Voqea surasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hadid    56–sura   Rahmon
Voqea surasi — سورة الواقعة
Qurʼon nusxalaridan biridagi Voqea surasi sarlavhasi. Yuqorida oʻngdan: 1. Oyati 96, 2. Markazda qizil rangda sura tartib raqami 56, qora rangda - Voqea surasi va Makkiy, qizil rangda nozil boʻlgan tartibi - 46, 3. Rukuʼsi soni - 3; Pastda oʻngdan: 1. Sura:Makkiy, 2. Tilovat tartibi:56, 3. Nozil boʻlish tartibi:46, 4. Rukuʼsi:3, 5. Oyati:96, 6. Porasi (Juzi):27 deb koʻrsatilgan.

Suraning arabcha matni
Nomining maʼnosi Voqeʼ bo‘lguvchi (Qiyomat)[1][2]
Tasnifi Makkiy sura[3]
Statistika
Sahifasi 534–537[4]
Juz 27
Sura raqami 56
Oyatlar soni 96
Sajda oyati yoʻq
Rukuʼlar soni 3[5]
Muqattaot harflari yoʻq[6]
Nozil boʻlish tartibi 46[7]

Arabcha matni ar.wikisource.orgda
tanzil.netda
Tarjimalari QuranAcademy.org
quran.uzda
Tilovat tartibi
Hadid surasi  Keyingisi 56 Oldingisi  Rahmon surasi
Nozil boʻlish tartibi
Shuaro surasi   Keyingisi 46 Oldingisi  Toha surasi
                                   

Voqea — qiyomat nomlaridan biri. Surada qiyomat qoyim boʻlganda roʻy beradigan mudhish hodisalar bayonidan boshlanib, oxiratda bandalarning oladigan mukofotlari, jannat neʼmatlari, doʻzax ahlining azob-uqubatlari tafsiloti bilan davom etadi.

Tarjimasi[8][tahrir | manbasini tahrirlash]

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Qachonki, Qiyomat voqe (qoyim) boʻlganda -

2. uning voqe boʻlishining yolgʻoni yoʻqdir -

3. (u odamlarni) ostin-ustun etuvchidir.

4. Yer larzaga kelgan,

5. togʻlar titilib (toʻzib),

6. toʻzonga aylangan (boʻlur).

7. Sizlar esa uch toifa boʻlursizlar.

8. Bas, (u uchning birinchisi) oʻng tomon egalaridir. Oʻng tomon egalari (boʻlmoq) ne (saodat)dir!

9. (Ikkinchi toifa) chap tomon egalaridir. Chap tomon egalari (boʻlmoq) ne (baxtsizlik)dir!

Izoh: Qiyomat kuni bu dunyoda qilgan yaxshi-yomon amallari yozilgan nomai aʼmollari qaysi tarafidan berilishiga qarab taqdiri maʼlum boʻladi Kitobi oʻng tomondan berilsa, bu uning baxtli ekaniga dalolat. Agar chap tomonidan yoki orqa tomonidan berilsa, uning baxtsiz ekanligiga ishoratdir.

10. (Uchinchi toifa ezgu ishlarda) oʻzib-oʻzib ketgan zotlardir.

11. Aynan oʻshalar (Allohga) yaqin zotlardir

12. noz-neʼmat bogʻlarida

13. (Oʻzib ketganlar) avvalgi (ummat)lardan koʻpchilik,

14. keyingilar (Muhammad ummatlari)dan esa ozchilikdir.

15. (Ular oltindan) yasalgan soʻrilarda,

16. yastangan hollarida bir-birlariga roʻbaroʻ boʻlib (oʻltirurlar).

17. Ustilarida esa mangu yosh bolalar aylanib yururlar

18. oqar chashmadan olinmish (mayli) qadahlar, koʻzalar va kosalar bilan.

19. U (may)lardan ularning boshlari ham og‘rimas, mast ham boʻlmaslar.

20. Yana oʻzlari tanlab oladigan meva bilan,

21. ishtahalari tortgan qush goʻshtlari bilan ham (aylanib tururlar).

22. Yana (ular uchun) koʻzlari keng va tiniq hurlar ham boʻlurki,

23. ular xuddi yopiq marvarid misolidirlar.

24. (Bu) ular (dunyoda) qilib oʻtgan amallarining mukofotidir.

25. Ular u joyda behuda va gunoh (soʻz)ni eshitmaslar,

26. faqat „Salom-salom“ soʻzinigina (eshiturlar).

27. Oʻng tomon egalari — oʻng tomon egalari (boʻlmoq) ne (saodat)dir!

28. (Ular) tikansiz butazorlarda,

29. tizilgan bananzorlarda,

30. yoyiq soya (osti)da,

31. oqizib qoʻyilgan suv (boʻyi)da,

32. koʻplab meva (uzra)ki,

33. (ular) tuganmas va man etilmasdir.

34. Shuningdek, (ular) baland toʻshalgan koʻrpachalar (usti)dadirlar.

35. Biz ularni (hurlarni) dafʼatan paydo qildik (onadan tug‘ilmadilar).

36. Soʻng ularni bokira qizlar qildik.

37. (Ular) jozibali va tengqurdirlar.

38. (Ular) oʻng tomon egalari uchundir.

39. (Oʻng tomon egalari) avvalgi (ummat)lardan ham koʻpchilik,

40. keyingilaridan (Muhammad ummatlaridan) ham koʻpchilikdir.

41. Chap tomon egalari — chap tomon egalari (boʻlmoq) ne (baxtsizlik)dir! -

42. (Ular) Samum (shamoli) va qaynoq suv ichida,

Izoh: Samum — qattiq issiq shamol, garmsel.

43. qora tutun soyasi ostidaki,

44. na sovuqdir va na yoqimli.

45. Ular bundan ilgari (dunyoda) ishratchi edilar.

46. Yana ulkan gunoh (shirk) uzra ustivor edilar.

47.Yana aytar edilar: „Bizlar oʻlib tuproq va suyaklarga aylangach, rostdan ham qayta tiriltiriluvchimizmi?!

48. Avvalgi ota-bobolarimiz hammi?!“

49. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Albatta, avvalgilar ham, keyingilar ham

50. maʼlum Kundagi belgilangan vaqtda, albatta, toʻplanuvchidirlar!

51. Soʻngra sizlar, ey, (qayta tirilishni) inkor etuvchi gumrohlar,

52. albatta, (jahannam giyohi) Zaqqum daraxtidan yeguvchi,

53. undan qorinlarni toʻldiruvchidirsizlar.

54. Soʻng uning ustiga qaynoq suvdan ichuvchi,

55. (ichganda ham) tashna tuyalar kabi ichuvchidirsizlar.

56. Mana shu jazo Kunidagi ularning „ziyofat“idir.

57. (Ey, insonlar,) sizlarni Biz yaratdik-ku! Bas, (yana qayta yarata olishimizni) tasdiq etmaysizlarmi?!

58. Sizlar (xotinlaringiz bachadoniga) toʻkadigan maniy (urugʻ)ni (oʻylab) koʻrdingizmi?

59. Uni sizlar (inson qilib) yaraturmisizlar yoki Biz yaratuvchimizmi?!

60. Sizlarning oʻrtangizdagi oʻlimni ham Biz oʻlchab qoʻygandirmiz. Bizdan oʻzib ketilmas.

61. Biz (oʻrningizga) sizlarga oʻxshaganlarni almashtirib qoʻyishga hamda sizlarni oʻzlaringiz bilmaydigan holat — suratda qayta paydo qilishga ham (ojiz emasdirmiz).

62. Sizlar ilk bor paydo boʻlishlaringiz (qanday boʻlgani)ni bildingiz-ku! Bas, eslatma olmaysizlarmi?!

63. Sizlar ekayotgan ziroatlaringiz haqida oʻylab koʻrdingizmi?!

64. Uni sizlar undirurmisizlar yoki Biz undiruvchimizmi?!

65. Agar Biz xohlasak, uni quruq choʻp qilib qoʻygan boʻlur edik, sizlar esa ajablanib qolavergan boʻlur edingiz.

66. „Bizlar ziyon koʻruvchilarmiz.

67. Balki, bizlar (rizqimizdan) mahrumdirmiz“ (deb nadomatda qolgan boʻlur edingizlar).

68. Sizlar oʻzlaringiz ichayotgan suvni (oʻylab) koʻrdingizmi?!

69. Uni bulutlardan sizlar yogʻdirdingizmi yoki Biz yogʻdiruvchimizmi?!

70. Agar Biz xohlasak, uni shoʻr va achchiq qilib qoʻygan boʻlur edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?!

71. Sizlar yogʻayotgan olovni (oʻylab) koʻrdingizmi?!

72. Uning daraxtini sizlar paydo qildingizmi yoki Biz paydo qiluvchimizmi?!

73. Biz uni (jahannam haqida) bir eslatma va yoʻlovchilar uchun foydalanadigan narsa qilib qoʻydik.

74. Bas, (Ey, Muhammad,) Ulugʻ Rabbingiz nomini (poklab) tasbeh ayting!

75. Men yulduzlarning botish joylari bilan qasamyod eturman -

76. bu (qasam) agar bilsangizlar, albatta, buyuk qasamdir -.

77. albatta, u Qurʼoni karimdir

78. yashirin Kitobdagi (Lavhul-Mahfuzdagi).

79. Uni (Qurʼonni) tahoratli kishilardan oʻzgalar ushlamaslar.

80. (U) olamlar Parvardigori (tomoni)dan nozil qilingandir.

81. Bas, (ey, kofirlar,) sizlar shu Soʻzga (Qurʼonga) beparvolik qilayapsizlarmi?!

82. Yana (Qurʼonni) yolgʻonga chiqarishingizni oʻz rizqingiz qilib olayapsizlarmi?!

83. Bas, qachonki, (kishining joni) halqumga yetganida,

84. holbuki, oʻsha vaqtda sizlar qarab turursizlar.

85. Biz esa unga sizlardan koʻra yaqinroqdirmiz, lekin sizlar (buni) koʻrmassizlar.

86. Bas, qani endi, sizlar jazolanmaydigan boʻlsangizlar,

87. va rostgoʻy boʻlsangizlaru, oʻshani (jonni) qaytara olsangizlar!

88. Bas, agar oʻsha (vafot etgan zot Allohga) yaqinlardan boʻlsa,

89. (uning uchun) rohat, rayhon (boʻyi) va neʼmatlar jannati bordir.

90. Endi, agar u oʻng tomon egalaridan boʻlsa,

91. bas, (ey, saodatli banda,) senga oʻng tomon egalaridan salom!

92. Bordi-yu, u (dinni) inkor etuvchi gumrohlardan (chap tomon egalaridan) boʻlsa,

93. bas, qaynoq suvdan iborat „ziyofat“

94. va doʻzaxning toblashi bordir.

95. Albatta, bu (zikr qilingan narsalar) ayni haqiqatning oʻzidir.

96. Bas, Ulugʻ Rabbingiz nomi bilan tasbeh ayting!(Uning go'zal ismlari ko'p)

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Qurʼoni Karim tarjimasi va sharhi. Abdulaziz Mansur
  2. Qurʼoni Karim maʼnolari tarjimasi. Alouddin Mansur
  3. Qurʼonda koʻrsatilgan tasnif.
  4. 604 sahifali Qurʼonda.
  5. Yuqoridagi sura sarlavhasining tasviridan olingan.
  6. Qurʼondan koʻrilgan.
  7. Yuqoridagi sura sarlavhasining tasviridan olingan.
  8. Abdulaziz Mansur tarjimasi
Keyingisi: Hadid surasi 56-sura — arabcha matni Oldingisi: Rahmon surasi