilgi nashri 13 jildda boʻlgan. 1933-yilgi nashrida boʻlsa jildlar soni 19 ga yetgan. 1960-yilgi nashr 20 jildli qilib chop etilgan. 1971-yildan beri „Dunypo kitobi“ 22 jildda chiqarilib kelayapti.

Yillar davomida „Dunyo kitobi“ning dizayni oʻzgacha boʻlib kelmoqda. Boshqa ensiklopediyalardan farqli oʻlaroq, „Dunyo kitobi“ alifbo harflariga moslashtirilib har xil qalinlikdagi jildlarda chop etiladi. Koʻp jildlar faqat bitta harf boʻyicha mavzularni qamraydi. Juda koʻp maqolaga ega harflar („C“ va „S“) ikki jildga boʻlingan. Yonma-yon joylashgan va ozroq maqolaga ega harflar („J“—„K“, „N“—„O“, „Q“—„R“, „U“—„V“ va „W“—„Z“) bir jildda berilgan. Ensiklopediya muharrirlari muhim maqolalarni koʻpincha alohida sahifada ajratib berishgan.

Qamrovi[tahrir]

„Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ (1990)

22 jildli „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“da har qanaqa mavzu boʻyicha maʼlumot berilgan. Jugʻrofiya va biologiya boʻyicha maqolalar juda keng yoritilgan. Biznes, psixologiya, davlat, energiya, ekologiya va kriminologiya boʻyicha maqolalarga keng yondoshilgan. AQSH haqidagi maqolalar ayniqsa juda ham keng koʻlamli qilib yozilgan. Maqolalarda matn bilan birga koʻplab rasm, jadval, diagrammalar berilgan. Masalan, AQSH haqidagi maqolalarda shtat qushi va shtat daraxti kabi mavzular yoritilgan maʼlumot qutilari berilgan. AQSH prezidentlari haqidagi maqolalarda oʻsha prezident ishlagan paytda boʻlib oʻtgan muhim tarixiy voqealar boʻyicha vaqt shkalalari berilgan.

„Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ oʻzini sotuvdagi eng zamonaviy ensiklopediya deb ataydi. Maqolalarining 33 foizi har yili tahrirlanadi.[4] Ensiklopediyada vizual materiallar juda koʻp berilgan. Dizaynning uchdan birini koʻrish uchun materiallar egallaydi. Shulardan 80 foizi yuqori sifatli rangli tasvirlardir. Ensiklopediyada bir maqoladan ikkinchisiga yoʻnaltirish keng qoʻllanilgan. Kitobda 150 000 dan oshiq soʻz kiritilgan katta analitik indeks ham berilgan.[6]

Oʻquvchilar „Dunyo kitobi“dan boshqa umumiy mavzuli ensiklopediyalar kabi doklad yozishda keng foydalanishadi. Har bir maqola soʻnggida oʻsha maqola boʻyicha savollar va izlanish uchun qoʻshimcha maʼlumot manbalari keltirilgan. AQSHdagi aksar maktab kutubxonalarida „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ bor. AQSH davlati rivojlanayotgan mamlakatlardagi maktablarga ensiklopediyaning nusxalarini hadya qilgan. Masalan, Qirgʻizistondagi ber necha maktabga „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ AQSH davlati tomonidan sovgʻa qilingan.

Alternativ nashrlar[tahrir]

1959-yil koʻzi ojizlar uchun chiqarilgan „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“

1961-yil „Dunyo kitobi“ning koʻzi ojizlar uchun Braille shriftidagi nashri chiqarilgan. Bu nashr 145 jildli va 40 000 ga yaqin sahifali boʻlgan. Kompaniya bu nashrni tayyorlashda ketgan xarajatlarni qoplay olmasligini bilsa ham xayriya sifatida chiqaravergan. Bu nashrning barcha toʻplamlari koʻr odamlar tashkilotlariga hadya qilingan. 1964-yil kompaniya ensiklopediyaning katta harflar bilan yozilgan nashrini ham chop etgan.[7]

1980-yil „Dunypo kitobi“ audioyozuv qilib chiqarilgan birinchi ensiklopediya boʻldi. Bu nashr kassetalarda chiqarilgan va bu kassetalar uchun maxsus pleyer tayyorlangan.

Ensiklopediyaning Macintosh va Windows komputerlari uchun boʻlgan elektron nusxasi 1990-yil chiqqan. Ammo oʻsha paytda mavjud boʻlgan ikkinchi CD-ROM ensiklopediya boʻlmish „Akademik Amerika ensiklopediyasi“ (ingl. „Academic American Encyclopedia“) kabi muvaffaqiyatga erishmagan.

1992-yil Shimoliy Amerikadan tashqarida yashovchi ingliz tilida soʻzlashuvchilarga moʻljallangan xalqaro nashr ham chiqarilgan.

1998-yildan beri 22 tomli, 13 800 betli ensiklopediyaning kitob va CD-ROM nashrlaridan tashqari „Dunyo kitobi onlayn izlash markazi“ (ingl. „World Book Online Reference Center“) deb nomlanuvchi onlayn nashri ham ishlab kelayapti. Onlayn nashrda bosma nashrda berilgan barcha maqolalar bilan birga bir necha ming qoʻshimcha maqola berilgan. Yana onlayn versiyada „Dunyo kitobi“ 1992-yildan beri chiqarib kelgan har bir yilnoma ham berilgan.

Raqamli multimedia ensiklopediyasi[tahrir]

"Dunyo kitobi ensiklopediyasi"ning 2010-yilgi elektron nashri bosh sahifasi

„Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ elektron koʻrinishda Microsoft Windows va Applening Mac OS Xi uchun ham chiqariladi. Elektron nashrlarda 22 jildli ensiklopediyadagi barcha matn berilgan. Bundan tashqari, elektron versiyada rasmlar, videolar, uch oʻlchamli manzalaralar va ovozlar ham bor. Maqolalarda toʻliq matn, multimedia fayllar, maqola rejasi, izlanish uchun yordam va kerakli maʼlumotga ishoralatlar berilgan. Obuna boʻlganlar onlayn yangilanishlar va muntazam ravishda har oy haqida qisqacha maʼlumot olishlari mumkin.

Apple yangi komputerlarda OS X operatsion sistemasi oʻrnatilganda „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ning nusxasini qoʻshib sotgan.[8] Bu nashr Mac uchun moslashtirilgan boʻlgan. Masalan, osonroq interfeys, Bonjour programmasi orqali qogʻozchalar boʻlishish, savol-javob (ingl. „Trivia Challenge“) oʻyini, muharrirlar maʼqullagan veb kameralar toʻplami, Notepad, soʻzlashish funksiyalari, „Bugungi kun tarixda“ (ingl. „This Day in History“), „Mediya oynasi“ (ingl. „Media Showcase“) va „Tarixchi“ (ingl. „Historian“) funksiyalari boʻlgan. Hozirda bu funksiyalar ensiklopediyaning Windows uchun moʻljallangan nusxalarida ham bor. 2007-yildan beri ensiklopediyaning Windows va Mac elektronik versiyalarini Software MacKiev (talaffuzi: Softveyr Makiyev) kompaniyasi tayyorlab kelmoqda.

Boshqa bogʻliq bosma loyihalar[tahrir]

„Dunyo kitobi“ning boshqa mahsulotlari quyidagilardir:

  • „Dunyo kitobi lugʻati“ (ingl. „The World Book Dictionary“) — lugʻat; birinchi nashri 1963-yil chiqqan;
  • „Dunyo kitobi sikl oʻqituvchisi“ (ingl. „The World Book Cyclo-Teacher“) — bolalar uchun mustaqil oʻrganish qoʻllanmasi; 1960-yillarda chiqarilgan;
  • „Dunyo kitobi oʻquvchi kashfiyoti ensiklopediyasi“ (ingl. „The World Book Student Discovery Encyclopedia“) — yosh oʻquvchilar uchun ensiklopediya; 1999-yildan beri chiqadi;
  • „Childcraft“ (talaffuzi: Chayldkraft) — bolalar uchun rasmli toʻplam; 1930-yillarda chiqa boshlagan;
  • „Dunyo kitobi: jahondagi hayvonlar“ (ingl. „World Book’s Animals of the World“) — hayvonlar haqida toʻplam;
  • „Atrofimizdagi tirik tabiyat“ (ingl. „Our Living World of Nature“) — kitoblar seriyasi, 1967-yil chiqqan.

Manbalar[tahrir]

  1. About World Book (Dunyo kitobi haqida). 2013-02-03.
  2. Encyclopedias in English and Other Language (Ingliz va boshqa tillardagi ensiklopediyalar). Library Research Guides, Indiana University.
  3. Encyclopedia (Ensiklopediya) Microsoft® Student 2009 [DVD]. Redmond, WA: Microsoft Corporation, 2008.
  4. 4,0 4,1 The World Book Encyclopedia 2012 (2012-yilgi „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“).
  5. Kobasa, Paul A. (2008). Encyclopedia (Ensiklopediya). World Book Online Reference Center. 2008-01-13.
  6. Kennedy, Scott (1999). Reference Sources for Small and Medium-sized Libraries (Kichkina va oʻrtacha kutubxonalar uchun izlash resurslari), 27. 
  7. Stockwell, Foster (2001). A History of Information Storage and Retrieval (Ma’lumot saqlash va olish tarixi), 137. 
  8. MACWORLD EXPO 2002 Press Announcement (MACWORLD EXPO 2002 matbuot eʼloni). 2010-04-27.

Havolalar[tahrir]