Tuz tektonikasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tuz tektonikasi - Yer pusti choʻkindi qatlami deformatsiyalarining burmalangan tipi boʻlib, ularning asosida yoki kesimning oʻrta qismida yetarli darajadagi yirik (100 m va undan koʻp) tuz yotqiziqlari (tosh tuzi, kaliyli tuzlar) mavjud. Tuz qatlamlarini qoplab yotgan togʻ jinslari notekis (har xil qalinlikda) boʻlganligi sababli, notekis bosim ostida tuz qatlamlari egilishi, choʻzilishi va bir joydan ikkinchi joyga siljishi mumkin. Togʻ hosil boʻlish jarayonida, ular orasida tuz qatlamlari ham oʻziga xos gumbazsimon bukilmalar hosil qiladi. Katta qalinlikdagi tuz qatlamini qoplab yotgan qatlamning notekis bosim ostida siqilishi natijasida u plastik holatga oʻtadi va bosim koʻp tomondan kam tomonga surila borib, hajmi bir necha km3 ga yetadi, silindr shaklida yuqoriga qarab bir necha km ga koʻtarilib boradi. Tuz tektonikasi rivojlanishining birinchi bosqichida tuz gorizontal yoʻnalishda harakat qiladi va gumbazsimon shaklni oladi. Bu shakl "tuz yostigʻi" deyiladi. Tuz harakati davom etib, "tuz yostigʻi", uni qoplab turgan togʻ jinslarining choʻzilishi natijasida sinadi va turli yostiqchalar paydo boʻladi. Bular tuz harakatini yengillashtiradi va tuz gorizontal yoʻnalish oʻrniga shu yoriqlar orqali yuqoriga qarab harakat qiladi. Bu jarayonda togʻ jinslarini ham oʻzi bilan koʻtarib yuboradi vatuz gumbazlarini hosil qiladi. Tuzning plastik holda choʻzilib yuqoriga koʻtarilishi natijasida tuz ostidagi togʻ jinslari egilib, konsedimentatsion boʻshliqlar hosil qiladi. Tuz tektonikasining mukammal oblastlariga Kaspiy yoni botigʻi gʻamda Meksika qoʻltigʻi va sohillari botigʻi kiradi. Tuz tektonikasi namoyonlari turli davrlar: kechki tokembriy (Janubiy Avstraliya) — neogen (Tojikiston depressiyasi) yotqiziqlarida kuzatiladi. Oʻzbekiston jan. da juda katta (1500 m gacha) qalinlikdagi tuz qatlamlarining ustki relyefi soylik va tepaliklar boʻlgani uchun Tuz tektonikasi bu joylarda juda yaxshi rivojlangan. Tuz tektonikasini oʻrganish tuz ostida yashirinib yotgan gaz va neft konlarini qidirib topishda muhim ahamiyat kasb etadi.