Urartu

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Urartu (ossuriycha atalishi; urartcha — Biaynili, Bibliyada — "Ararat podsholigi") — Gʻarbiy Osiyodagi qad. davlat. (mil. av. 9— 6-asrlar). Ravnaq topgan davrida Armaniston togʻlik rayoni (hozirgi Armanistonning butun hududi, Turkiya va Eronning bir qismi)ni qamragan. Aholisi — urartlar. Poytaxti — Tushpa sh. (hozirgi Turkiyadagi Van sh.) boʻlib, unda podsho Sarduri I davrida katta qurilish ishlari olib borilgan. Mil. av. 9-asr oxiri—8-asrning 1yarmida Urartu davlati ravnaq topgan. Menua, Argishti I va Sargon II podsholiklari davrida Urartu hududi ancha kengaygan. Bosib olingan viloyatlarda qalʼalar qurilgan (Ararat togʻining shim. yon bagʻrida Menuaxinili sh.; ErebuniYerevan atrofidagi Arin Berd tepaligi; Araksning soʻl qirgʻogʻida Argishtixinili). Urartuda qullar mehnatidan keng foydalanilgan. Mil. av. 8-asr oʻrtasida Ossuriya podshosi Tiglatpalasar III (mil. av. 745—727) Urartu koʻshinlarini bir necha marta magʻlubiyatga uchratgan va Urartu tarkibiga kiruvchi Shimoliy Mesopotamiya va Shimoliy Suriyani egallagan. Soʻngra Rusa I davrida Sargon II boshliq Ossuriya qoʻshinining yurishlari natijasida mamlakat xonavayron boʻlgan. Biroq 7-asrda U. Janubiy Zakavkazyeda hali ham oʻz mavqeini saqlab qolgan edi. Rusa II (mil. av. 685—645) bu yerda yangi qalʼalar bunyod etgan (jumladan, Teyshebaini va boshqalar). Skifkimmeriy yollanma qoʻshini yordamida Urartu podsholari Frigiya podsholigini tormor qilganlar (mil. av. 676 y.). Midiya podsholigining kuchayishi Urartuni Ossuriya bilan yaqinlashtirgan. Biroq mil. av. 6-asr boshida Urartu Midiya tomonidan tormor etilgan va uning tarkibiga qoʻshib yuborilgan.